Home / HADIS / AMALDA DAVOMLI BOʻLING!

AMALDA DAVOMLI BOʻLING!

Imom Buxoriy oʻzining shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy”ni jamlashda barcha jihatlarni eʼtiborga olgan. Deylik, bu toʻplamdan fiqh yo kalom ilmi mutaxassislari ham, yoki aqida ulamolari ham keng foydalanadi. Yaʼni, har bir soha vakili undan oʻziga foyda oladi.

“Sahihul Buxoriy” bilan tanishgan kishi Imom Buxoriy bu asarni yozishda oddiy insonlarni, yaʼni taqvosi kuchli, lekin olimlik qilmagan odamlarni ham oʻylagan, degan xayolga boradi. Negaki, olim adabiyotlarni paydarpay varaqlab, kerakli maʼlumotni amallab topib olishi mumkin. Lekin kosibning bunga hamisha ham imkoni boʻlavermaydi – goh ilmi yetmasa, goh vaqti boʻlmaydi.

Quyidagi hadisdan – aytilganidek – yo fiqh, yo aqoid ilmi mutaxassisi kengroq foyda olishi ravshan. Lekin olimlik qilmagan oddiy inson uchun ham bu sodda, ravon soʻzlar hayot zaruratlaridan birini belgilab beradi.

Hishom otasidan, u Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilib aytadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning huzuriga kirganlarida, oldida bir ayol bor edi. U zot: “Bu kim?” dedilar. “Falona” deb, uning namozini zikr qila ketdi. “Toʻxta! Toqatingiz yetadigan narsani qilinglar. Allohga qasamki, sizga malol kelmagunicha, Allohga malol kelmaydi”, dedilar. U zotga din (amallari)ning eng sevimlisi sohibi unda bardavom boʻladigani edi”[1].

Hadisda zikr qilingan ayolning nomi Havla binti Tuvlodir. Nabiy alayhissalom bu “Bu kim?” deb soʻraganlarida, Oisha onamiz uning ismini aytib, darrov koʻp namoz oʻqishini gapira ketdi. U ayol, haqiqatan ham, kechasi uygʻonib, tunning qolgani qismini ibodat bilan oʻtkazar va shu fazilati bilan mashhur boʻlgan edi.

Oisha onamiz ayolning shu xislatini maqtay boshlagan edi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam toʻxtatdilar. U zot buni yaxshi sanamadilar. “Toqatingiz yetadigan narsani qilinglar. Allohga qasamki, sizga malol kelmagunicha, Allohga malol kelmaydi”, dedilar. Yaʼni, toqatingizdan ziyod amal qilsangiz, vaqti kelib, malollanib qolishingiz mumkin. Oqibatda amalni tark etib qoʻyishingiz hech gap emas. Oʻsha paytda Haq taolo sizga javob berishni tark qiladi.

Albatta, Allohga nisbatan “malol kelish” kalimasi aytilgani Parvardigorning savob berishdan charchashini anglatmaydi. Balki savob berishni toʻxtatib qoʻyishini bildiradi.

Allohga “malollanish” nisbatining berilishi goʻzal majoziy ifoda, xolos. Chunki, charchoq yo malollanish Haq taologa xos emas. U Zot bunday tuygʻulardan pokdir.

Endi yana gapning debochasiga qaytadigan boʻlsak, hadisdan oddiy odam qanday saboq oladi? Ha, inson gʻayrat bilan amalining barqarorligini saqlashi kerakligini tushunib yetadi! Bir boshlab toʻxtab qolgandan koʻra, kam boʻlsa-da, davomli qilish kerakligini anglab oladi. Imom Buxoriy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning soʻzlaridan keyin Oisha onamizning izohini bejiz keltirmayapti: “U zotga din (amallari)ning eng sevimlisi sohibi unda bardavom boʻladigani edi”.

Bu oʻrinda alloma Ganguhiyning soʻzlarini keltirish oʻrinlidir: “Agar nafl amal qilsang, u amalni qilishdan shu holatda toʻxtaginki, xohish hali boqiy qolgan (barqaror turgan) boʻlsin”[2]. Yaʼni, nafl namoz oʻqiyapsiz. Qiziqish, intilish hali yaxshi. Oʻsha payti toʻxtating. Toki gʻayratingiz tugab qolmasin. Oʻsha amalni yana bajarishga ishtiyoq qolsin. Qilaverib-qilaverib, charchab, tark etadigan boʻlsangiz, keyin davom ettira olmaysiz. Chunki, avvalgi gʻayrat, avvalgi hafsala sizni tark etgan boʻladi.

Modomiki, dindan murod amal ekan, ana shu amalda bardavom boʻlmoq kerak.

[1] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. 1-jild. – B.151-152
[2] Inʼomul Boriy, 1-jild. – B.525
Madina MASHRABXON,
mustaqil tadqiqotchi

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

1) Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, boʻysunish bor. 2) Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot …