Home / FOTO LAVHALAR / MOVAROUNNAHR ALLOMALARI ILMI – UYGʻONISH DAVRI POYDЕVORI

MOVAROUNNAHR ALLOMALARI ILMI – UYGʻONISH DAVRI POYDЕVORI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukurillo Umarov va Suxrob Ergashev ayni kunlarda Panjikent shahridagi Tojikiston pedagogika instituti tashabbusi bilan “Zamonaviy davrda filologiya, ijtimoiy-gumanitar va tabiiy fanlarning dolzarb masalalari” mavzusida oʻtkazilayotgan “V Artuch oʻqishlari” ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Tojikistonning Artuch qishlogʻida joylashgan togʻ lagerida koʻplab davlatlar olimlari ishtirokida tashkil qilingan anjumanning yalpi majlisida Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov “Markaziy Osiyo olimlarining ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi” mavzusida maʼruza qildi. Olim mintaqada islomiy bilimlar bilan birga ilm-fanning barcha sohalarida jahonga mashhur allomalar yetishib chiqqanini taʼkidlab, muhaddislar, aqida maktabi ulamolari, mufassirlar, faqihlar, tasavvuf ilmining yetuk namoyandalari qatorida tabiiy fanlar rivojida beqiyos xizmati singgan Abu Nasr Farobiy, Muso Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi siymolar qoldirgan ilmiy merosga alohida urgʻu qaratdi. Ular erishgan ilmiy yutuqlar keyinchalik Gʻarb tamadduni rivojiga turtki boʻlib, Uygʻonish davrini boshlab berdi.

Konferensiya dasturiga muvofiq Markaz nashrlarining taqdimoti ham oʻtkazildi. Unda ishtirokchilarga xodimlarning ilmiy faoliyati samarasi boʻlgan bir nechta kitoblar haqida maʼlumotlar berildi.

Anjuman kunlari davomida qatnashchilarning qadim Panjikent, Sarazm aholi punkti va Sanjarshoh shaharchasiga hamda zamonaviy tojik adabiyotining yetuk namoyandasi Loyiq Sherali uy-muzeyiga sayohat, shuningdek, Abu Abdulloh Rudakiy maqbarasiga ziyorat tashkil etildi.

Xalqaro konferensiya ikki kun davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …