Home / MAQOLALAR / “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” MICHIGAN NUSXASI (2-qism)

“AL-JOMEʼ AS-SAHIH” MICHIGAN NUSXASI (2-qism)

Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari nusxalari Dunyoning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanmoqda. Jumladan, AQSHning Michigan kutubxonasida ushbu asarning “Vahiyning boshlanishi” bobidan “Sahobalarning fazilati” bobidagi 3758-hadisgacha boʻlgan qismi nusxasi saqlanib kelayotganini avvalgi maqolamizda bayon qilgan edik.

Navbatdagi noyob nusxa “Vahiyning boshlanish kitobi” bobidagi 1-hadisdan boshlanib, “Duolar kitobi” bobidagi 7563-hadis bilan nihoyalangan.

Kitob yaxlit holatda, yaxshi saqlanib qolgan. boʻlib, basmala va muqaddimasi ikki betni tashkil qiladi. Asar  Niso surasining 163-oyati bilan boshlangan, yaʼni:

إِنَّا أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ كَمَا أَوْحَيْنَا إِلَىٰ نُوحٍ وَالنَّبِيِّينَ مِن بَعْدِهِ ۚ وَأَوْحَيْنَا إِلَىٰ إِبْرَاهِيمَ وَإِسْمَاعِيلَ وَإِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ وَالْأَسْبَاطِ وَعِيسَىٰ وَأَيُّوبَ وَيُونُسَ وَهَارُونَ وَسُلَيْمَانَ ۚ وَآتَيْنَا دَاوُودَ زَبُورًا

Maʼnosi: “Biz Nuhga va undan keyingi paygʻambarlarga vahiy yuborganimiz kabi sizga ham vahiy yubordik. Yana Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub va uning urugʻ-avlodi, Iso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymon paygʻambarlarga ham vahiy yuborganmiz. Dovudga Zaburni ato etdik”.

Asar 594-varaqda quyidagi hadis bilan yakunlangan:

قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:  كَلِمَتَانِ خَفِيفَتَانِ علَى اللِّسَانِ، ثَقِيلَتَانِ في المِيزَانِ، حَبِيبَتَانِ إلى الرَّحْمَنِ: سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللهِ العَظِيمِ.

“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida ogʻir va Rahmonga mahbubdir. Ular:”

سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ سُبْحَانَ اللهِ الْعَظِيمِ

Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil aziym», deb aytdilar.

(Maʼnosi: Allohni hamd aytish va ulugʻlash bilan poklayman.)

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.

 Asarning bibliografiyasi: Brock, GAL, I, 164; S I, 261 ; EI2 I/296-297; GAL I/157-160 S I/260-265; GAS I/115-134; Hajji Khalifah II/512-541, no. 3908; Kahhalah IX/52-53; Zirikli VI/34; R.L. V5.P, I, 8.

Asar koʻchirilgan sana 975/1567-1568 yil.

Xattot Shoh Muhammad ibn Ibrohim ibn Husayn Zirbaiy.

Asar kolofonida arab tilidagi quyidagi bitiklarni koʻrishimiz mumkin:

تم بعون الله وحسن توفيقه من يد عبد الصعيف الرجي لما رحمة الله العزيز الرحيم شاه محمد بن ابراهيم بن حسين زيربائي روضه مشكلة مخدوم شيخ احمد قدس الله شاه العزيز غفر الله له ولوالدينا ولاستاذيا و الجميع المؤمنين و المؤمنات الاخيار منهم والاموات روز جمعة ماه شوال وقت ظهر سنة خمسة و سبعين تسعمائة هجرية هركه …

Asar nasx xatida bitilgan boʻlib, har beti 25 qatordan iborat. Mistara va poygirlari bor. Siyohi qora, zarhal naqsh bilan bezatilgan, bob fasllari qizil siyohda, matn qizil-koʻk rangli, tilla rangli ramkaga olingan. Hoshiyasida sharhlar bor. Sharq qogʻozi; kurrosa 8; matn oʻlchami: 200-130 mm; varaq oʻlchami: 340-250 mm; sahifalar raqamlanmagan. Qoʻlyozma 1924 yil Qohira shahrida bir yahudiy tijoratchi tomonidan sotib olingan boʻlib,  bu kitob Abdulhamid II ning shaxsiy kolleksiyasida saqlangan.

Muqovasi binafsharang, teridan tayyorlanib, baxmal va tilla bilan bezatilgan. Sharq muqovasi. Tayakisi charmdan. Qoʻlyozmaning holati: taʼmirlangan, yaxshi saqlangan.

Iroda DAURBЕKOVA,
IBXITM ilmiy xodimi
Abdulbosit MAMADALIYEV,
IBXITM ilmiy xodimi
Bulgʻor islom akademiyasi magistranti

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …