Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” NING MASJIDUN NABAVIYADAGI NODIR QOʻLYOZMA NUSXASI

“SAHIHUL BUXORIY” NING MASJIDUN NABAVIYADAGI NODIR QOʻLYOZMA NUSXASI

Saudiya Arabistonining Madina shahrida joylashgan Masjidun nabaviya kutubxonasi 1933 yilda Podshoh Abduaziz Saud tashabbusi bilan tashkil qilingan[1]. Unda islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalarning turli sohalarga oid asarlari va tarixiy hujjatlar saqlanadi. Mazkur kutubxonada “Sahihul Buxoriy”ning yigirmadan ziyod qoʻlyozma va toshbosma nusxasi ham bor. Quyida shu nusxalardan biri, kutubxona fondida №243 raqam bilan qayd etilgan “Sahihul Buxoriy” nusxasi haqida soʻz yuritiladi.

Asar “Savdo-sotiq kitobi” dan boshlanib, “Sahobalarning fazilati” qismidagi 3530-hadis bilan tugallangan. U toʻlaligicha arab tilida yozilgan boʻlib, bunday boshlanadi:

“بسم الله الرحمن الرحيم كتاب البيوع وقول الله عز وجل وأحل الله البيع وحرم الربا وقوله إلا أن تكون تجارة حاضرة تديرونها بينكم باب ما جاء في قول الله تعالى فإذا قضيت الصلاة فانتشروا في الأرض وابتغوا من فضل الله واذكروا الله كثيرا لعلكم تفلحون وإذا رأوا تجارة أو لهوا انفضوا إليها وتركوك قائما قل ما عند الله خير من اللهو ومن التجارة والله خير الرازقين وقوله لا تأكلوا أموالكم بينكم بالباطل إلا أن تكون تجارة عن تراض منكم”.

    Bismillahir rohmanir rohiym, “Savdo-sotiq kitobi” Alloh taoloning “Holbuki, Alloh bayʼni halol, sudxoʻrlikni (esa) harom qilgan”[2], “Lekin oʻrtangizdagi aylanma naqd savdo boʻlsa…”[3], “Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni koʻp yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Ular biror tijoratni yoki behuda ishni koʻrib qolsalar, oʻsha tomonga tarqalib ketib, Sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark eturlar. Ayting: “Alloh huzuridagi narsa (mukofotlar) behuda ishdan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir. Alloh rizq beruvchilarning eng yaxshisidir”[4]. “Ey imon keltirganlar! Mol-mulkingizni oʻrtada nohaq (yoʻllar) bilan yemangiz! Oʻzaro rozilik asosidagi tijorat boʻlsa, bundan mustasno”[5], degan kalomlari haqidagi bob bilan boshlanadi.

Asarda keltirilgan birinchi hadis:

أن أبا هريرة رضي الله عنه قال إنكم تقولون إن أبا هريرة يكثر الحديث عن رسول الله صلى الله عليه وسلم وتقولون ما بال المهاجرين والأنصار لا يحدثون عن رسول الله صلى الله عليه وسلم بمثل حديث أبي هريرة وإن إخوتي من المهاجرين كان يشغلهم صفق بالأسواق وكنت ألزم رسول الله صلى الله عليه وسلم على ملء بطني فأشهد إذا غابوا وأحفظ إذا نسوا وكان يشغل إخوتي من الأنصار عمل أموالهم وكنت امرأ مسكينا من مساكين الصفة أعي حين ينسون وقد قال رسول الله صلى الله عليه وسلم في حديث يحدثه إنه لن يبسط أحد ثوبه حتى أقضي مقالتي هذه ثم يجمع إليه ثوبه إلا وعى ما أقول فبسطت نمرة علي حتى إذا قضى رسول الله صلى الله عليه وسلم مقالته جمعتها إلى صدري فما نسيت من مقالة رسول الله صلى الله عليه وسلم تلك من شيء.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Siz Abu Hurayra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarini koʻp aytayapti”, “Muhojir va ansorlarga nima boʻldi-ki, ular Rasulullohning Abu Hurayra kabi (hadislarini) koʻp soʻzlamaydi?” deyapsizlar. (Holbuki) muhojir birodarlarim bozorda savdo qilib, Rasulullohning hadislarini eshitolmay qolar edi. Men esa qornim toʻysa boʻldi deb, Rasulullohdan ajralmas edim. Ular (oʻz savdosi bilan shugʻullanib) yoʻq paytida men (Rasulullohning hadislariga) guvoh boʻlar edim va ular (Rasulullohning hadislarini) unutganida, men yodlab olar edim. Shuningdek, ansoriy birodarlarimni mol-mulk tashvishi band qilar edi. Men ahli suffa miskinlaridan boʻlib, ular unutgan vaqtlar (yodda) saqlab qolar edim. Darhaqiqat, Rasululloh bir hadisni soʻzlayotib: “Kim shu soʻzimni tugatgunimcha kiyimini (yerga) yoysa, soʻng qaytarib bagʻriga bossa, mening aytganlarimni (yodda) saqlab qoladi”, dedilar. Shunda egnimdagi chakmonni (yerga) yoyib, Rasululloh soʻzlarini tugatganlarida uni (yaʼni kiyimni) koʻksimga bosdim, soʻng Rasulullohning oʻsha soʻzlaridan birortasini unutmadim[6].

Qoʻlyozma 183 varaqdan iborat boʻlib, Abdulloh ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo manoqiblari haqidagi bob va quyidagi hadis bilan tugallangan:

باب مناقب عبد الله بن عمر بن الخطاب رضي الله عنهما

عن ابن عمر رضي الله عنهما قال كان الرجل في حياة النبي صلى الله عليه وسلم إذا رأى رؤيا قصها على النبي صلى الله عليه وسلم فتمنيت أن أرى رؤيا أقصها على النبي صلى الله عليه وسلم وكنت غلاما شابا أعزب وكنت أنام في المسجد على عهد النبي صلى الله عليه وسلم فرأيت في المنام كأن ملكين أخذاني فذهبا بي إلى النار فإذا هي مطوية كطي البئر وإذا لها قرنان كقرني البئر وإذا فيها ناس قد عرفتهم فجعلت أقول أعوذ بالله من النار أعوذ بالله من النار فلقيهما ملك آخر فقال لي لن تراع فقصصتها على حفصة فقصتها حفصة على النبي صلى الله عليه وسلم فقال نعم الرجل عبد الله لو كان يصلي بالليل قال سالم فكان عبد الله لا ينام من الليل إلا قليلا.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Odamlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik chogʻlarida tushlarini u zotga aytib berar edi, men ham bir tush koʻrib, uni Rasulullohga soʻzlab berishni orzu qilib yurar edim. Men navqiron, boʻydoq oʻspirin edim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida masjidda uxlar edim. Bir kuni tushimda ikki farishtani koʻrdim. Ular meni koʻtarib, doʻzaxga olib bordi. Doʻzax quduq kabi yopib, berkitib tashlangan ekan. Quduqning shoxi kabi doʻzaxning ham ikki shoxi bor edi. Unda men taniydigan odamlarni ham koʻrdim. Men “Aʼuzu billahi minan nar, aʼuzu billahi minan nar”, deb ayta boshlabman. U ikki farishtaning qarshisiga bir farishta chiqibdi. U menga: “Hech ham qoʻrqma!” dedi. Men tushimni Hafsaga aytib berdim. U Nabiy sollalohu alayhi vasallamga aytib berganida, Rasululloh: “Abdulloh qanday ham yaxshi odam ekan-a. U tunlari namoz oʻqir ekan”, debdilar. Solim: “Abdulloh kechalari uxlamas, uxlasa ham juda kam uxlar edi”,[7] degan”.

Ushbu nodir qoʻlyozma asar (v. 183a): 755/1354 yilda xattot (v. 183a) Umar ibn Xalil ibn Umar ibn Abdurahim ibn Ramazon ibn Xizr ibn Xalil ibn Abu Hasan Tanuxiy Toiy Ajluniy tomonidan hijoziy nasx xatida koʻchirilgan boʻlib, har beti 25 qatordan iborat. Siyohi qora va bob, fasllari qizil siyohda yozilgan. Hoshiyalarida sharhlar, toʻldirmalar va “Sahihul Buxoriy” ni xatm qilganlar haqida qisqacha maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Muqovasi malla rang, sharq muqovasi, turunj va lola. Tayakisi charmdan. Qoʻlyozmaning holati: yaxshi saqlangan va taʼmirlangan.

Asar kolofonida quyidagi matn keltirilgan:  

و كان الفراغ من نسخة فى يوم الاَربعا سلخ صفر سنة خمس و خمسين وسبع مائة علي يد العبد الفقير إلى الله تعالى المعترف بذنبه. الراجى حسن ظنه بربه عمر إبن خليل بن عمر إبن عبدالراحم بن رمضان بن خضر بن خليل بن أبي الحسن التنوخي الطاي بعحلون رحم الله من قرأ فيه دعا لهم بالتوبة و المغفرة و خاتمة الخير و ترحم عليهم و على جميع المسلمين و الحمد الله رب العالمين.

“Ushbu nusxa 755/1354 yili safar oyining oxirlarida Allohning faqiri, oʻz gunohlarini tan olgan, Rabbi haqida chiroyli gumonda boʻlgan banda Umar ibn Xalil ibn Umar ibn Abdurahim ibn Ramazon ibn Xizr ibn Xalil ibn Abu Hasan Tanuxiy Toiy tomonidan Ajlun shahrida koʻchirilgan. Buni kim oʻqisa, ularning haqqiga magʻfirat, xayrli xotima, ular va barcha musulmonlarga rahm qilinishini soʻrab duo qilsin! Alhamdulillahi Rabbil olamiyn”[8].

Xattot asar yakunida oʻz duoi izhorini quyidagi ikki bayt bilan ifodalagan:

يا قاري الخط و العينين تنظره                     لا تنس كاتبه بالخير واذكره

و هب له دعوةً لله خالصةً                       لعلها في صروف الدهر تنفعه

Ey! Ushbu xatni oʻqib, unga tikilgan koʻzlar sohibi. (Duoda) bu nusxa kotibini unutma! Uni (duolaringda) yaxshilik bilan yod et! Uning (kotibning) haqqiga Alloh uchun xolis duo qil! Shoyad zamon qiyinchiliklariga bardoshli boʻlishda unga duolaringning foydasi tegib qolar[9].

Nusxaning 184-185 sahifalarida quyidagi maʼlumotlar keltirilgan: “Ushbu juz va “Sahihul Buxoriy” ning qolgan barcha juzlari Shayxul imom – muhaddis Shihobiddin Abu Mahmud Shofeʼiy Maqdisiy huzurida, Quddusdagi Saxroi sharif masjidida, 757/1356 yil jumodul avval oyining 23 kunidagi oxirgi ilmiy yigʻinda oʻqib eshittirilgan va xattot Umar ibn Xalil tomonidan koʻchirilgan. Hasbunollohu va niʼmal Vakil”.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, “Sahihul Buxoriy”ning tavsifi, sharhi yoki tahlilini oʻrganayotgan tadqiqotchi nusxalardagi farqlardan   hadis ilmining ilk rivojlanish davri, muhaddis va sahobalarning hayoti haqida koʻpgina maʼlumotlarga ega boʻladi. Shuningdek, “Sahihul Buxoriy” bugungi kunda ham oilalarda sogʻlom muhitni qaror toptirish va mustahkamlash, yosh avlodni maʼnan yetuk qilib tarbiyalashda gʻoyat muhim dasturulamal boʻlib kelmoqda.  

[1] Abdulquddus Ansoriy. Madina yodgorliklari. Maktabatus salafiyya. – Madina. 1973. – B.119.
[2] Qurʼoni karim maʼnolarining oʻzbekcha tarjimasi. Tarjima va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansurov. – T.: TIU nashriyoti, 2016. Baqara surasi, 275-oyat (keyingi oʻrinlarda sura va oyat raqami beriladi).
[3] “Baqara” surasi 282-oyat. Masjidun nabaviya kutubxonasi №243 raqam 1b v.
[4] Juma surasi, 10-11-oyat.
[5] Niso, 29-oyat.
[6] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. “Sahihi Buxoriy”. Abdulaziz Mansur tahririda.“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent.2008. B.336.
[7] Masjidun nabaviya kutubxonasi №243 raqam 183v.
[8] Masjidun nabaviya kutubxonasi №243 raqam 184a-185b v.
[9] Masjidun nabaviya kutubxonasi №243 raqam 183a v.
Tohir EVADULLAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlim boshligʻi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …