Home / MAQOLALAR / ILLATGA YAQINLASHISH ILLATGA ELTADI

ILLATGA YAQINLASHISH ILLATGA ELTADI

Islom poklik dinidir. Buzuqlik keskin taʼqiqlangan gunohlardan sanaladi. U insonning ruhiy tinchligini yoʻqotadigan razolatdir. Shuningdek, unga sabab boʻladigan narsalar ham haromdir.

Alloh taolo:

﴿وَلَا تَقْرَبُوا الزِّنَا إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلًا﴾

“Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yoʻldir”[1]deydi.

Shayx Shaʼroviy aytadi: “Haq subhonahu va taolo insonni yaratgan Zotdir. U bandasini yaxshi biluvchidir. Uning haromga yaqinlashishini istamaydi. Chunki u insonni zaiflashtiradigan, yomonga yoʻnaltiradigan, garchi yorqin va jozibador esa-da, faqat balo keltiradigan illatdir. Shuning uchun Alloh taolo unga yaqinlashishni man qilib, ishni bajarishning oʻzi bilan ishga yaqinlashishning orasini ajratdi. Harom qilingan narsa oʻsha gunoh ishni amalda bajarishdir.

Agar unday boʻlsa savol tugʻiladiki, nima uchun Alloh taolo oyatda yaqinlashishni ham harom qildi va undan ogohlantirdi?

Unga bunday javob beramiz: Alloh taolo jinsiy instinkt va shahvoniy hirs masalasida bandasiga rahm qilishni xohladi. Chunki bu insonning eng kuchli instinktlaridan biridir. Agar banda unga sal boʻlsa ham yaqinlashsa, ichiga tushib qolishi hech gap emas. Zinoning nafaqat oʻzidan, balki unga olib keladigan sabablardan uzoqroq turish kishi uchun xavfsizroqdir.

Ulamolar sezish va bilishning namoyon boʻlishi haqida gapirganda, ularni uch bosqichga boʻlgan: idrok, his-tuygʻu va amaliy intilish.

Faraz qilaylik, bogʻda sayr qilyapsiz va u yerda goʻzal atirgulni koʻrdingiz. Unga qaragan lahzangiz “idrok” deb ataladi. Chunki siz uning mavjudligini koʻrish hissi orqali anglagansiz, unga qarashingiz va goʻzalligidan bahramand boʻlishingizga hech kim xalal bermagan.

Agar siz uni yoqtirib qolsangiz, qalbingizda unga mehr uygʻonsa, bu “his-tuygʻu” deb ataladi. Yaʼni, koʻrgan narsangiz ichingizda gʻulgʻula paydo qiladi.

Agar siz uzib olish uchun unga qoʻl uzatsangiz, bu “amaliy intilish”, deb nomlanadi, yaʼni amaliy harakat sodir boʻladi.

Endi savol: shariat shu uchlikning qaysi bosqichiga aralashadi?

Shariat “amaliy intilish” bosqichini nazorat qiladi, “idrok” yoki “his-tuygʻu” bosqichlariga toʻsqinlik qilmaydi.

Ammo jinsiy instinkt masalasi bu qoidadan mustasnodir. Bu borada “intilish”ni “his-tuygʻu”dan, “his-tuygʻu”ni “idrok”dan ajratish mumkin emas. Bu masalada hamma bosqichlar bir-biriga uzviy bogʻlangan. Insonning nafsi ularning chegarasini oʻz vaqtida va aniq ajrata olmaydi.

Agar erkak kishi biror goʻzal ayolga koʻzi tushsa, bu tezda hayrat va moyillikni, keyin ehtiros va qoʻl uzatishga chorlaydigan kuchli instinktni qoʻzgʻatadi. Bu esa biz qoʻrqadigan “amaliy intilish” bosqichiga olib keladi.

Bu vaziyatda u intilib, oʻz instinkti chaqirigʻiga labbay deb javob berib, harom ishni qiladi yoki oʻzini tiyib, mahrumlik iztirobidan azob chekishda davom etadi.

Alloh taolo Oʻzi yaratgan maxluqotlarning tabiati, ularning ichida kechayotgan va gʻalayon qilayotgan his-tuygʻularni yaxshi biladi. Shuning uchun nafaqat zinoning oʻzi, balki nazar solishdan to zinogacha olib boradigan hamma narsani harom qildi.

Qurʼoni karimda Alloh taolo:

﴿قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ﴾

(Ey Muhammad!) Moʻminlarga ayting, koʻzlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar”[2]deydi.

Chunki agar kishi idrok qilsa, his qiladi. His qilsa, intiladi. Intilsa, odamlarning shaʼniga putur yetkazadi. Agar sabr qilib iffatini saqlasa, iztirob chiqadi.

Demak, oʻzni va jamiyatni asrashning, harom narsalardan saqlanishning eng toʻgʻri yechimi – odamlarning mahramlaridan koʻzni tiyishdir. Ularning shaʼnu obroʻsiga rahm bilan munosabatda boʻlsangiz, oʻzingizga rahm qilgan boʻlasiz.

Ammo bu haqiqat koʻpincha unutiladi. Inson harom aloqa-munosabatlar sababli oʻzini aldaydi. U bu borada xatokor ekanini bilmaydi.

Yaratgan Zot bandasini va uning ahvolini yaxshiroq biluvchidir. Shu sababli unga jamiyatga yoki oʻziga keladigan zararlar tufayli koʻzini past tutishni buyurdi.

Abdulloh ibn Masʼuddan rivoyat qilingan quyidagi hadisi qudsiyda bunday deyiladi: “Nazar shaytonning zaharlangan oʻqlaridan bir oʻqdir. Kim mendan qoʻrqib uni tark etsa, qalbida halovatini topadigan imonni beraman” (Tabaroniy. Al-kabir).

Bundan biz Alloh taoloning “Zinoga yaqinlashmang!” degan soʻzining maʼnosini tushunib olamiz. U Zot “zino qilmang!” demadi, balki “yaqinlashmang”, dedi. Chunki bu jinoyatga yaqinlashish unga yoʻliqishga olib keladi.

Inson unga yaqinlashmaslik uchun ehtiyot boʻlishi lozim. Chunki man etilgan narsa atrofida aylanib yurgan odamda uning ichiga tushib qolish ehtimoli koʻp boʻladi. Inson fahshga chaqiruvchi har qanday omillardan saqlanishi kerak. Chunki botil ish qanchalik yuqori va ergashuvchilari koʻp boʻlmasin, hech qachon haq boʻlolmaydi.

[1] Isro surasi, 32-oyat.
[2] Nur surasi, 30-oyat.
Ushbu maqola Navvor ibn Shalliyning “Jamiyatdagi illatlar va ularning yechimlar” kitobi asosida tayyorlandi.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqola PDF formatda

Maqola Word formatda

Check Also

XALIFALIKMI YOKI PODSHOHLIK? (Mahmud Abdulmoʻmin (Hizbuttahrir)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

Maʼlumki, Islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida …