Home / YANGILIKLAR / OʻZBЕKISTONLIK ZIYORATCHILAR UCHUN BARCHA SHAROIT MUHAYYO ETILGAN

OʻZBЕKISTONLIK ZIYORATCHILAR UCHUN BARCHA SHAROIT MUHAYYO ETILGAN

Allohga shukrki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar kechmoqda. Xususan, davlatimizning bevosita koʻmagi bilan yurtdoshlarimizning haj ibodatlarini har qachongidan ham yuksak saviyada tashkil etish, ular uchun munosib qulayliklarni yaratib berish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

Bundan atigi olti-yetti yil avval haj kvotasi 5200 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019 yilda bu raqam 7200 ta, 2022 yilda esa 12 000 taga yetdi. Joriy yilda mamlakatimiz fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 etib belgilandi. Albatta, haj kvotasining yildan-yilga oshib borishi ham yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami naqadar kengligidan darak beradi. Eng muhimi, xalqimiz bu kabi oʻzgarishlarni katta xursandlik va quvonch bilan qabul qilmoqda.

Har bir moʻmin-musulmon borki, Allohning baytini umrida bir bor boʻlsa-da, tavof qilishni, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak Ravzai shariflarini ziyorat etishni orzu qiladi. Chunki bu muqaddas zaminlarda Qurʼoni karim oyatlari nozil boʻlgan, islom tarixiga oid koʻplab voqea-hodisalar yuz bergan va savobli amallarning ajru mukofoti bir necha baravar koʻpaytirib beriladi.

Shu bilan birga, Kaʼbatullohda ibodat qilishning, Nabiy alayhissalomning masjidlarida namoz oʻqishning savobi juda ulugʻ. Masjidul Haramda bir rakat namozga yuz ming rakat, Masjidi Nabaviyda esa ming rakat namozning savobi beriladi. Bunday ulkan imkoniyatga erishishga barchaning talpinishi tabiiy hol.

Yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 4 iyunidan 19 iyun kuniga qadar  mamlakatimizdagi 10 ta xalqaro aeroport (Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari) orqali Madina shahriga parvoz qiladilar.

Bir umr Kaʼbai muazzama, Ravzai sharifni sogʻinib yashab oʻtib ketgan ajdodlarimizning orzulari bu yil 15 ming hoji timsolida roʻyobga chiqmoqda. Bunday buyuk sharafga va baxtga noil boʻlib turgan hamyurtlarimiz odamning havasini keltiradigan sharoitlarda haj safarini ado etish uchun ayni kunlarda Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlarida boʻlib turishibdi. 

Munavvar shahar ogʻushida

Hojilarimiz azaliy anʼanaga muvofiq dastlab Madina shahriga kelib, Ravzai sharifni ziyorat qilyapti. Ziyoratchilarimiz ayni paytda Madina shahridagi Masjidi Nabaviydan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida istiqomat qilmoqda. 

Avvalgi nomi Yasrib boʻlgan bu shahar Rasul alayhissalomning tashriflari bilan nurli va munavvar shaharga aylangan. Masjidi Nabaviyga kirgan odam bu muazzam maskandan chiqqisi kelmaydi: toʻyib-toʻyib ibodat qilishni xohlaydi. Nabiy alayhissalomning bu masjidlarida namoz oʻqiyotgan, duolar, zikrlar qilayotgan hojilarimiz chinakam baxtu saodatga erishmoqdalar.

Masjidi Nabaviy hovlisida turib bu goʻzal manzarani kuzatishning zavqi boʻlakcha: egnilariga Oʻzbekiston bayrogʻi ramzi tushirilgan nimchalarni kiyib olgancha ibodatlarga shoshayotgan boʻlgʻusi hoji ota, hoji onalarimiz yuz-koʻzlaridagi quvonch ularning naqadar baxtiyor ekanidan nishona. Ayniqsa, Ravzai sharifga kirgan kishi oʻzini oʻzgacha his etadi. Chunonchi, Nabiy alayhissalom muborak hadislarida: “Uyim va minbarim oʻrtasida jannat bogʻlaridan bir bogʻ bor”, deganlar.

Yurtdoshlarimiz munavvar shahardagi uch kunlik safarlari davomida Paygʻambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilib, Uhud togʻi, islom olamida birinchi qurilgan masjid – Quboda boʻlyaptilar. Asosiy vaqtlarini Masjidi Nabaviyda toat-ibodat bilan oʻtkazmoqdalar.

Boʻlgʻusi hojilarimiz ibodatlardan soʻng jannatmonand yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz turmushi bundanda farovon boʻlishini, bu kabi xayrli ishlarning boshida turganlarning tan-joni sogʻ boʻlishini Yaratgandan chin dildan soʻrab iltijo qilmoqdalar.

Har bir ziyoratchiga xizmat qilish – katta sharaf

Haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmonidir. Haj amalini bajarayotgan kishiga koʻmak bergan, uning ogʻirini yengil qilgan inson ulugʻ savoblarga noil boʻlishi haqida koʻplab dalillar bor. Shu maʼnoda, “Haj-2023” tashkilotchilari va ishchi guruh aʼzolari ana shunday ulugʻ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga sidqidildan xizmat koʻrsatmoqdalar. 

Xususan, “Haj-2023” delegatsiyasi, ishchi guruhlar, ellikboshilar doimo hojilarning yonida, shifokorlar sogʻliqlaridan xabardor boʻlib turibdi. Oshpazlar esa ibodatga quvvat boʻladigan milliy taomlardan tayyorlab beryaptilar.

Ulamolarimiz, ahli ilmlar va ellikboshilar ziyoratchilar bilan doimiy suhbatlar oʻtkazib, ibodatlarini chiroyli ado etishlariga yaqindan koʻmakchi boʻldilar. Hojilarga sifatli transport xizmati koʻrsatish, ularni belgilangan manzilga kechiktirmasdan yetkazib qoʻyish maqsadida avtobuslar ham jalb etildi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu muborak zaminda ziyoratchilarimiz yuksak eʼtibor va davlatimiz koʻmagini har qadamda his etmoqdalar. Ulardan har birining yuz-koʻziyu soʻzlarida bu imkoniyat-sharoitlardan mamnunlik, shukronalikni yaqqol koʻrish mumkin. Boʻlgʻusi hojilarimiz muqaddas zamindagi ibodatlar chogʻida jonajon yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik va dasturxonimizga toʻkinlik tilab duolar qilmoqda.

Muqaddas zaminga kelish har kimga ham nasib etavermaydi. Alloh chaqirgan bandagina Rahmonning mehmoni boʻladi. Shunday ekan, har bir ziyoratchi haj mavsumini gʻanimat bilib, har soniyadan unumli foydalanish harakatida boʻlishi kerak. 

Alloh taolo ibodatlarimizni qabul, hajlarimizni mabrur aylasin.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Qahramon MIRXOLIQOV,

Toshkent shahri:

– Islomning beshinchi ruknini ado etishni nasib qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar boʻlsin. Bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada tashkillashtirganlarga minnatdorlik bildiramiz. Chunki safar chogʻida yurtdoshlarimizga xizmat koʻrsatish uchun katta tayyorgarlik koʻrilgani shundoq sezildi. Hatto boshqa mamlakat fuqarolari bizga havas bilan qaradi. 

Barcha qulayliklarga ega mehmonxonada yashab, masjidda jamoa boʻlib namoz oʻqishimiz, Masjidi Nabaviy juda yaqin ekani respublika rahbariyati gʻamxoʻrligi ekanidan ruhlanib, bu xayrli ishlarga hissasi qoʻshilgan barcha rahbarlar haqlariga duolar qilyapmiz. Albatta, bunday qulayliklar ibodatlarni mukammal ado etishga katta omil boʻldi.

Qayd etish joizki, haj va umra amallarini bajarishdan tortib, muborak joylarda kishi oʻzini qanday tutishigacha boʻlgan barcha amallar guruh rahbarlari tomonidan doimiy tarzda oʻrgatildi. 

Bunday sidqidildan qilingan mehnat ziyoratlar, ibodatlarni risoladagidek bajarib xotirjam boʻlishga zamin yaratdi. Mehribon Alloh taolo ibodatlarimizni qabul aylab, hojilarimizning hajini mabrur qilgan boʻlsin!

Abdulloh JALILOV,

Namangan viloyati:

– Shinam, har tomonlama qulay mehmonxonaga joylashdik. Bu yerda ziyoratchilarimiz uchun hamma imkoniyatlar muhayyo qilingan. Mehmonxonada uch mahal tansiq taomlar tayyorlanib, yurtdoshlarimizga tortiq etiladi. Shu bilan birga, tibbiy punktlar 24 soat davomida ishlab, ziyoratchilarimiz salomatligini asrashga koʻmak koʻrsatmoqda.

Ushbu xayrli ishlar zamirida mamlakatimizda ilgari surilayotgan insonlarni rozi qilishdek ulugʻvor maqsad mujassam. Biz esa buni ziyoratchilarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va yuksak eʼtiborda koʻrmoqdamiz.

Mavluda ABDUJALILOVA,

Toshkent viloyati:

– Koʻp yillardan beri hajga kelishni orzu qilib yurar edim. Allohga shukr, bu yil maqsadimga yetdim: inshaalloh haj ibodatlarini bajarishga kirishaman. Madinai munavvarani koʻrganimdan, Ravzai sharifga kirganimdan, Uhud togʻiga, Qubo masjidiga ziyoratga borganimdan boshim koʻkka yetdi. Ushbu tabarruk maskanlar kishining ruhiyatini tetik qilarkan. 

Albatta, bunday sharafga, baxtga erishish – chinakam saodat. Har bir yurtdoshimiz shu yerlarga kelib, toʻyib-toʻyib ibodat qilsin. Ming karra shukr! Tabarruk maskanlar, ulugʻ ziyoratgohlarda Oʻzbekistonimizga tinchlik va ofiyat, xayrli va savobli ishlarga yuksak marralar, xalqimizga esa omonlik tilab, duo qildik.

Manba: Yangi Oʻzbekiston gazetasi 2023-yil 14iyun, 116(905)

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …