Home / MAQOLA / ISLOMDA MUNOSABATLARNING BOSH TAMOYILI TINCHLIKDIR

ISLOMDA MUNOSABATLARNING BOSH TAMOYILI TINCHLIKDIR

Islom dini odamlarni eng yuksak fazilatlar egasi qilib tarbiyalaydi, insonparvarlik, xalqparvarlik, adolat, halollik, boshqa dinlarga ehtirom, olijanob axloqni targʻib etadi. Islomiy aqidaga toʻgʻri amal qilib yashagan inson mansab, moddiy manfaatni koʻzlab emas, balki Allohning roziligi yoʻlida jamiyat baxt-saodati uchun sidqidildan mehnat qiladi. Bunday tushuncha har bir ezgu niyatli kishining oliy maqsadi boʻlishi kerak. Butun dunyoda yalpi tinchlik va osoyishtalik qaror topishiga barcha sof niyatli, tinchliksevar xalqlar hissa qoʻshmogʻi darkor.

Musulmonlar hayotini barcha maʼno, asl qadriyat va tavsiflari bilan oʻzida jamlagan islom shariati har bir kishini tinchlikka chaqiradi. Bu xususda Alloh taolo bunday degan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً

“Ey imon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiringiz!”[1].

Tinchlik haqiqati kelib chiqishi jihatidan uch maʼnoga toʻgʻri keladi: Birinchi navbatda omonlik, yaʼni har qanday zarardan najot. Ikkinchisi kelishish, murosa qilish, bu dushmanlikni tark etish, demakdir. Uchinchisi sulh va kelishuv kabi boʻlib, kelishasizmi yoki urush qilasizmi, deb aytiladi. Mana shu uch maʼno islom diniga mos keladi. Buyuk mufassirlar Ibn Abbos, Qatoda va Mujohidning rivoyatlarida oyatdagiالسِّلْمِ  [as-silm] soʻzi islomning tinchlik dini ekanini koʻrsatadi[2].

Oyatdagi “tinchlik”ning islomga tegishli ekaniga koʻra, imon keltirganlar “tinchlik”ka kirishga amr qilinmoqda. Musulmonlar hamisha bir-biriga yaxshi munosabatda boʻlishi kerak. Shuningdek, islom odamlar orasidagi va oʻzaro kin va adovatlarni yoʻqotishga chaqiradi. Bu bilan mazkur oyat islomning asl mohiyati tinchlik ekaniga asos boʻlishi, yana bir bor tasdiqlanadi. Oʻzaro ranj va alamlarni tark etish, Shotibiy aytganidek, taharrujni, yaʼni jang qilish va nizoga olib boradigan omillarni bartaraf etishdir[3].

Bu bizni islomofobiyaning baland shiorlari ostida ilgari surilayotgan gʻoyalar zamirida aslida nimalar borligini anglashga olib keladi. Bu gʻoya islom va musulmonlarni vahshiylik va qonxoʻrlikda ayblashga qaratilgan. Shuningdek, unda islom zoʻravonlik va qilich bilan yoyilgani taʼkidlanadi. Bunga shu gʻoya mualliflarining oʻzi tomonidan moliyalashtiriladigan qoʻshtirnoq ichidagi islomga aloqador turli terroristik guruhlarni misol qilib koʻrsatadi. Aslida bu guruhlarning quroli birinchi navbatda islomga qarshi qaratilgan. Uning islomofobiyani targʻib qilayotganlar bilan toʻqnashuvdan qochishi kimlarga xizmat qilayotgani haqida kengroq mulohaza qilishga undaydi.

Vaholanki, Gʻarbning oʻzi – ayniqsa, u yerdagi adolatli insonlar – salibchilarning urushlari bilan solishtirganda, islomning yaqqol insonparvar din ekani va uning tamoyillari tinchlikka asoslangani namoyon boʻlishini tan olgan. Masalan, “Salib yurishlari tarixi” kitobi muallifi Stefan Rensmann Salohiddin Quddusni qaytarib olgan paytdagi musulmonlarning ahvoli va undan avval salibchilarning sharif shaharni egallab turgan holini tasvirlab, solishtirib bunday deydi: “Gʻolib boʻlganlar aqlli va insonparvar edi, holbuki, franklar sakson sakkiz yil oldin shaharni ishgʻol qilib olganida, son-sanoqsiz qurbonlarning qonga belanib yotganiga koʻpchilik guvoh boʻlgan. Bu safar talon-taroj qilingan bino ham, zarar koʻrgan odam ham topilmadi. Salohiddinning amriga binoan yoʻllar, darvoza-eshiklar qoʻriqlangan. Shuningdek, nasroniylarga kelishi mumkin boʻlgan har qanday tajovuz va zoʻravonlik xavfi bartaraf etilgan”[4]. Islomning gʻayrimusulmonga munosabat negizida ana shunday bagʻrikenglik tamoyili mujassamdir. Islom hech qachon bosqinchilik qilib, odamlarni oʻldirishni buyurmaydi.

Musulmonlarning urush qilishiga mushriklar va baʼzi ahli kitoblarning islomga qarshi tajovuzlari asosiy sabab boʻlgan. Shunday ekan, islomdagi jihodning asoslariga murojaat qilamiz. Islomda dastlab adolatsizlik va zararga qarshi kurashish, Quraysh mushriklari musulmonlarni oʻz uylaridan quvib chiqarganda, Makkada Nabiy sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalariga tajovuz kuchayganda bularni daf etish uchun jang yoki urushga ruxsat berilgan edi. Musulmonlar Makkadan majburan koʻchganiga qadar urush qilishga ruxsat yoʻq edi. Soʻng tajovuzni qaytarishi va oʻzini oʻzi himoyalashi uchun moʻminlarga jihod qilish uchun Alloh taolo quyidagi oyatlar bilan izn berdi: Oʻzlariga qarshi urush ochganlarga ularga zulm qilingani uchun (urushga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga nusrat berishga qodirdir. Ular nohaqdan, faqatgina “Robbimiz Alloh” deganlari uchun oʻz diyorlaridan chiqarilgandirlar. Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf qilib turmasa, uzlatgohlar, kanisalar, havralar va Allohning nomi koʻp zikr qilinadigan masjidlar vayron qilingan boʻlur edi. Albatta, Alloh Oʻziga yordam berganlarga yordam berur. Albatta, Alloh kuchli va gʻolibdir[5].

Bu oyatlar Aqaba bayʼatidan keyin, musulmonlar oʻzini mudofaa qilishga tayyorlanishi uchun izn sifatida nozil boʻlgan. Bundan oldin urushga ruxsat berilmagan. Chunki Alloh taolo: Ular nohaqdan, faqatgina “Robbimiz Alloh” deganlari uchun oʻz diyorlaridan chiqarilgandirlar”, demoqda. Bu xabar urushga berilgan izn ortidan kelgan.

Bu oyatlarning nozil boʻlishi gʻayridinlarga nisbatan tinchlik munosabatlarini bekor qilgani yoʻq. Oradagi tinch aloqalar davom etavergan. Faqat tajovuzkor Quraysh kofirlari va ularga oʻxshagan qavmlarga qarshi kurash boʻlgan, xolos. Tinchlik barcha musulmon boʻlgan va boʻlmaganlarning barchasi bilan munosabatlarning asosi boʻlib qolavergan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida boʻlgan janglarga kelsak, quyida ularning sabablarini qisqacha izohlab oʻtamiz.

Quraysh mushriklari bilan tinchlik. Musulmonlar Makkada yashagan kezlari Quraysh mushriklari bilan yaxshi munosabatda edi. Ularni hikmat va goʻzal daʼvat bilan islomga chaqirar, baʼzan bahslashib qolardi. Ammo Quraysh mushriklari bu yaxshilikka yomonlik, qoʻpollik va aziyat bilan javob qaytardi. Hatto moʻminlarni nohaqdan oʻz uy-joy va mol-mulkidan ayirishgacha bordi. Shunda mushriklarning tajovuzlariga javoban ularga qarshi jang qilishga ruxsat berildi. Bu toʻqnashuvdan maqsad faqat mudofaa boʻlib, tahqirlashni bartaraf etishga qaratilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Arabiston yarimorolida Quraysh mushriklari va ularga qoʻshilganlardan boshqalar bilan urush qilmaganlar. Bunga Xandaq gʻazotiga tayyorlanish chogʻida Nabiy sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning xandaq qaziyotib bunday deganlari dalil boʻladi:

Sen boʻlmasang, topmas edik hidoyat,

Qilmas edik xayr, namoz, ibodat.

Ustimizdan sakinating yogʻdirgin,

Gar yoʻliqsak, sobitqadam qil albat.

Xohlar esa bizga zulm qilganlar

Fitna qilmoq yuz oʻgirdik nihoyat[6].

Ahli kitoblar bilan tinchlik. Moʻminlarga ahli kitoblar bilan yaxshi muomalada boʻlish haqida amr keldi. Shuning uchun ahli kitoblarga tafakkur bilan fikrlaydigan muzokara va munozara eshiklari ochildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayrimlarini masjidlarida qabul qildilar. Bu haqda Alloh taolo bunday dedi: (Ey moʻminlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar. Shuningdek, aytingiz: “Bizlar oʻzimizga nozil qilingan (Qurʼon)ga ham, sizlarga nozil qilingan (Tavrot va Injil)ga ham imon keltirganmiz. Bizlarning ilohimiz va sizlarning ilohingiz birdir va bizlar Ungagina (imon va itoat bilan) boʻyin sunuvchimiz[7]. Baʼzi mufassirlar: “Bundan maqsad, agar imonga kelmasa, ular bilan qilich (qurol) yordamida tortishmanglar. Zulm qilsa, urush qiling, yaʼni kufri ustiga qoʻshimcha qilib tajovuz ham qilsagina qarshi urushing”, degan[8].

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarida birinchi boʻlib tinchlik ahdini tuzganlar. Bu hujjat islomdagi birinchi meʼyoriy-huquqiy dasturul amal boʻldi. Muhojir va ansorlar oʻrtasida tuzilgan bu ahdnomada yahudiylar bilan dushmanlik qilmaslik ham koʻzda tutilgan edi. Lekin ular mushriklarni qoʻllab-quvvatlab, ahdni buzdi. Baʼzi yahudiy qabilalar Madina atrofidagi arab mushriklariga yordam berdi, natijada musulmonlar ular bilan jang qildi.

Fors va Rum imperiyasi bilan tinchlik. Rumliklar birinchi boʻlib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning elchisi Horis ibn Umayr Azdiyni qatl etganida musulmonlarga qarshi urush eʼlon qilgan. Rasulullohning shu elchilaridan boshqa birortasining boshiga bunday qismat tushmagan edi. Shuning uchun Nabiy alayhissalom rumliklar ortidan Muʼtaga bir boʻlinma yubordilar. Rumliklar ularni yuz minglik qoʻshin bilan kutib oldi[9]. Ular Yuhanno ibn Raubani musulmonlar bilan sulh tuzgani uchun xochga mixladi. Farva ibn Amrni islomga kirgani, unda qatʼiy turib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hadyalar joʻnatgani uchun qatl qildi. Ularning orasida tinchlikka mayl koʻrsatuvchilarga qarshi adovat kuchaygan edi[10].

Forslarga kelsak, hukmdor Kisro Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlarini talab qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nomalarini yirtib tashlagan[11].

Islomga qarshi chiqqan mazkur toifalarning tajovuzlari odamning joniga hujum qilish darajasiga va ularni majburiy koʻchirishgacha borib yetgan. Xuddi shu muomala musulmonlarning ularga qarshi jang qilishiga asosiy sabab boʻlgan. Musulmonlar doim oʻz atrofidagi davlatlar bilan munosabatlarni tinchlik asosida qurishga harakat qilgan. Ularning jang qilishi faqat majburlik va zarurat yuzasidan boʻlgan, xolos. Bu Qurʼonda bunday bayon qilinadi: كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِتَالُ وَهُوَ كُرْهٌ لَكُمْ “Sizlarga (yov bilan) jang qilish farz qilindi, vaholanki, u sizlar uchun yoqimsizdir”[12]Bu yerdagiكُرْهٌ  [kurhun – “yoqimsiz”] soʻzi urushning odamlar yoqtirmaydigan zaruratlardan biri ekaniga ishoradir.

Islom tarixidagi jihodlarning har birida oʻziga xos sabablari bor. Musulmonlar hech qachon biror xalqning ustiga bostirib bormagan. Azon ovozi eshitilgan joyga umuman yurish qilmagan. Hozirgi paytda ayrim buzgʻunchi kuch va toifalar “jihod” deb atayotgan razilona amallarning hech biri jihodning asl mohiyatiga toʻgʻri kelmaydi. “Savodul aʼzam” (“Musulmonlarning katta jamoati”)dan ajralib turganining oʻzi ularning toʻgʻri yoʻlda emasligiga dalolat beradi.

[1] Baqara surasi, 208-oyat mazmuni.
[2] Abu Jaʼfar Tabariy. Jomiʼul bayon fi taʼvilil Qurʼon. –Bayrut: Muassasatur risola, 2000. – B. 32.
[3] Shayx Muhammad Tohir ibn Oshur. At-Tahrir vat tanvir. J.1. –Tunis: Dor sahnun, 1997. – B. 278.
[4] Shavfiy Abu Xalil. Al-Islom fi qafasil ittihom. –Damashq: Dorul fikr, 1982. – B. 18.
[5] Haj surasi, 39-40-oyatlar mazmuni.
[6] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. J.4. -–Toshkent: Hilol-Nashr, 2018. 2837-hadis. – B. 81.
[7] Ankabut surasi, 46-oyat mazmuni.
[8] Faxriddin Roziy. Mafotihul gʻayb. Al-Islom fi qafasil ittihom. J.25. – Bayrut: Dorul fikr, 1981. – B. 76.
[9] Ibn Abdulbarr. Al-Istiob fi maʼrifatil asʼhob.  J.1. – Bayrut: Dorul jiyl, 1992. – B. 298.
[10] Dok. Zu Miftoh Gʻamiq. Nazariyatul harb fil islom va asaruha fil qonunid duvaliy. – Bayrut: Dorul kutubil vataniya, 2005. – B. 84.
[11] Tabariy. Tarixi Tabariy. J.2. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1987. – B. 133.
[12] Baqara surasi, 216-oyat mazmuni.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqola PDF formatda

Maqola Word formatda

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …