Home / MAQOLALAR / MUHADDISLAR FAZILATI

MUHADDISLAR FAZILATI

“Muhaddis” degan nom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini yod olib, boshqalarga toʻliq yetkazib beruvchiga nisbatan qoʻllanishining oʻzi ham bu toifaga mansub odam yuksak fazilat egasi ekanini koʻrsatib turadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari shunchaki oddiy soʻzlar emas, balki insoniyatni kufr zulmatidan imon nuriga olib chiqish, ulugʻ xulqlarni kamolga yetkazish va din ahkomlarini mukammal oʻrgatish uchun yangragan muborak hadislar edi.

 Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday deydi:

﴿كَمَا أَرْسَلْنَا فِيكُمْ رَسُولًا مِّنكُمْ يَتْلُو عَلَيْكُمْ آيَاتِنَا وَيُزَكِّيكُمْ وَيُعَلِّمُكُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَيُعَلِّمُكُم مَّا لَمْ تَكُونُوا تَعْلَمُونَ﴾

“Biz sizlarga oʻzingizdan boʻlgan bir elchini yubordik. U sizlarga Bizning oyatlarimizni tilovat qilib beradi, sizlarni (maʼnaviy) poklaydi hamda sizlarga kitob va hikmatni yana bilmagan narsalaringizni ham taʼlim beradi”[1]. Ushbu oyati karimada odamlarga dinlarini oʻrgatadigan paygʻambarni yuborish katta neʼmat ekani va ular bu neʼmatga shukrona keltirishi lozim ekani uqtirilmoqda.

Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday degan:

﴿وَما آتاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَما نَهاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا﴾

“Rasul sizlarga nimani keltirgan boʻlsa, uni oling, sizlarni nimadan qaytargan boʻlsa, undan tiyiling!”[2] Ushbu oyatda moʻmin-musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan taʼlimotlarga amal qilishi lozimligi ochiq bayon qilingan. U zotning farz amallar toʻgʻrisidagi taʼlimotlariga amal qilish farz, vojib amallarga tegishlisiga amal qilish vojib, sunnat amallarga taalluqli boʻlganiga amal qilish sunnat va mustahab amallarga oidiga amal qilish mustahabdir. Bundan tashqari u zot qaytargan amallar ham asosan ikki turga: harom va makruh amallarga boʻlinadi. Insoniyatning najoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan taʼlimotlarga bogʻliq ekan, ularni saqlab qolish oʻta muhimligi oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi.

Alloh taolo bandalarga marhamatli Zot boʻlgani uchun, ularga foydali boʻlgan taʼlimotlarni saqlab qolishda hikmati ilohiysini ishga solib, odamlar orasidan “Muhaddis” degan sharafli nomga loyiq insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ular sahih hadislarni toʻqima gaplardan ajratish uchun bor imkoniyatini ishga solib, oʻziga yuklatilgan vazifani aʼlo darajada uddaladi. Bu masʼuliyatli ishda ularga Alloh taoloning Oʻzi madadkor boʻldi.

Muhaddislar sahih hadislarni toʻplash maqsadida minglab kilometr masofalarni bosib oʻtdi. Hadislarni eng ishonchli roviylardan eshitib, puxta tahlil qilgandan keyingina oʻz kitobiga kiritdi. Bu bilan Qurʼondan keyingi eng asosiy manbani musaffo tarzda saqlanib qolishiga katta hissa qoʻshdi. Agar ular shunday qilmaganida, odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarni qayerdan bilardi va qanday qilib sahih hadislarni toʻqima gaplardan ajrata olardi?! Yoʻq, albatta. Muhaddislarning sahih toʻplamlarisiz hech kim hadis borasida chuqur bilimga ega boʻla olmas edi.

 Muhaddislar hadis borasida keyingilarga ustoz boʻlganlik jihatidan ham yuksak fazilat egasidir. Zero, ustozning martabasi ulugʻ ekani hammaga birdek maʼlum.

 Hadis imomlarining eng fazilatlilari “olti sahih” toʻplami sohiblari boʻlib, ularning orasida eng sharaflisi butun dunyo musulmonlari eʼtirof etgan vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlaridir. Bunday ulugʻ insonning yurtimizdan yetishib chiqishi, shu yurt farzandlarining iftixori sanaladi. Umid qilamizki, kelajakda Imom Buxoriy kabi yurtning obroʻsini koʻklarga koʻtaradigan hadis olimlari yetishib chiqadi.

[1] Baqara surasi, 151-oyat
[2] Hashr surasi, 7-oyat
Obid XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …