Home / YANGILIKLAR / Muqaddas Qurʼoni Karimning oʻzbek tilidagi tarjimasi Malayziyada chop etiladi

Muqaddas Qurʼoni Karimning oʻzbek tilidagi tarjimasi Malayziyada chop etiladi

Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziyada joylashgan dunyoning ikkinchi eng yirik Qurʼoni Karim bosmaxonasi – “Nasyrul Quran” maʼrifiy majmuasiga tashrif buyurdi.

“Nasyrul Quran” maʼrifiy majmuasi 2017 yilda taʼsis etilgan boʻlib, Qurʼoni Karimni nashr etish boʻyicha Madinadagi Qirol Fahd nomidagi majmuadan keyingi dunyodagi ikkinchi eng yirik bosmaxona hisoblanadi. Majmuada Qurʼon xattotligi galereyasi, bosmaxona faoliyatini kuzatish nuqtasi va anjuman xonalari faoliyat koʻrsatadi. Muassasa nashriyot ishidan tashqari, islom xattotlik sanʼati va meʼmorchiligini oʻrganish hamda targʻib qilish, Qurʼon qoʻlyozmalarining yangi dizaynini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

Tashrif davomida majmua direktori Abdullatif Mirasa bilan uchrashuv oʻtkazildi. Malayziya tomoniga respublikada turli jabhalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, diniy-maʼrifiy sohada va ziyorat turizmini rivojlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Abdullatif Mirasa Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va betakror madaniy merosi va  buyuk allomalarining islom sivilizatsiya rivojiga qoʻshgan gʻoyat katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissasini alohida taʼkidladi. Shu oʻrinda, islom sivilizatsiyasi boy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish boʻyicha respublikada amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi.

Suhbatdosh xattotlik Oʻzbekistonda fan darajasiga koʻtarilgan bebaho sanʼatligini inobatga olgan holda, ushbu yoʻnalishda tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi tomonidan taqdim etilgan Qurʼoni Karimning oʻzbek tilidagi tarjimasi va 6 jildlik “Tafsiri irfon” (Qurʼoni Karim maʼnolarining oʻzbekcha tarjimasi va tafsiri) Malayziya tomoniga begʻaraz taqdim qilindi.

Muloqot yakunida Malayziya tomoni va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi hamkorligida Qurʼonning oʻzbek tilidagi tarjimasini Malayziyada nashr qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, xattotlik sanʼati boʻyicha ilgʻor tajriba almashish maqsadida Malayziya vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil qilish, tashkilot rahbari boshchiligidagi delegatsiyaning navbatdagi “Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi”da ishtirok etish rejalari belgilandi.

Bundan tashqari, hamkorlikda islom xattotligi boʻyicha koʻrgazma tashkil etish, qoʻshma seminar va treninglar, Oʻzbekistonning ziyorat turizmini targʻib qilish boʻyicha boshqa maʼrifiy dasturlarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishib  olindi.

Uchrashuvdan soʻng “Nasyrul Quran” maʼrifiy majmuasi direktori Abdullatif Mirasa  “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida Oʻzbekistonning koʻp asrlik tarixi va betakror madaniy merosini  eʼtirof etdi.

– Bugun maʼrifiy majmuamiz faoliyati bilan tanishgan holda, Oʻzbekiston muassasalari bilan hamkorlik rejalarimizni kelishib oldik, – dedi u. – Islom sivilizatsiyasi boy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish boʻyicha respublikada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholaymiz. Oʻzbekistonning koʻp asrlik tarixi va betakror madaniy merosiga hurmatimiz cheksiz. Oʻzbekiston zaminida yashagan tarixiy shaxslar islom sivilizatsiyasi rivojiga gʻoyat katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissa qoʻshgan. Xususan, Imom Buxoriyning hadis ilmi taraqqiyotidagi muhim oʻrni Malayziyada yaxshi tanilgan. Bilamizki, xattotlik Oʻzbekistonda fan darajasiga koʻtarilgan bebaho sanʼat hisoblanadi. Shuning uchun ham ushbu yoʻnalishda, tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishga katta qiziqishimiz bor. Undan tashqari dunyoning ikkinchi eng yirik Qurʼoni Karim bosmaxonasida Qurʼonning oʻzbek tilidagi tarjimasi chop etilishi boʻyicha kelishuvga erishdik.

Umuman olganda, bizning hamkorligimiz Islom dinining tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, madaniyat va sanʼat sohasidagi loyihalarni jadallashtirishga hissa qoʻshishiga ishonchim komil.

Check Also

«TURK ABRUSI TARIXI»

22-may, 2024-yil soat 10:00 da Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi …