Home / HADIS / HAR BIR YAXSHILIK SADAQADIR

HAR BIR YAXSHILIK SADAQADIR

Bir hadis sharhi

Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” toʻplamida kelgan hadislar hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Yaxshilik qilish haqidagi hadislar shular jumlasidandir. Ulamolar shunday hadisi shariflardan birini qanday sharhlagani va unda bayon etilgan odob-axloqqa oid masalalarni koʻrib chiqsak.

Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonning zimmasida sadaqa bor”, dedilar. Ular (sahobalar): “Agar (sadaqa qiladigan narsa) topolmasa-chi?” dedi. “Qoʻli bilan amal qilib, oʻzini foydalantiradi va sadaqa qiladi”, dedilar. “Agar (bunga ham) qodir boʻlmasa-chi?” deyishdi. “Mazlum hojatmand kishiga yordam beradi”, dedilar. “Agar (buni ham) qilolmasa-chi?” deyishdi. “Yaxshilikka buyursin”, dedilar. “Agar (buni ham) qilolmasa-chi?” deyishdi. “Yomonlikdan saqlansin. Albatta, mana shu ham u uchun sadaqadir”, dedilar.  

Odam oʻz ahli oilasiga nafaqa qilgan narsasi ham sadaqa hisoblanadi. Insonning obroʻsini saqlaydigan narsa ham sadaqadir. Doʻstga ochiq yuz bilan yoʻliqish yoki idishdan birodarining idishiga suv qoʻyib berish yaxshilikdir.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir yaxshilik sadaqadir”, dedilar”.

Ibn Battol rahimahulloh bunday deydi: “Bu hadis inson qiladigan yoki gapiradigan har bir yaxshilik sadaqa ekanidan dalolat beradi. Chunki hadisning oxirida, albatta, yomonlikdan saqlanish ham sadaqadir, deyildi”.

Rogʻib: “Yaxshilik – shariat va aql bilan qilingan har bir amal uchun ism. (Hadisi shariflarda) isrofgarchilikdan qaytarilgani uchun tejamkorlik ham yaxshilik sanaladi”, deydi.

Ibn Abu Jamra: “Yaxshilik – shariat hujjatlari bilan qilingan yaxshi ishlarga qaydsiz ishlatiladi. Odat joriy boʻlgan yoki boʻlmaganining farqi yoʻq”, deydi.

Sadaqa qilish bilan savobga erishish nazarda tutiladi. Yaxshilik qilayotgan odam niyat qilsa qatʼiy ajr oladi. Niyat qilmasa, ajr olish ehtimoli boʻladi. Bu gapda sadaqa biror narsa bilan cheklanib qolmaganiga ishora bor.

Sadaqa – insonning koʻnglidan chiqarib bergan narsasi.        

Sahobalar: “Agar (sadaqa qiladigan narsa) topolmasa-chi?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qoʻli bilan amal qiladi”, dedilar.

Ibn Battol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu soʻzlari haqida bunday deydi: “Bunda odam oʻzi uchun ishlatadigan, sadaqa qiladigan va soʻrash xorligidan behojat boʻladigan narsalarni topish uchun ishlash va kasb qilishga undaladi. Shunda imkoniyat boʻlganda yaxshilik qilishga ishtiyoqi oshadi. Kimki yaxshilik qilishni qasd qilsa-yu, uni bajarishdan qiynalib qolsa, boshqa ishga oʻtsin”.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey qorilar jamoasi, oʻzingizdan oldingilarni yoʻlini tuting, boshingizni koʻtaring va musulmonlarga boqimanda boʻlmang”. Inson uchun yaxshilik qilish imkoniyati qolmasa, boshqacha tadbir tutish lozim boʻladi. Yaxshilik yoʻllari juda koʻp. Allohni rozi qiladigan yoʻllar hech qachon yoʻq boʻlib qolmaydi.   

Bu xitoblarning barchasida yaxshilik targʻib etilgan. Muqaddas dinimiz koʻrsatmalarida ham, xalqimizning milliy qadriyatlarida ham yaxshilik eng ulugʻ amallardan biri hisoblanadi. Inson bu ishi uchun xalq orasida hurmat-eʼtibor qozonadi, oxiratda esa ulkan savoblarga ega boʻladi.  

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
 ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …