Home / FOTO LAVHALAR / IMOM BUXORIY MЕROSI – BUTUN UMMAT MULKI

IMOM BUXORIY MЕROSI – BUTUN UMMAT MULKI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Joʻybori Kalon madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Panjob (Pokiston), Inonu (Turkiya) va Utara (Malayziya) universitetlari bilan hamkorlikda Imom Buxoriy tavalludining 1250 yilligi munosabati bilan “Imom Buxoriy – buyuk muhaddis” mavzusida xalqaro ilmiy seminar oʻtkazildi.

    

Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan anjumanda Markaz ilmiy xodimlari, hamkor muassasalar vakillari, Imom Termiziy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi olimlari, Toshkent shahridagi “Minor” jomeʼ masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov ishtirok etdi.

Tadbirda maʼruzachilar Imom Buxoriy merosini oʻrganish borasidagi xalqaro hamkorlikning bugungi holati, muhaddis olimning buyuk mufassir va mujtahid sifatida islom ilmlariga qoʻshgan hissasi, fiqhiy qarashlari, “Al-Jomiʼ as-sahih” asaridagi hadislar tahlili, asarning movarounnahrlik roviylari borasida maʼlumotlar berib, sunnatni inkor qiluvchilarning bu asarga nisbatan eʼtirozlariga raddiyalar keltirdi.

Darhaqiqat, yurtimizda hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan vatandoshimiz Imom Buxoriy siymosiga chuqur ehtirom koʻrsatilib, uning ulkan ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Muhaddislar sultonining hoki abadiy qoʻnim topgan maskan qayta qurilyapti, uning yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat koʻrsatyapti. Ushbu muassasa ilmiy xodimlari tomonidan 71 ta kitob va xalqchil risola nashrga tayyorlandi, 17 ta asar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Mahalliy va xorijiy nashrlarda 14 mingdan ziyod ilmiy maqola eʼlon qilindi.

Seminar ishtirokchilari erishilayotgan yutuqlarni eʼtirof etib, bugungi geosiyosiy jarayonlar faollashgan bir davrda nosogʻlom kuchlarning islom dinidan tor geopolitik maqsadlarni qondirish yoʻlidagi urinishlariga ham eʼtibor qaratdi. Tadbirda Imom Buxoriy, uning shoh asari “Sahihul Buxoriy”dagi hadislar haqida paydo boʻlayotgan uydirma va boʻhtonlar qattiq qoralanib, sunnatni inkor qiluvchilar eʼtiroz bildirayotgan ayrim hadislarning toʻgʻri tarjimasi va ilmiy asoslangan sharhlari bayon qilindi.

Qatnashchilar bir ovozdan muqaddas dinimizning nufuz va shaʼnini saqlash, islomning tinchlikparvarlik va insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yanada tushunarli, xalqchil tarzda koʻrsatib berish, Imom Buxoriy kabi bobokalonlarimizning oʻlmas maʼnaviy merosini yuzaga chiqarib, butun insoniyat mulkiga aylantirish, islomni qadrsizlantirishga behuda urinayotganlarning vayronkor faoliyatini maʼrifiy yoʻl bilan jilovlashning dolzarb ahamiyatini qayd etdi.

Seminarda Imom Buxoriy qoldirgan boy ilmiy va maʼnaviy merosni izchil oʻrganish va keng tatbiq etishga oid qator amaliy takliflar bildirildi. Maʼruzalarni toʻplam shaklida, bildirilgan takliflarni tavsiya tarzida chop etishga kelishib olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …