Home / MAQOLALAR / MUSULMON DUNYOSINING SHOH ASARI

MUSULMON DUNYOSINING SHOH ASARI

Bugun buyuk hadisshunos Imom Buxoriy tavallud topgan kun. Sahih hadislar yaratgan muhaddis-olim 810 yil 19 iyul (ayrim manbalarda 20 iyul) kuni Buxoroda tavallud topgan.

Butun umrini ilm-maʼrifatga baxsh etgan va hayotini asosan ilm maqsadidagi safarlarda oʻtkazgan. Uning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” insoniyat tomonidan yaratilgan kitoblar orasida birinchi, Allohning Kalomidan keyin ikkinchi islomiy manba sifatida eʼtirof etilgan.

Alloma oʻz manoqiblarida barcha asarlarini safarlarda yozganini, bir manzilda boshlab ikkinchisida tugatganini taʼkidlagan. Har birini bir necha marta yozib, qayta-qayta tahrir qilib, oʻsha davr allomalari koʻrigidan oʻtkazib, keyin taqdim etganini ham maʼlum qilgan.

Tarixdan maʼlumki, nodir asarlar tasnif etilishiga koʻpincha muayyan omillar sabab boʻlgan. Imom Buxoriyni ham “Sahih”ga ajib ibratli voqea ilhomlantirgan. Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy yozadi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan eshitdim, u: “Isʼhoq ibn Rohavayh huzurida edik. Shayximiz: “Birontangiz Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlarini muxtasar holda kitob qilsangiz”, dedi. Bu taklif mening qalbimdan joy oldi va “Jomiʼ” kitobimni yoza boshladim”, dedi” .

Ibn Hajar Asqaloniy “Hadyus Soriy” asarida Imom Buxoriydan ishonchli sanad bilan Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris tomonidan aytilgan bunday rivoyatni keltiradi: “Tushimda Rasululloh (s.a.v.)ni koʻrdim, u kishi goʻyoki uyquda edilar. Men oldilarida turibman, qoʻlimda yelpigʻich, u bilan Rasululloh (s.a.v.)ning muborak yuzlaridan pashshalarni haydayapman. Munajjimlardan bu tushning taʼbirini soʻradim. Ular: “Siz Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatida paydo boʻlgan yolgʻonlarni ketkazasiz”, dedi. Bu menga “Al-Jomiʼ as-sahih”ni tasnif etishimga sabab boʻldi”, dedi .

Demak, Imom Buxoriyning oʻzi aytgan bu ikki sabab marvlik buyuk muhaddis, musnid imom, hofiz Isʼhoq ibn Rohavayhning taklifi va Alloh taoloning ilohiy ragʻbati boʻlmish tushdir. Mana shu ikki omil buyuk asar tasnif etilishi va u Qurʼoni karimdan keyingi maqomda turishiga ishora boʻlgan. Shundan soʻng Imom Buxoriy shoh asarini boshlab 16 yilda yozib bitiradi. Yaʼni, 23 yoshida toʻplashga kirishib, 39 yoshida yakuniga yetkazadi. Bu ulugʻ ish Alloh taoloning buyuk marhamati bilan yer yuzida faqat Imom Buxoriyga nasib etgan.

Abu Isʼhoq Zanjoniy bunday deydi: “Abdurrahmon ibn Rasoyin Buxoriydan eshitdim, u Imom Buxoriydan bunday eshitganini aytib berdi: ““Sahih” kitobimni oʻn olti yilda yozdim. Kitobdagi rivoyatlarni olti yuz ming hadis orasidan saralab oldim va uni Alloh taolo bilan oʻzim oʻrtamizda hujjat qildim”. Buyuk muhaddisning soʻzlari oʻz tasdigʻini topdi: bu bashoratga butun islom ulamolari ittifoq boʻldi. Hadis borasida koʻplab asarlar tasnif etilgan boʻlsa-da, dunyo “Sahihul Buxoriy”ning mislini boshqa koʻrmadi.

Amr ibn Ali Fallosning mana bu soʻzlaridan Imom Buxoriy hadis ilmida bejiz oliy maqomni egallamaganining tasdigʻini koʻrish mumkin: “Muhammad ibn Ismoil bilmagan hadis hadis emasdir”. Bu hayotiy haqiqat butun dunyo muhaddisu ulamolari tomonidan eʼtirof etilgan.

Islom tarixida buyuk maqom kashf etgan muhaddisning shoh asari asrlar osha oʻrganilib kelmoqda. Haqli ravishda islom taʼlimotida undan Qurʼoni karimdan keyingi manba sifatida foydalaniladi. Bu Imom Buxoriyning ilm yoʻlida chekkan tinimsiz mashaqqatlari, qirq yil mobaynida sahro-yu biyobon, shaharu qishloqlarni kezib, qiyinchiliklarga sabr qilgani, tunu kun davom etgan ilmiy mehnati va chekkan ijodiy iztiroblari, sof eʼtiqodi, benazir taqvosi va xolis amallarining buyuk samarasidir. Alloma bu asarni yozib, islom ilmi xazinasini mislsiz darajada boyitdi va oʻz nomini tarixning oltin sahifasiga muhrladi. Buyuklik maqomi ilm-maʼrifat va xolis xizmat bilan qoʻlga kiritilishini oʻzining ibratli hayoti bilan koʻrsatib berdi.

Shukurillo UMAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Manba: zarnews.uz

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …