Home / KUTUBXONA / MARKAZ MANBALAR XAZINASI

MARKAZ MANBALAR XAZINASI

Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifini ilk bor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda oʻtgan 43-sessiyasi ochilish marosimida ilgari surgan edi. Oradan koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2855-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining №483-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorlar asosida qisqa muddatda barcha sharoitlarga ega yangi maʼrifat maskani barpo etildi.

Markazni tashkil etishdan asosiy maqsad Movarounnahr va umuman musulmon dunyosining buyuk mutafakkirlari qoldirgan boy meros, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan benazir hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish, keng targʻib qilish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo munosabatlarda bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, Vatanga sadoqat, ajdodlarga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqaro miqyosdagi hamkorlik va oʻzaro muloqotni mustahkamlashdan iboratdir.

Markaz oldiga hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan vatandoshlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi mutafakkirlarning ulkan ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali xalqimiz va jahon jamoatchiligi orasida keng targʻib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalari qoʻyildi.

Buyuk allomalarimizning mamlakatimiz va xorijiy davlatlar kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan ijodiy merosiga oid hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan qoʻlyozma, toshbosma asarlarning elektron nusxalarini toʻplash va ularni kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlarini belgilash va amalga oshirish ham shular sirasiga kiradi.

Oʻtgan davr mobaynida ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida maʼnaviy merosimiz durdonalari boʻlgan qoʻlyozma, toshbosma asarlar va tarixiy hujjatlarni toʻplash, saqlash va kelajak avlodga yetkazish maqsadida talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qarorining 2-bandiga asosan jismoniy va yuridik shaxslardan ularda saqlanayotgan qadimiy, noyob qoʻlyozma asarlarni xarid qilish uchun Markazda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan maxsus jamgʻarma tashkil etildi.

Mazkur qarorning 4-bandiga binoan jismoniy va yuridik shaxslardan ularda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qoʻlyozma asarlarni xarid qilish va baholash maqsadida sohaga oid koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan malakali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning qoʻshma qarori bilan, Markaz bilan kelishgan holda, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qoʻlyozma asarlarni xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U asosida bunday kitoblarni xarid qilish ishlari yoʻlga qoʻyildi.

Natijada Markaz manbalar xazinasi doimiy ravishda yangi asarlar bilan boyib bormoqda. Bu ishlar ikki usulda amalga oshmoqda – aholida saqlanayotgan noyob asarlar xarid qilinayotgan boʻlsa, ayrim jismoniy va yuridik shaxslar qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni hadya sifatida taqdim etyapti.

Hozirgi kunda Markaz manbalar xazinasida 1516 dan ziyod qoʻlyozma va toshbosma kitob va tarixiy hujjat saqlanmoqda. Ularning  607 jildini qoʻlyozma, 795 jildini toshbosma kitoblar va 114 tasini tarixiy hujjatlar tashkil etadi. Ulardan 285 dona noyob qoʻlyozma kitob va 114 ta tarixiy hujjat aholidan sotib olindi. Shuningdek, 1117 dona qoʻlyozma va toshbosma kitob jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan hadya tariqasida taqdim etildi. Ularning  322 donasini qoʻlyozma va 795 donasini toshbosma asarlar tashkil etadi.

Qoʻlyozma kitoblarning bir qismi majmua boʻlgani bois mazkur 607 jild qoʻlyozma kitob ichida hammasi boʻlib  1190 asar jamlangan. Bu manbalar XIV-XX asrlarga tegishli boʻlib, jami 21 turdagi diniy va dunyoviy sohani qamrab olgan. Ular arab, fors, turk, tatar, ibroniy va boshqa Sharq xalqlari tillarida yozilgan.

Qoʻlyozmalar orasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhonuddin Margʻinoniy, Nizomiddin Shoshiy, Hakim Termiziy, Abu Hafs Najmiddin Nasafiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi Sharqning buyuk mutafakkir allomalari qalamiga mansub asarlar ham mavjud. Ularning eng nodirlari sifatida taxminan XIV asrga oid Mahmud ibn Umar Zamaxshariy Xorazmiy (538/1144 y.)ning “al-Kashshof an haqoyiq at-tanziyl” asari va 994/1585-86 yillarda koʻchirilgan Abu Abdulloh Muhammad Ismoil Buxoriyning “Sulosiyotul Buxoriy” asrlarini sanab oʻtish mumkin.

Qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan asarlar katalogini tuzish Markazning ustuvor vazifalaridan etib belgilangan. Shunga binoan ilmiy xodimlar tomonidan jamlanmadagi qoʻlyozma asarlardan bir qismining katalogi shakllantirildi va 2018 yilda “Qoʻlyozmalar katalogi” nomi bilan chop etildi. 688 betlik bu manbada 107 allomaning 207 nomdagi 534 qoʻlyozma asari tavsif etilgan. Katalogning oxirida 50 xattot, 41 sahhof, 3 nafar kitob sohibi va 23 muhrning koʻrsatkichlari keltirib oʻtilgan[1]. Hozirgi kunda markaz ilmiy xodimlari tomonidan qolgan qoʻlyozma kitoblarning katalogini tuzish ishlari davom etmoqda.

Imom Buxoriy asarlarining qoʻlyozma nusxalari koʻplab xorijiy va mahalliy kutubxonalarda saqlanmoqda. Ushbu qadimiy nodir qoʻlyozmalar orqali ilm-fanning tarixiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalariga oid maʼlumotlar avloddan avlod­ga yetib kelmoqda. Markaz tadqiqotchilari tomonidan Imom Buxoriy asarlari dunyoning 41 mamlakatidagi 260 kutubxona fondda 22 nomdagi 3296 ta qoʻlyozma nusxasi saqlanayotgani aniqlandi va davlatlar kesimida reyestri tuzildi. Ayni paytda “Sahihul Buxoriy”ning dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalarining katalogini tuzish borasida ishlar olib borilmoqda.

Ustuvor yoʻnalishlardan yana biri ulugʻ alloma va mutafakkirlarimizning Markaz manbalar xazinasida saqlanayotgan bebaho asarlarini zarar yetkazmasdan saqlash, kelajak avlodga bus-butun yetkazish va tadqiq etish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida elektron nusxalarni tayyorlashdir. Buning uchun Islom taraqqiyot banki homiyligi va grant mablagʻlari hisobidan Germaniyadagi “ZEUTSCHEL” firmasining eng zamonaviy skaner qurilmasi olib kelib oʻrnatildi. Hozirga qadar Markaz manbalar xazinasida saqlanayotgan 254 jild kitob (570 asar)ning 40455 varagʻi skaner qilinib, ularning JPЕG va PDF formatdagi elektron nusxalari tayyorlandi.

Markazda qoʻlyozma asarlarning elektron bazasi shakllandi. Hozirgi kunda bu yerda xorijiy va mahalliy fondlardagi 133 000 dan ortiq qoʻlyozma asarning elektron nusxalari saqlanmoqda. Ularning 570 tasini Markaz manbalar xazinasida saqlanayotgan qoʻlyozmalar, 34 tasini allomalarimizning Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida xorijdan olib kelingan asarlari, 2054 tasini internet orqali yuklab olingan kitoblar va 130 000 dan ziyodini Misr Arab Respublikasining sobiq muftiysi Ali Jumaʼ tomonidan taqdim etilgan dunyo fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarning elektron nusxalari tashkil etadi. Ayni paytda bu elektron nusxalardan toʻgʻri va maqsadli foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida qoʻlyozma asarlar platformasini yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.

Manbalar xazinasidagi nodir qoʻlyozma, toshbosma va tarixiy hujjatlarni saqlash uchun yaratilgan shart-sharoit xalqaro standart talablariga toʻla javob beradi va namunaviy meʼyorlarga mos keladi. Unga havo moʻtadilligini saqlab turish uskunasi va qoʻlyozmalarni saqlash uchun maxsus temir stellajlar oʻrnatilgan.

Ushbu xazina xalqimizning bebaho boyligi boʻlib, yosh avlod uchun donishmandlik va bilim oʻchogʻi, kerak boʻlsa, yangi kashfiyotlar uchun ajoyib manba boʻlib xizmat qiladi. Bugungi kungacha yetib kelgan bu boy merosdan xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida oqilona va samarali foydalanish, ularni saqlash har birimizning muqaddas burchimizdir.

Oldimizda turgan navbatdagi vazifalardan biri manbalar xazinasida saqlanayotgan nodir asarlarni taʼmirlash uchun restavratsiya yoʻnalishini yoʻlga qoʻyishdir.

Soʻz soʻngida yana bir taʼkidlab oʻtmoqchiman – qoʻlyozma asarlarni saqlash va ulardan foydalanish oʻta masʼuliyatli vazifa boʻlib, alohida diqqat-eʼtibor va talay ishlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Jumladan, nodir asarlardan toʻgʻri foydalanishni yoʻlga qoʻyish, taʼmirlash boʻyicha amaliyot laboratoriyalarini shakllantirish ajdodlarimiz merosi boʻlmish noyob qoʻlyozma asarlar saqlanishining asosiy omili hisoblanadi.

[1] Ziyodov Sh. (loyiha rahbari). Imom Buxoriy xalqaro markazi “Qoʻlyozmalar katalogi”. Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2018. – 688 bet.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XALIFALIKMI YOKI PODSHOHLIK? (Mahmud Abdulmoʻmin (Hizbuttahrir)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

Maʼlumki, Islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida …