Home / MAQOLALAR / “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARIDA AXLOQIY VA IJTIMOIY MASALALARNING YORITILISHI

“AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARIDA AXLOQIY VA IJTIMOIY MASALALARNING YORITILISHI

Qurʼoni karim va hadislar maʼnaviy-axloqiy tarbiya hamda ijtimoiy muammolarning yechimiga oid dastur va koʻrsatmalarning mukammal toʻplamidir. Qurʼoni karim va hadislarni oʻrganar ekanmiz, ularda axloqiy kamolot, halollik, poklik, imon va vijdon bilan bogʻliq barcha muhim masalalar qamrab olinganini koʻrish mumkin. Shuningdek, inson uchun dogʻ boʻluvchi kufr, razolat, hasad, adovat, xiyonat, yolgʻonchilik, tekinxoʻrlik va tengsizlik kabi salbiy xislatlar ayovsiz qoralangan.

Xulqning asl manbai boʻlgan sunnat ham Qurʼon va uning nuridan hosil boʻlgandir. Zero, Oisha roziyallohu anho onamizdan ham Rasululloh axloqlari haqida soʻrashganda: “Rasulullohning xulqi axloqlari Qurʼon axloqi boʻlgan edilar”, – degan[1].

Imom Buxoriy hazratlari ham Paygʻambarimiz hadislarini toʻplab, ularni turli kitobatlarga taqsim qildilar. “Xolqu afʼolu-l-ibod”, “Al-Adab al-Mufrad”, “Al-Jomeʼ as-Sahih” hadis toʻplamlari shular jumlasidandir.

Maʼlumki, Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” butun islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi eng toʻgʻri va sahih kitob deb eʼtirof etilgan. Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-Sahih” hadislar toʻplamiga nafaqat eʼtiqod va ibodatga oid, balki insoniyatni komillik sari eltuvchi axloqiy va ijtimoiy masalalarga doir hadislarni ham kiritgan.

Mazkur hadis toʻplamining ikkinchi va toʻrtinchi jildlari aynan shu masalalarga bagʻishlangan. Muhaddis mazkur hadis toʻplamida alohida “Odob kitobi”ni tasnif etib, unda odob-axloqqa oid hadislarni keltiradi. Agar eʼtibor qilsak, Imom Buxoriy bu kitobni ota-onaga itoat qilish hamda ularning xizmatiga doim hozir turishga targʻib qilingan va uning fazilatlari haqidagi hadislar bilan boshlaydi:

Abdulloh ibn Masʼud Paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.)dan soʻradilar: “Alloh uchun eng mahbub ish qaysidir? Paygʻambarimiz aytdilar: Vaqtida oʻqilgan namoz. Undan soʻng qaysi amal? Paygʻambarimiz aytdilar: Ota-onaga yaxshilik qilish”, dedilar[2].

Bu hadisda ota-onaga yaxshilik qilish namoz oʻqishdan soʻng eng afzal amal deyilmoqda. Shundan bilamizki, ota-onaga xizmat qilish buyuk amallardan ekan. Islomda namoz oʻqish dinning ustunidir. Namozdan keyin eng afzal ishlardan biri ota-onaga yaxshilik qilish ekan. Ota-ona har bir inson uchun juda moʻtabar va eʼzozli kishilardir. Islom dini ota-ona kim boʻlishidan qatʼi nazar ularni hurmat-ehtirom qilishga buyuradi. Ota-ona moʻmin boʻlsa ham, kofir boʻlsa ham ularga yaxshilik qilish musulmonning burchidir. Ularning amrini bajarish ham farzandlik vazifasi hisoblanadi.

3-bob. Ota-onasi rozi boʻlmasa jihod qilmaydi.

Abdulloh ibn Amr rivoyat qiladilar: Bir kishi Paygʻambar (S.A.V)ning huzurlariga kelib: “Ey, Rasululloh! Sizning huzuringizga hijrat qilish va jihod qilishga bayʼat qilish uchun keldim”, dedi. Shunda Paygʻambarimiz : “Ota-onangdan birortasi hayotmi?”, deb soʻradilar. U: “Ha, ikkisi ham hayotlar”, dedi. Paygʻambar (S.A.V): “Ota-onang huzuriga qaytib bor, ularning xizmatini qilib, rizoligini olgin, soʻng jihod qilgin”, dedilar.[3] Bu hadisdan maʼlum boʻladiki, dunyoga kelishimizga sababchi boʻlgan ota-onalarimizning hurmat-izzatini joyiga qoʻygan holda xizmatini qilib, duolarini olishimiz kerak. Chunki ota-onaning xizmati barcha ezgu amallardan koʻra sharafli ekan.

Ota-onamiz faqat dunyoga kelishimizning sababchisi boʻlib qolmay, balki oxiratda Allohning roziligini olishga imkon beruvchilar hamdir. Bu esa siz bilan bizning xizmatimizga bogʻliq. Xalqimizda “Ota rozi – Xudo rozi”, degan maqol bor. Bu maqol aynan shu hadisning mazmunini anglatadi. Shariatda ota-onaning gʻazabini keltirish eng katta gunohlardan biri hisoblanadi. Uning darajasi ota-onaga oq boʻlgan kishining gunohi bilan tenglashtirilgan. Farzandning ota-onasiga oq boʻlishi uchun ota-onasi “oq qildim”, deyishi shart emas. Oʻzi toʻq boʻlib, ota-onasining och oʻtirishi, doimo ularning dilini ogʻritadigan ishlar qilishi farzandni oʻzi bilmagan holda ota-onasiga oq boʻlishiga olib keladi.

Shuningdek, Imom Buxoriy mazkur kitobda chiroyli xulq va goʻzal muomala qilish haqida rivoyat qilingan hadislarni ham keltirib, moʻmin kishining hayotida odob-axloqning yuqori oʻrinda turishini taʼkidlaydi:

Abdulloh ibn Amr (r.z.): “Rasululloh (S.A.V.) oʻzlari ham behuda fahsh soʻzlamas, oʻzgalarning ham behuda fahsh soʻzlashiga yoʻl qoʻymas edilar va u zot: “Darhaqiqat, sizlarning yaxshingiz – xulqi yaxshi boʻlganingizdir!” deb marhamat qilar edilar”, dedilar.[4]

Abdulloh ibn Amr (r.z.): “Rasululloh (S.A.V.) soʻkongʻich ham, sharmsiz ham emas edilar. U zot: “Sizlarning men uchun eng mahbubingiz – xulqi eng yaxshi boʻlganingizdir”, der edilar.[5]

Abu Hurayra (r.z.) dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (S.A.V.): “Shirin soʻz – sadaqadir”, dedilar.[6]

Ota-onani norozi qilish, yolgʻonchilik, yolgʻon guvohlik berish inson axloqini tubanlashtirib, jamiyatda turli muammolar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradigan hamda moʻmin kishiga xos boʻlmagan sifatlardandir.

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.) yolgʻon guvohlik berishni uchta katta gunohlardan biri bilan bir qatorda keltirganlar: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq boʻlish, nohaqdan jonni oʻldirish va yolgʻon qasam ichish katta gunohlardandir” Imom Buxoriy rivoyati.

Yolgʻon guvohlik berish ijtimoiy buzgʻunchiliklarga sabab boʻladigan yolgʻon turlaridandir. Bu narsa kishilarning bekorga vafot etishi, jabru jafo tortishi, haq-huquqining poymol boʻlishi kabi koʻpgina yomonliklarga olib keladi. Shuning uchun islom dinida yolgʻon guvohlik berish dunyodagi eng katta gunoh – Allohga shirk keltirish bilan tenglashtirilgan.

Yolgʻon soʻz va yolgʻonchilik jamiyatning buzilishi va tanazzuliga sabab boʻluvchi omillarni shakllantiradi. Shuning uchun ular shariatda qattiq qoralangan illatlardan biridir. Hatto Paygʻambarimiz (S.A.V.) boshqa hadislarida: “Yolgʻonchilar mening ummatim emas”, deb bunday yomon sifatli kishilarni islomdan yiroqda ekanini aytganlar. Ammo janjallashib qolgan ikki kishi yoki er-xotinning orasini isloh qilish uchun yolgʻon soʻz ishlatishga ijozat berilgan, chunki bu yolgʻon zamirida shaxsiy manfaat emas, balki jamiyat islohi yotadi.

Ubaydulloh ibn Abu Bakr rivoyat qiladilar: “Men Anas ibn Molikdan eshitdimki, Rasululloh (S.A.V.) gunohi azimlar haqida gapiribdilar yoki odamlar oʻzlari Rasulullohdan gunohi azimlar haqida soʻrashibdi. Shunda Paygʻambarimiz (S.A.V.): “Alloh taologa shirk keltirish, oʻzini oʻzi oʻldirish va ota-onaga oqlik (itoatsizlik) qilish,” debdilar. Keyin yana: “Eng katta gunohlar haqida aytayinmi? Bu tuhmat qilishdir!”, deb qoʻshib qoʻyibdilar”.[7]

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga shariat ahkomlari, savob ishlar va unda man qilingan gunoh amallarni ham birma-bir, navbatma-navbat bayon qilar edilar. Ana shunday kunlarning birida Paygʻambarimiz (S.A.V.) sahobalariga gunoh amallarning kattasi haqida xabar berish istagida ekanini maʼlum qildilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulkan gunohlardan biri “ota-onaga oq boʻlish” ekanidan ogoh etib, uning darajasini Allohdan boshqaga sigʻinadigan kishining gunohi bilan tenglashtirdilar. “Oq boʻlish”ning lugʻaviy maʼnosi – gapga kirmaydigan, boshqalarni hurmat qilmaydigan, degan maʼnolari mavjud boʻlib, asl isteʼmolda “oʻzidan yiroq qilish, begona qilish”, maʼnolarini anglatadi. Ota-onaga oq boʻlish – ularga begona boʻlish maʼnosida qoʻllanilib, ota-ona va farzand munosabatlariga xos iboradir. Ota-onaga oq boʻlish – ota-onaga ozor berish, xafa qilish va buyruqlarini bajarmaslikdan iboratdir. Ularning farzandga seni oq qildim, deyishi shart emas. Dillari ogʻrishining oʻziyoq farzandning oq boʻlganidir. Bu ish farzandning ikki dunyosini xarob qiluvchi amallardandir.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yuqorida zikr etilgan uchta ulkan gunohni bayon qilib boʻlganlaridan soʻng alohida bir urgʻu bilan tuhmat va boʻhton eng katta gunohlardan ekanini taʼkidladilar. Buning sababi, kishilar arzimasdek boʻlib koʻringan soʻzlariga beparvo boʻlmasinlar. Rasululloh (S.A.V) oʻz ummatini tuhmatning gunohi mazkur katta gunohlar kabi ekanini anglab yetsinlar degan maqsadda alohida bayon qildilar. Chunki ayrim gunohlarning oqibati oʻsha gunohdan toʻxtash bilan poyoniga yetadi. Ammo tuhmat va boʻhton kabi gunoh ishlarning zarari yillar oʻtsa-da, toʻxtamasligi yoki bir umr davom etishi mumkin. Tuhmat soʻz sabab jamiyatda parokandalik paydo boʻladi, hatto aka-uka, doʻst-birodar va qarindoshlar orasiga bir umrlik sovuqchilik tushishi mumkin.

Shuningdek, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” hadis toʻplamida axloqiy masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy muammolar va ularning yechimlari bayon qilingan hadislar ham keltirilgan. Jumladan, gʻiybat, chaqimchilik, gap tashish, hasad, arazlashish kabi salbiy illatlar va savdo-sotiq, zakot, yetimlar, qarindoshlar, yoshi ulugʻlarni hurmat qilish kabi munosabatlar yechimi bayon qilingan.

Paygʻambarimiz (S.A.V) axloqiy va ijtimoiy muammolarning eng yaxshi yechimi mahalla, jamoat ekanini alohida taʼkidlaydilar: “Moʻminlarni oʻzaro rahmdillik, doʻstlik va hamdardlik qilishlikda bir aʼzosi ogʻrisa, qolgan barcha aʼzolari birgalikda uni himoya qilib darddan xalos boʻlishiga koʻmaklashuvchi bir tana kabidir deb bilgin!”,[8] deganlar. Ushbu hadisda moʻminlar jamoatining muhim belgilari oʻzining toʻlaqonli ifodasini topgan. Bunday jamoatda yashayotgan haqiqiy inson oʻzini yagona bir jismning, barcha aʼzolari oʻzaro hamdard va hamkor oilaning bir qismi sifatida his etishi lozim. Bu xil jamoatning har bir aʼzosi faqat oʻzini, shaxsiy manfaatini oʻylamay, jamiyatning barcha aʼzolari manfaatlarini himoya qilishi, uning har qanday muammolarini hal qilishda ishtirok etishi zarur. Jamoatga berilgan ushbu taʼrif, bizningcha, avvalo, odob-axloqqa oiddir.

Har bir ota-ona farzandlarini odob-axloq ruhida tarbiyalashi lozim. Ular voyaga yetganida halollik va mehnatsevarlik, odob va hayo, doʻstlik va odamiylik bilan jamiyatda munosib oʻrin egallashga oʻrgatilishi zarur. Bularning barchasini odob-axloq manbai boʻlgan Qurʼoni karim va hadislardan oʻrganib, farzandlarimizni eng yaxshi fazilatlar sohibi qilib kamolga yetkazish barcha ota-onalarning burchidir.

Qatʼiy ishonch bilan aytish mumkinki, Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” hadislar toʻplami nafaqat islom ummati, balki butun dunyo xalqlari uchun ham jamiyatda ijtimoiy va axloqiy meʼyorlar mezonini koʻrsatib beradigan asardir.

Barot AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Bayhaqiy. Shuʼbu-l-iymon. Doru-l-kutubi-l-ilmiya. – Bayrut: 1990.  J.2. – B. 154.
[2] Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T.:  2008. 2-kitob, Odob kitobi. 1-bob, 5970-hadis. – B. 372.
[3] Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T.: 2008. Odob kitobi. 2-kitob, 3-bob, 5972-hadis. – B. 372.
[4] Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T.: 2008. Odob kitobi. 1-kitob, 23-bob, 3559-hadis. – B. 636.
[5] Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T.: 2008. Odob kitobi. 1-kitob, 27-bob, 3759-hadis. – B. 673.
[6] Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T.: 2008. Odob kitobi. 2-kitob, 34-bob,  – B. 379.
[7] Oʻsha asar: Odob kitobi. 2-kitob, 6-bob, 5977-hadis.  – B. 373.
[8] Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T.: 2008. Odob kitobi. 27-bob, 6011-hadis.

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …