Home / MAQOLALAR / FARZAND TARBIYASIDA AHAMIYATLI JIHATLAR

FARZAND TARBIYASIDA AHAMIYATLI JIHATLAR

 “Izimizdan tarbiyali farzand qoldiraylikki, ortimizdan faqat savob yetib borsin, yomonlik bormasin”, degan ajdodlarimizning oʻgitlari bejiz emas. Islomda tarbiya vojibdir. Tarbiya esa faqat taʼsir, tartib, taftish emas, balki ilohiy amaldir. Shuningdek, tarbiya farzandni doim nazoratga olish, kuzatib borish ham deganidir.  Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Hamd olamlarning Robbi – Allohgadir” (“Fotiha” surasi 1- oyat). Bu oyatda Alloh Rob ismini keltirgan. “Robbil aʼlamiyn” – butun olamlarning murabbiysi degani. Agar Alloh murabbiyligi, yaʼni nazorati, kuzatuvini lahza toʻxtatsa, olamlar izdan chiqib ketadi.

Farzand bir boʻsh holatda turgan idish kabidir, bu boʻshliqni oʻz vaqtida goʻzal tarbiya, ilm-marifat bilan toʻldirib bormas ekanmiz, idish bizga qarab turmay, kelajakda oʻzining salbiy natijasini beradigan maʼlumotlar bilan toʻlib qoladi. Oqibat ota-onaga jabr keltiradigan, jamiyatga nomunosib farzandga aylanadi.

Ota-ona farzandiga bir lahza eʼtiborsiz boʻlsa, farzandlar tarbiyasi buzilishiga olib keladi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlarki, har bir tugʻiladigan bola fitratda tugʻiladi, yaʼni har bir chaqaloq pokiza boʻladi, u oq qogʻoz kabidir. Bu hadisni muhaddislarimiz “Taqdir” bobida keltirganlari tarbiyaning taqdirga bogʻliqligini bildiradi. Tarbiyaga kech qolinmasa boʻldi. 

Nasl-nasab yetti avlodgacha taʼsir qiladi. Tarbiya bolaning otasi, onasini tanlashdan boshlanadi, chunki Rasuli akram alayhissalom aytganlar: “Munosib kelin yoki kuyov tanlanglarki, irq oʻtuvchidir”. Yaʼni ota-onaning feʼli bolaga oʻtadi, shuning uchun bola yaxshi tarbiyali boʻlishi uchun otasi tarbiyali boʻlishi kerak. Onasi nasl-nasabli, pokiza, din-diyonatli boʻlsa, otasi ham shunday boʻlsa, albatta, bola nasl-nasabiga tortadi. 

Domla Rahmatulloh Sayfuddinov “Orzu-havas chiroyli tarbiya bilan boʻladi” nomli maruzalarida: “Oila qurishda nasl-nasab surishtiriladi, chunki farzand tarbiyasida nasl-nasab asosiy oʻrin tutadi. Munosib kelin va kuyov tanlanganidan keyin, ular farzandli boʻlib, ota bolaga halol luqma yedirsa, u hech qachon noqobil boʻlmaydi. Bu aniq shart. Shunga binoan, oz boʻlsada, qanoat qilib, homilador boʻlgan onaga haloldan yedirsinlar. Homilador ona istagan narsasini ota olib kelishga harakat qiladi. Farzand tugʻilganda shariat tayin qilgan masofalarda haqlar bor. Farzand tugʻilishi bilan ota-ona zimmasiga vojib haqlar paydo boʻladi. Bolaga yaxshi ism berib, qulogʻiga azon aytishi kerak, sochini olib, yetti yoki oʻn toʻrtinchi kuni aqiqa qilinsin, deyiladi. Aqli kirganda taʼlim berish, voyaga yetganda uyli-joyli qilish – bular maʼlum masofadagi haqlardir”, degan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, hozirgi paytda global muammo boʻlib turgan yot oqimlar, axborot xurujlari taʼsiriga tushib  qolish sabablarining aksariyati tarbiyaga borib taqaladi. Ulgʻayib kelayotgan avlod ota-onasiga munosib, yurtiga fidokor, diniy va dunyoviy ilmga ega boʻlsa, bunday farzand adashmaydi. 

 Mol-dunyo qoldirma, bitirar bir kun,
 Ilm-maʼrifatdir tuganmas boylik.
Abdulbosit MAMADALIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …