Home / MAQOLALAR / AQLNING VAZIFASI

AQLNING VAZIFASI

Aqlning vazifasini bilish zarur. Chunki Alloh taolo insonda aqlni behudaga yaratmagan. Alloh taolo: “Batahqiq, quloq, koʻz va qalbning har biri soʻraluvchi narsaga aylandi”[1], degan. Inson ushbu uch narsani nima maqsadda ishlatgani haqida soʻraladi. Yana Alloh taolo: “Ular uchun qalblar bor-u, anglamaydilar. Ular uchun koʻzlar bor-u, koʻrmaydilar. Ular uchun quloqlar bor-u, eshitmaydilar”[2]degan. Bu oyatda kofir kimsada qalb boʻlsa-da, qalbi bilan haqni anglamasligi, koʻzlar boʻlsa-da, toʻgʻri yoʻlni koʻrmasligi, quloqlar boʻlsa-da, vaʼz-nasihatni eshitmasligi haqida soʻz bormoqda.

Oqil insonga eng avval oʻz Yaratuvchisini tanish farz boʻladi. Chunki maʼrifatlarning eng oliysi Yaratuvchini tanish va Uning haqqini ado etishdir. Inson mavjudotlar orasida aql hamda gapirish, tushunish, eshitish, koʻrish kabi ulugʻ xususiyatlar bilan xoslangan. Inson Alloh yaratgan ushbu xususiyatlar bilan oʻzining behudaga yaratilmaganini anglaydi. Avval oʻzining mavjudligini va yoʻqdan bor boʻlganini bilsa, soʻng borligi oʻziga bogʻliq emasligini tushunib yetadi. Yana ota-onasi uni mavjud qilmaganini ham anglaydi. Chunki koʻpincha ota-ona farzand boʻlishini xohlaydi, lekin boʻlmaydi, boʻlmasligini xohlaydi, lekin boʻladi. Yana oʻz-oʻzicha paydo boʻlib qolmaganini ham anglab yetadi. Chunki olamda quruvchisiz bino, yozuvchisiz yozuv va yaratuvchisiz yaratilgan narsa yoʻq. Inson ham olamning bir boʻlagi boʻlgani uchun olamga tegishli ishlar unga ham tegishlidir. Mana shularni anglab yetgan kishi dunyoga kelishi oʻziga bogʻliq emasligi, uni oʻxshashi yoʻq Zot yaratgani va U Alloh taolo ekanini biladi. Yana U Zot uning egasi ekanini va u oʻz egasiga tegishli ekanini tushunib, Uning haqqini ado etishda qoim boʻladi. Xoliqining uning ustidagi birinchi haqqi, Unga shukr qilmoqdir. Chunki U Zot uni yoʻqdan bor qildi. Yoʻqdan bor qilish esa eng oliy neʼmatlardan hisoblanadi.

 Shukr neʼmatni eʼtirof etib, uni oshkor qilish va uning haqqini ado etishda davom etishdir. Oʻzganing yaxshiligini bilish ham shukrdir. “Ayn” kitobining muallifi: “Shukr yaxshilikni bilishdir”, degani ham yuqoridagi soʻzimizni quvvatlaydi. Abu Bakr Anboriy oʻzining “Ar-raddu ala ahlil ilhod fil Qurʼon” nomli kitobida bunday degan: “Muhojirlar: “Ey Rasululloh, Ansorlar bizga joy berib, yordam berib, bizdan afzal boʻldi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ularning oldida buni eʼtirof etmayapsizmi?” dedilar. Ular: “Eʼtirof etayapmiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mana shu shukrdir”, dedilar”.

Allohni tanishning yagona yoʻli aqldir. Chunki dunyoda Allohni koʻrishning biror yoʻli yoʻq. Xabar vorid boʻlguncha kutib turishga ham vaqt yoʻq. Chunki bunda insonni behuda tark etib qoʻyilishi bor. Holbuki, Alloh taolo: “Inson oʻzini behuda tark etib qoʻyiladi, deb oʻylaydimi”[3], degan.

Abu Hanifa ham ushbu maʼrifat borasida aqlga suyangan. Muhammad ibn Samoa Abu Yusufdan, u kishi Abu Hanifadan bunday rivoyat qiladi:  “Osmonu yer va ular orasidagi maxluqotlarni koʻrgan har bir oqil kishi uchun oʻz Xoliqini tanimaslikda uzr yoʻq. Ammo inson namoz, roʻza, zakot va haj kabi sharʼiy amallar borasida to paygʻambar kelgunga qadar maʼzur boʻladi”. Baʼzi rivoyatlarda: “Ammo farzlarni bilishga qodir boʻlmagan yoki farzlar unga yetib kelmagan yoki islom ahlini koʻrmagan kishi farzlarni bajarmagani uchun javobgar boʻlmaydi”, deyilgan. Yana bir rivoyatda Abu Hanifa: “Agar Alloh paygʻambar yubormasa ham insonlar Uni oʻz aqllari bilan tanishlari vojib boʻladi”, degan.

Oldingi va keyingi hanafiy olimlarning koʻpchiligi Allohni tanishda aqlga tayangan. Ahli sunna val jamoa imomlaridan biri Abu Mansur Moturidiy bunday degan: “Shariatni bilishning yoʻli xabar (Qurʼon-hadis)dir. Ammo din tanlashning yoʻli aqldir”. Hattoki, Imom Moturidiy aqlli yosh bola ham Allohni tanishi vojib boʻlishini aytgan.

 Iroq mashoyixlari bunday degan: “Balogʻatga yetgan oqil kishiga Allohni tanish vojib boʻlishining sababi unda aql dalolatlarining hosil boʻlishidir. Yosh bolaning aqli ham shu darajaga yetsa, unga ham Allohni tanish vojib boʻladi. Ammo sharʼiy amallarda bunday emas. Sharʼiy amallarni bilish faqatgina samʼ (oyat-hadis) orqali farz boʻladi. Samʼ kelmaguncha ularni bilish hech kimga farz boʻlmaydi. Chunki sharʼiy amallarni aql bilan bilishning imkoni yoʻq”.

Baʼzilar: “Nabiy alayhissalomning: “Uch kishidan qalam koʻtarildi: yosh boladan, uxlab yotgandan va unutgandan”, degan soʻzlari umumiy kelgani uchun yosh bolaga Allohni tanish vojib boʻlmaydi”, degan.

Muhammad ibn Hasan “Al-Jomiul kabir” kitobida yosh bola balogʻatga yetgunga qadar musulmonlik yoki kofirlik borasida ota-onasiga tobe ekaniga dalolat qiladigan masalalarni keltirgan. Keyinchalik u kishining izdoshlari yosh bola islomga kirsa, uning islomi sahih boʻlishiga ittifoq qilgan.

Abu Hanifa: “Iqror va tasdiqni tushungan holda bajarishi yosh bolaning islomi sahih boʻlishiga sabab boʻladi”, degan.

 Hanafiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlariga koʻra, yosh bola yetti yoshga kirganda namozga daʼvat qilinishini dalil qilib, yosh bolani islomga daʼvat qilish lozimligini aytgan.

Ammo shuni ham taʼkidlash lozimki, Alloh taoloning hidoyatisiz aql hech kimga foyda keltira olmaydi. Alloh taolo: “Bas, quloqlari, koʻzlari va qalblari ularga hech qanday foyda bermadi. Chunki ular Allohning oyatlarini inkor etardi”[4], degan. Demak, inson Alloh taolodan umumiy tarzda hidoyat soʻrash bilan birga oʻziga duch kelgan har bir ish borasida aql yuritayotgan paytda qalban Allohga bogʻlanib, ushbu masalada yordam berishini va toʻgʻri yoʻlga yoʻllashini iltijo qilishi lozim. Shundagina aql toʻgʻri yoʻlni anglashda vositachi boʻladi, xolos. Asl hidoyatchi esa Allohning oʻzidir.

[1] Isro surasi, 36-oyatning maʼnosi.
[2] Aʼrof surasi,179-oyatning maʼnosi.
[3] Qiyomat surasi, 26-oyatining maʼnosi.
[4] Ahqof surasi, 36-oyatining maʼnosi.
Obid XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …