Home / ALLOMALAR / BIZ BILMAGAN FAQIH ALLOMA

BIZ BILMAGAN FAQIH ALLOMA

XI-XII asrlarda Qoraxoniylar davrida Farjak, Tamgʻachxon, Abu Hafs Kabir Buxoriy madrasalaridagi ilmiy muhit Movarounnahrni ilm-fan rivojlangan markazga aylantirishda muhim oʻrin tutgan. Bu hududlarda samarqandiy, vazoriy, kushmihoniy, buxoriy, ishtixoniy, keshiy, maymurgʻiy kabi turli nisbalarga ega boʻlgan olimlar yashagan.

Shunday ulamolardan biri faqih Zahiriddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Umardir. Dastlabki taʼlimni otasi va oʻsha davrning ulamolaridan olgan. Alloma fiqh ilmi boʻyicha yetuk olimlardan biri boʻlgan. Buxoroda muhtasib va qozilik lavozimida ishlagan. 1222 yili Buxoroda vafot etgan. Undan faqih Majididdin Ustrushoniy kabi yetuk olimlar saboq olgan.

Zahiriddin Buxoriy “Favoiduz Zahiriya” asari Sadr Shahid Hisomiddin Umar ibn Abdulazizning “Jomiʼ sagʻir” toʻplamiga  yozilgan sharh boʻlib, unda fiqhiy masalalar yoritib berilgan. Alloma uni oʻquvchiga osonlashtirish uchun har bir masalani bafurja bahs-munozara, aqliy va naqliy dalillar bilan keng muhokama qilgan.

 Shuningdek, allomaning “Fatovouz Zahiriya” asari ham fiqhga bagʻishlangan boʻlib, unda koʻplab ijtimoiy masalalarga oid fatvolar jamlangan. Badriddin Ayniy undagi jamiyat uchun koʻp qoʻllanadigan fatvolarni saralab olib, “Al-Masoilul Badriyatul muntaxaba minal fatovoz Zahiriya” asarini yaratgan. Bugungi kunda bu ikki asarning bir nechta nusxasi Sulaymoniya kutubxonasidagi (Turkiya) Hakimoʻgʻli, Domod Ibrohim Posho, Mahmud Posho, Fotih fondlarida saqlanmoqda.

Iroda DAURBЕKOVA, Dildora HALIMOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …