Home / YANGILIKLAR / HAMJIHATLIK, BAGʻRIKЕNGLIK VA SHUKRONALIK AYYOMI

HAMJIHATLIK, BAGʻRIKЕNGLIK VA SHUKRONALIK AYYOMI

Bismillahir Rohmanir Pohim.

Butun islom olami, xususan, yurtimizga hamjihatlik, bagʻrikenglik, xayr-saxovat, shukronalik va quvonch ayyomi — Qurbon hayiti kirib kelmoqda. Haq taolo islom dini ila bandalarini siylab, mukarram etar ekan, ular uchun eng ulugʻ boʻlgan kunlarni bayram qilib berdi. Moʻtabar manbalarda ushbu saodatli onlarda xursandchilik qilish haqida koʻp tavsiyalar kelgan. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kunini bayram qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun xos bayram qilib berdi”, dedilar.

Prezidentimizning 2023 yil 19 iyundagi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ushbu shukuhli bayramni koʻtarinki ruhda nishonlash uchun qator chora-tadbirlar koʻrildi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan Qurbon hayitini xalqimizning milliy anʼana va qadriyatlariga mos ravishda, tinch-osoyishta oʻtkazish uchun koʻplab ishlar qilindi. Bayram kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar, tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

Hijriy zulhijja oyining 10-kunida Qurbon hayiti nishonlanadi. Alloh taolo “Fajr” surasida: “Tongga qasam. Oʻn kechaga qasam. Juft va toqqa qasam”, deb marhamat qilgan. “Oʻn kechaga qasam”dan murod zulhijja oyining dastlabki 10 kunidir, “juftga qasam”dagi “juft”dan murod zulhijja oyining oʻninchi kuni, “toq”dan murod esa toʻqqizinchi kunidir.

Imom Nisoburiy aytadiki, Alloh taoloning ushbu oʻn kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechogʻli sharafli va ulugʻ ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy hamda uxroviy manfaatlar borligini bildiradi.

Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun ibodat qilishga zulhijjaning oʻn kunidan sevimliroq kunlar yoʻq. Uning har yillik roʻzaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga tengdir”, deganlar.

Boshqa bir hadisi sharifda: “Bu kunlarda tahlil, takbir va hamdu sanoni koʻpaytiringlar”, deb marhamat qilingan. Demak, Allohning zikrini qilib, koʻp hamdlar aytishimiz kerak.

Yurtimizda Qurbon hayiti munosabati bilan ish haftasining turidan qatʼi nazar, barcha xodimlar uchun 2023 yilning 29-30 iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1 iyul kuni qoʻshimcha dam olish kuni sifatida belgilangani yurtdoshlarimiz quvonchiga quvonch qoʻshdi. Ketma-ket keladigan dam olish kunlarida hordiq chiqarish bilan birga, ulugʻ ayyomning mohiyatiga mos ravishda ota-onalar, yaqinlar, uzoqdagi qarindoshlar holidan xabar olish, tabarruk maskanlarni ziyorat qilishga imkoniyat tugʻildi. Bu nafaqat jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlaydi, balki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.

Allohga shukrki, keyingi yillarda barcha soha qatori diniy jabhada ham ulkan yangilanishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritishi, Fatvo markazi tashkil qilinishi, masjid-madrasalar ochilishi, Qurʼon kurslari taʼsis etilishi, qadamjolar obod boʻlishi hamda haj-umra qiluvchilar soni oshirilishi islohotlarning yaqqol natijasidir.

Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom dini mohiyatini toʻgʻri tushuntirish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, diniy taʼlim sifatini yanada oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Alloh nasib etsa, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ham magistratura va doktorantura yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Yurtimizda yetuk ulamolar ishtirokida har ikki yilda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkaziladi.

Dunyodagi nufuzli islomiy tashkilotlar aʼzosi boʻlayotgan ulamolar safi ham kengayib bormoqda. Bu ham boʻlsa, diniy-maʼrifiy sohada olib borilgan islohotlarning xalqaro eʼtirofi, xalqimizning islom dini rivojiga qoʻshayotgan hissasiga berilgan yuksak bahodir.

Quvonch bilan aytish kerakki, ayni kunlarda yurtimiz tarixida ilk marta 15 ming nafar hojimiz Makkai mukarrama, Arafot va Mino kabi muqaddas joylarda jonajon xalqimiz haqqiga xayrli duolar qilmoqda. Mana shunday duolar sharofati bilan yurtimiz yanada ravnaq topaveradi.

Hayit bayramlari qadimdan oʻlkamizda xalqimizga xos mehr-muruvvat va saxovat ifodasi boʻlib kelgan. Bu haqda Alloh taolo kalomida shunday bayon qiladi: “…kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulugʻ deb bilsa, bas, albatta, bu dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).

Shuningdek, bu muborak kunlar dinimizning ulugʻ shiorlaridan hisoblanadi. Ulugʻ allomalarimiz: “Xayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan koʻra koʻproq namoyon qilishimiz lozim.

Ushbu ayyom kunlari qilinadigan afzal amallar haqida gap ketganda, bu kunlarda eng ulugʻ ibodat, shubhasiz, qurbonlik qilishdir. Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular Sirot koʻprigida sizlarga ulov boʻladi”, deb marhamat qiladilar.

Qurbonlik ibodat boʻlishi bilan birga, uning ijtimoiy ahamiyati ham beqiyos. Unda qilinadigan qurbonliklar jamiyatda kishilar oʻrtasida insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi vosita. Chunki qurbonlik goʻshtidan va taomidan ehson qilish qalblarni yumshatib, mehr-muhabbat rishtalarini yuksaltiradi.

Ertaga tongda moʻmin-musulmonlarimiz diyorimizdagi jome masjidlarda hayit namozini ado etadi. Shundan soʻng ota-ona, ahli oila, yoru doʻstlar va bemorlarni ziyorat qilib, koʻngillarini koʻtaradi. Farzandu arjumandlar va mehrga tashna kishilarga hadyalar berib, shodlik ulashadi.

Allohning rahmati yogʻilib turgan ushbu fazilatli kunlarda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Ona Vatanimiz tinch-osoyishta, xonadonlarimiz fayzu barakali va farzandlarimiz baxtu saodatli boʻlsin. Haq taolo keksalarimizga uzoq umr, yoshlarimizga ilmu maʼrifat va bemorlarimizga shifoi komil bersin.

Qurbon hayitingiz muborak boʻlsin!

Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2023 yil 27 iyun, 131(8474)

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …