Home / FOTO LAVHALAR / OLIMLARIMIZ MAQOLALARI EʼTIROF ETILDI

OLIMLARIMIZ MAQOLALARI EʼTIROF ETILDI

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 4 nafar tadqiqotchisining ilmiy maqolalari yaqinda nashr qilingan “Islom sivilizatsiyasining musulmon olimlari” nomli xalqaro toʻplamda chop etildi.

Malayziya va Oʻzbekistondagi 20 nafardan ortiq nufuzli olimning tegishli mavzulardagi maqolalari jamlangan mazkur toʻplamdan markaz direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodovning “Movarounnahr kutubxonalari tarixidan”, direktor oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Otabek Muhammadiyevning “Islom sivilizatsiyasi rivojida Alouddin Usmandiy Samarqandiyning oʻrni”, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayevning “Xorazmiy va Beruniy: Zamonaviy sivilizatsiya mutafakkirlari va asoschilari” va tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mehrojiddin Amonovning “XVIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya tariqatiga oid manbalar” nomli tadqiqotlari ham oʻrin oldi.

Toʻplam Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti tomonidan nashr etilgan boʻlib, xalqaro Scopus elektron platformasiga kiritilgan.  

Kuni kecha toʻplam muharrirlari Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Bintu Sham hamda institut dotsenti Muhammad al-Adib bin Samuri Markazga tashrif buyurib, mazkur toʻplam taqdimotini oʻtkazdi. Taqdimotda mehmonlar Markaz tadqiqotchilari ilmiy ishlarining xalqaro darajadagi eʼtirofi ikki ilmiy muassasa oʻrtasida imzolangan Memorandum asosida olib borilayotgan uzviy hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholab, mualliflarini samimiy muborakbod etdi.  

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan ikki xalqning bir-biriga yaqin qadriyatlari yanada yuksak natijalarga erishish uchun mustahkam zamin hozirlashi alohida taʼkidlandi.  

Manba: OʻzA

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …