Home / FOTO LAVHALAR / XALQARO DASTURNING YANA BIR GʻOLIBI MARKAZGA KЕLDI

XALQARO DASTURNING YANA BIR GʻOLIBI MARKAZGA KЕLDI

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning navbatdagi sovrindori – Pokistondagi Panjob universitetining Shayx Zayd islom markazi dotsenti dr. Mubashshir Husayn Markazda ilmiy amaliyot boshladi.

Lahorlik tadqiqotchi Panjob universitetida islomshunoslik va islom huquqi yoʻnalishlarida bakalavr, magistr va falsafa doktori darajalariga ega boʻlgan. Qator ilmiy mukofotlar sohibi boʻlgan olimning 100 dan ortiq maqola va 40 ga yaqin kitobi nashr etilgan. Universitetning hadis va sirot kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Olimning ilmiy ishlari hadis ilmi metodologiyasi va hadislar talqiniga oid boʻlib, bu boradagi soʻnggi izlanishlari natijasi Islomobod xalqaro islom universiteti tomonidan nashr etilgan “Huquqiy anʼanalar va Iroq huquqshunoslari” nomli kitobida oʻz aksini topgan.

Dr. Mubashshir Husayn Markazda Imom Buxoriyning mujtahid sifatida islom huquqining Janubiy Osiyodagi talqiniga boʻlgan taʼsirini oʻrganadi.

Stipendiatni Markaz direktori Shovosil Ziyodov qabul qildi. Muloqot chogʻida xalqaro dasturning tadqiqotchilar uchun yaratayotgan imkoniyatlari eʼtirof etilib, ilmiy izlanishlar muvaffaqiyatini taʼminlashdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.

Dastur sovrindori Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tadqiqotchining Markazdagi amaliyoti bir oy davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …