Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ ILMIY XODIMLARI QOZOGʻISTONDAGI NUFUZLI ANJUMANDA ISHTIROK ETDI

MARKAZ ILMIY XODIMLARI QOZOGʻISTONDAGI NUFUZLI ANJUMANDA ISHTIROK ETDI

Joriy yilning 17-18 may kunlari Qozogʻistonning Olmaota shahrida Nur-Muborak Misr Islom madaniyati universiteti va Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRSIKA) bilan hamkorlikda “Hisomuddin Sigʻnoqiyning islom sivilizatsiyasidagi merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Qozoq elining atoqli olimi Hisomiddin Sigʻnoqiy tavalludining 800 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ilmiy anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev va tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mexrojiddini Amonov oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Maʼruzachilar Sigʻnoqiy ilmiy merosining ahamiyati, asarlarining Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekistonda saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari, yetuk alloma darajasida yetishtirgan shogirdlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Hisomuddin Sigʻnoqiy Buxoroda Hafizuddin Kabir Buxoriydan tahsil olgan. Uning avlodlari nasabnomalarda Sigʻnoq ota laqabi bilan ham tilga olingan. Nasab va hasab jihatidan Burhoniddin Margʻinoniy avlodidan boʻlgan Sigʻnoqiy Qohira, Makka, Madina va Damashq kabi shaharlar bilan birga Buxoro, Xorazm va Samarqanddagi ilmiy majlislarda ham qatnashgan. Uning “Hidoya”ga yozgan “an-Nihoya” nomli sharhi, Muhammad Nasafiy Makhuliyning “Sharh at-tamhid fi qavoid at-tavhid” kitobiga, “al-Kofi fi sharh usul al-Pazdaviy”ga qilgan tasnifi, Axsikatiyning “Muntaxab” kitobiga sharhi hamda usulga oid “Sharh at-Tamhid”, sarfga taalluqli “Najoh” nomli asarlari mashhur.

Konferensiya ishtirokchilari maʼruzalar muhokamasida Markaziy Osiyoda faoliyat olib borgan allomalar ilmiy-maʼnaviy merosini hamkorlikdagi ilmiy loyihalar doirasida yanada kengroq oʻrganish, nodir asarlarni saqlash va restavratsiya qilish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish hamda Sigʻnoqiy va boshqa allomalar asarlarini tadqiq qilishda qoʻlyozma fondlari oʻrtasida ilmiy-amaliy almashuvni tizimli yoʻlga qoʻyish zaruratini taʼkidladi.

 

Markaz ilmiy xodimlari konferensiya doirasida “Qozogʻistondagi qoʻlyozma fondlari: saqlash va tadqiq qilish” mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy seminar ishida ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Rossiya musulmonlariga yangi nashrlar taqdimot qilindi

Avval xabar berilganidek, Qozon shahridagi Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi” boʻlib oʻtmoqda. …