Home / HADIS / QIZ FARZAND DOʻZAXDAN PARDADIR

QIZ FARZAND DOʻZAXDAN PARDADIR

Bir hadis sharhi

Islom kelishi bilan johiliyat davridagi qabih odatlar tag-tomiri bilan yoʻq qilindi. Jumladan, dinimizda qiz bolalarga yaxshi munosabatda boʻlish buyurildi. Ularni tiriklayin koʻmish taqiqlandi. Islom odamlar qalbiga mehr-shafqat va rahmdillik urugʻini sepdi. Bolalarga, ayniqsa, qizlarga gʻamxoʻrlik va chiroyli tarbiya berganlarga Qiyomatda ulkan yaxshiliklar vaʼda qilindi.   

حَدَّثَنَا أَبُو الْيَمَانِ، أَخْبَرَنَا شُعَيْبٌ، عَنِ الزُّهْرِيِّ، قَالَ حَدَّثَنِي عَبْدُ اللَّهِ بْنُ أَبِي بَكْرٍ، أَنَّ عُرْوَةَ بْنَ الزُّبَيْرِ، أَخْبَرَهُ أَنَّ عَائِشَةَ زَوْجَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم حَدَّثَتْهُ قَالَتْ جَاءَتْنِي امْرَأَةٌ مَعَهَا ابْنَتَانِ تَسْأَلُنِي، فَلَمْ تَجِدْ عِنْدِي غَيْرَ تَمْرَةٍ وَاحِدَةٍ، فَأَعْطَيْتُهَا، فَقَسَمَتْهَا بَيْنَ ابْنَتَيْهَا، ثُمَّ قَامَتْ فَخَرَجَتْ، فَدَخَلَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم فَحَدَّثْتُهُ فَقَالَ ‏ “‏ مَنْ يَلِي مِنْ هَذِهِ الْبَنَاتِ شَيْئًا فَأَحْسَنَ إِلَيْهِنَّ كُنَّ لَهُ سِتْرًا مِنَ النَّارِ ‏”‏‏.‏

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha roziyallohu anho bunday soʻzlab berdi:

“Bir ayol ikki qizi bilan oldimga narsa soʻrab keldi. Bisotimda bir dona xurmodan boshqa narsa yoʻq edi. Oʻshani uzatdim, u ikki qiziga boʻlib berdi. Soʻng turib, chiqib ketdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirgan edilar, voqeani u zotga aytib berdim. Shunda u kishi: “Kim mana shu qizlardan birortasini qaramogʻiga olsa va ularga yaxshilik qilsa, ular unga doʻzaxdan parda boʻladi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Bu hadisi sharifda moʻminlar onasi Oisha roziyallohu anho uyida boʻlgan bir voqeani soʻzlab bermoqda. Bir ayol nochorlikdan ikki qizi bilan biror narsa umid qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylariga kelgan. Oisha onamiz uyida bir dona xurmodan boshqa narsa topolmay, shuni bergan. Bundan oʻsha vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va oilalarining qanchalar oddiy va kamtarona hayot kechirganlariga guvoh boʻlamiz. U zotning uylarida bir dona xurmodan boshqa narsa topilmagan ekan. Chunki kelgan barcha mol-mulkni tarqatib yuborar edilar. Baʼzida yegani taomlari ham boʻlmay, och qolganlar.

Haligi ayol xurmoni oʻzi yemay, qizlariga boʻlib berib, chiqib ketgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kelganlarida, Oisha roziyallohu anho voqeani soʻzlab bergan. Shunda u zot kimga Alloh qiz farzand ato etgan boʻlsa, uning taʼminotini zimmasiga olib, haq-huquqlarini qoim va odobini chiroyli qilsa, doʻzaxdan toʻsiq boʻlishini maʼlum qilganlar. Chunki u odam qiz(lar)ni yaxshiligi va tarbiyasi bilan dunyoda himoya qilgan. Shunga muvofiq, mukofot oʻlaroq, Alloh uni himoya qiladi.

Muslimning rivoyatida مَنِ ابْتُلِيَ مِنَ الْبَنَاتِ بِشَىْءٍ “Kim ushbu qizlardan biror narsa bilan sinalsa” tarzida kelgan. Bunda yomonlik bilan sinalish nazarda tutilmagan, “balki taqdirida qiz farzand koʻrish boʻlsa”, degan maʼno bor. Sinov yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham boʻladi. Alloh taolo bunday degan:

﴿وَنَبْلُوكُمْ بِالشَّرِّ وَالْخَيْرِ فِتْنَةً﴾

 “Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz” (Anbiyo surasi, 35-oyat).

Ushbu hadisi sharifdan quyidagi xulosalarga kelamiz. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam va oilalari oʻta kamtar va faqirona hayot kechirganlar. Oʻsha paytda nochor-miskin sahobalar koʻp boʻlgan. Sadaqaning oʻzi muhim, uning oz va koʻpligi katta ahamiyatga ega emas. Shuning uchun berilgan sadaqa oz miqdorda boʻlsa, hech kim uni oʻziga nisbatan haqorat deb hisoblamagan.

Ushbu hadis bizga sadaqa berishda Oisha roziyallohu anhodan oʻrnak olish kerakligini koʻrsatadi. Shu bilan birga ota-onalar qizlarga oʻta mehribon boʻlishi zarurligini namoyon qiladi. Zero, qiz farzandga yaxshilik qilish alohida ajrga sazovor ekan – ularga qilingan nafaqa va xayru saxovat insonni doʻzaxdan saqlaydigan eng yaxshi amallardandir.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON HALOVATI (bir hadis sharhi)

عَنْ عن أَنَس رَضي الله عَنْه، عَنِ النَّبِي صَلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: ثلاثٌ مَنْ …