Home / MAQOLALAR / BUXORIYNING OʻZI BIR UMMAT…

BUXORIYNING OʻZI BIR UMMAT…

 Xalaf ibn Muhammad aytganlar: “Abu Amr Ahmad ibn Nasr Xaffofning: “Muhammad ibn Ismoil hadis ilmida Isʼhoq ibn Rohavayh, Ahmad ibn Hanbal va bulardan boshqalardan yigirma marta ortiqroq biluvchidir. Kimki u kishi toʻgʻrisida biror nojoʻya gap aytsa, mendan unga ming laʼnat boʻlsin. Bizga hadis aytgan Muhammad ibn Ismoil taqvodor, pokiza, olim. Bunaqasini men koʻrmaganman” – deganlarini eshitdim”.

   “Ubayd Ijl” nomi bilan tanilgan Husayn ibn Muhammaddan rivoyat qilindi: “Men Muhammad ibn Ismoildek olimni koʻrmadim. Muslim ibn Hajjoj ham bu kishining darajasida emas edilar. Abu Zurʼa va Abu Hotimni koʻrdim. Ular yonlarida oʻtirib Muhammad ibn Ismoildan dars tinglardilar. Ubayd Ijlga Muhammad ibn Yahyoning taʼrif-tavsifi aytib berilgan-da: “Buxoriyning oldida u kim boʻlibdi?! Buxoriyning oʻzi bir ummatdir. U Muhammad ibn Yahyodan ilmda shu qadar, shu darajada yuqoriki, u kishi dindor, fozil, har bir ishning ustasi edilar”, – dedilar”.

   Abu Homid Ahmad ibn Hamdun Qassor aytganlar: «Muslim ibn Hajjoj Buxoriyning huzurlariga kelib, peshonalaridan oʻpib: “Ruxsat bersangiz, oyogʻingizdan ham oʻpsam. Sizga Muhammad ibn Salom, u kishiga Maxlad ibn Yazid Harroniy, u kishiga Ibn Jurayj Muso ibn Uqbadan, u kishi Suhayldan, u kishi otalaridan, u kishi Abu Hurayradan rivoyat qilgan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning “Majlisning kafforati” toʻgʻrisidagi hadislarini aytgan ekanlar. Oʻsha hadisning nuqsoni qayerda?” – deb soʻradilar.

   Muhammad ibn Ismoil: “Bu yaxshi hadis. Dunyoda bu bobda shu sanad bilan faqat mana shuni bilaman. Boshqasi yoʻq. Biroq, bu ham nuqsonli. Bizga bu hadisni Muso ibn Ismoil, u kishiga Vuhayb, u kishiga Suhayl shayx Avn ibn Abdullohdan aytib berdilar. Bu gap avloroq. Chunki Muso ibn Uqbaning Suhayldan hadis eshitganlari zikr qilinmagan”, – dedilar. Shunda Muslim: “Sizni faqat hasadchi yomon  koʻrishi mumkin. Dunyoda sizga teng keladigani yoʻqligiga iqrorman”, – deb aytdilar».

Manba: “Mashhur daholar siyrati” (Siyaru aʼlamin nubalo) kitobidan

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …