Home / MAQOLALAR / UZOQ UMR KOʻRGAN SAHOBA

UZOQ UMR KOʻRGAN SAHOBA

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan minglab insonlar hamsuhbat boʻlgan. Biroq ularning barchasi ham sahoba boʻlish baxtiga musharraf boʻlmagan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni paygʻambarlik davrlarida koʻrgan, u zot bilan hamsuhbat boʻlgan va imon keltirib, moʻmin holida vafot etganlargina sahoba deyiladi.

Sahobalarni faqat yaxshi sifat va yaxshi nom bilan tilga olish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning martabasi yuksak darajada ekanini quyidagicha bayon qilganlar:

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ “لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ”. رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ[1]

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sahobalarimni soʻkmanglar (tahqirlamanglar), jonim uning qoʻlida boʻlgan zot (Alloh)ga qasamki, agar sizlardan birortangiz Uhud (togʻi) mislicha oltin nafaqa qilsangiz ham, birorta (sahobalar)ning “mud”[2]ini ham, uning yarmini ham topa olmaydi”, – dedilar.  (Imom Termiziy rivoyati).

Sahobalarni haqoratomuz – yomon soʻz bilan tilga olgan kimsa esa haq yoʻldan adashishi muqarrar, chunki Islom dini keyingilarga ular orqali yetib kelgan. Sahobalar bu omonatni yetkazish yoʻlidagi barcha mashaqqatlarni zimmasiga olgan holda vazifani toʻla-toʻkis ado etgan. Ularning adadi qancha boʻlgani haqida tarixchilar aniq bir toʻxtamga kelmagan. Baʼzi manbalarda yuz mingdan ortiq deyilsa, boshqalarida bir yuz oʻn toʻrt ming nafar boʻlgani qayd etilgan.

Mashhur sahobalardan biri Anas ibn Molik roziyallohu anhu boʻlib, uning toʻliq ismi Anas ibn Molik ibn Nazr ibn Zomzom ibn Zayd ibn Harom ibn Jundub ibn Omir ibn Gʻanam ibn Aʼdy ibn Najjor ibn Saʼlaba ibn Amr ibn Xazraj Ansoriydir. U oʻn ikkinchi bobosi Xazrajga nisbat berib, Xazrajiy ham deyiladi. Abu Hamza uning kunyasidir.

Otasi – Molik ibn Nazr ham oʻsha davrda yashagan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni paygʻambarlik davrlarida koʻrgan, lekin imon keltirmasdan mushrik holida vafot etgan.

Onasi – mashhur sahobiya Ummu Sulaym binti Milhon ibn Xolid ibn Zayd ibn Harom Ansoriydir. Uning kunyasi “Ummu Sulaym” va “Rumayso” boʻlgan. Manbalarda Ummu Sulaym roziyallohu anhoning ismi Sahla, Unayfa va Mulayka boʻlgani qayd etilgan. Nasab jihatdan Ummu Sulaymning bobosi Xolid bilan turmush oʻrtogʻi Molikning bobosi Zomzom aka-uka boʻlib, ikkisi ham Zayd ibn Haromning farzandlari edi. Ummu Sulaym roziyallohu anho eri Molik ibn Nazr vafot etmasdan avval islomni qabul qilgan. Turmush oʻrtogʻi vafot etganidan soʻng Abu Talha Zayd ibn Sahl Ansoriy Najjoriyga turmushga chiqadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai Munavvaraga hijrat qilganlarida U zotning xizmatlarida boʻlib turadigan kishi kerak edi. Anas roziyallohu anhuning ota-onasi bu imkoniyatdan foydalanib yosh Anasni U zotning xizmatlariga bergan. Anas roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlariga topshirilishi garchi bir marta yuz bergan boʻlsa-da, ikki sahih rivoyatga koʻra, bu voqea ikki marta sodir boʻlgan deyiladi.

– Birinchisi, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyatiga koʻra
onasi Ummu Sulaym roziyallohu anho olib borib topshirgan:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ: جَاءَتْ بِى أُمِّى، أُمُّ أَنَسٍ إِلَى رَسُولِ اللَّهِ – صلى الله عليه وسلم – وَقَدْ أَزَّرَتْنِى بِنِصْفِ خِمَارِهَا وَرَدَّتْنِى بِنِصْفِهِ. فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللَّهِ! هَذَا أُنَيْسٌ، ابْنِى. أَتَيْتُكَ بِهِ يَخْدُمُكَ. فَادْعُ اللَّهَ لَهُ. فَقَالَ: “اللَّهُمَّ أَكْثِرْ مَالَهُ وَوَلَدَهُ”.

 قَالَ أَنَسٌ: فَوَاللَّهِ! إِنَّ مَالِى لَكَثِيرٌ. وَإِنَّ وَلَدِى وَوَلَدَ وَلَدِى لَيَتَعَادُّونَ عَلَى نَحْوِ الْمِائَةِ، الْيَوْمَ.[3]

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Onam meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga olib keldilar. Onam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bergan xurmoning yarmini menga berib, qolgan yarmini (keyinchalik menga berish uchun) kiyimlariga oʻrab qoʻydi. U zotga qarab: Ey Rasululloh! Mana bu mening oʻgʻlim Anascha. Men uni sizning xizmatingizga olib keldim. Uning uchun Allohga duo qiling! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim, uning moli va farzandlarini moʻl qilgin!” – deb duo qildilar.

Anas roziyallohu anhu aytadi: Allohga qasamki! Haqiqatda mening molu davlatim koʻpdir. Mening farzandlarim va nabiralarim (farzandlarimning farzandlari) bugungi kunda yuz nafardan oshadi.

– ikkinchisi, Imom Buxoriyning rivoyat qilishiga koʻra, uni Rasulullohga oʻgay otasi Abu Talha roziyallohu anhu olib borib topshirgan:

عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ – عَنْهُ قَالَ: قَدِمَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ لَيْسَ لَهُ خَادِمٌ، فَأَخَذَ أَبُو طَلْحَةَ بِيَدِي، فَانْطَلَقَ بِي إِلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ أَنَسًا غُلَامٌ كَيِّسٌ فَلْيَخْدُمْكَ، قَالَ: فَخَدَمْتُهُ فِي السَّفَرِ وَالْحَضَرِ مَا قَالَ لِي لِشَيْءٍ صَنَعْتُهُ لِمَ صَنَعْتَ هَذَا هَكَذَا؟ وَلاَ لِشَيْءٍ لَمْ أَصْنَعْهُ لِمَ لَمْ تَصْنَعْ هَذَا هَكَذَا؟[4]

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida xizmatlarini qilguvchi bir dastyorlari, xizmatkori yoʻq edi. Shunda Abu Talha meni qoʻlimdan tutib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordilar-da: “Yo Rasululloh, Anas (ziyrak) epchil va farosatli bola, sizning xizmatingizni qilsin!” – dedilar. Shundan soʻng, men ul zotning (oʻn yil) safarda ham, muqimlikda ham xizmatlarini qildim. Ul zot menga biror marta qilgan ishim uchun “Nega bunday qilding?” yoxud biror marta qilmagan ishim uchun “Nega bunday qilmading?” deb aytmadilar”. Ushbu ikki hadis ham (sahih yoʻl bilan) Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan. Shu bois bu voqea ikki marta sodir boʻlgan deyiladi.

Oʻsha kundan boshlab Anas roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida boʻlgan.

 Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilganlarida Anas roziyallohu anhu oʻn yoshda boʻlgan. Shundan soʻng yana oʻn yil xizmatlarida boʻlgan.

Buni Anas roziyallohu anhuning quyidagi soʻzlari isbotlaydi.

قال الزهري، عن أنس بن مالك: قدم رسول الله صلى الله عليه وسلم المدينة، وأنا ابن عشر سنين، وتوفي وأنا ابن عشرين سنة، وكن أمهاتي يحثثنني على خدمته[5].

Zuhriy aytadi: Anas roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida men oʻn yoshda edim. Vafot etganlarida yigirma yoshda edim. Onam meni U zotning xizmatlariga qiziqtirar edi”, – dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Anas roziyallohu anhuga munosabatlari mehribon otaning farzandiga qilgan muomalasidek boʻlgan. Buni Anas roziyallohu anhu shunday bayon qilgan:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror qilgan ishimni nimaga bunday qilding yoki buyurgan ishimni nega qilmading, deb soʻramas edilar. Balki “Alloh xohlagani boʻladi, xohlamagani boʻlmaydi”, der edilar”. Anas ibn Molik oʻn yil davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarini qilgan boʻlsalar-da, u zotdan biror marta tanbeh eshitmagan. Bu holat Rasulullohning oliy xulqlariga va Anas ibn Molikni Abu Talha aytganidek oʻta ziyrak va farosatli boʻlganiga dalolat qiladi.

Anas roziyallohu anhu eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahobalardan biridir. U kishi hadis rivoyat qilish borasida 5374 ta hadis rivoyat qilgan Abu Hurayra roziyallohu anhu va 2630 ta hadis rivoyat qilgan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhulardan keyingi oʻrinda turadi. Anas roziyallohu anhu 2286 ta hadis rivoyat qilgan. Shundan 168 tasini ham Imom Buxoriy, ham Imom Muslimlar oʻz asarlarida keltirgan. Ushbu hadislardan 83 tasini yolgʻiz Imom Buxoriy, 71 tasini Imom Muslim keltirgan. Qolgan 1964 tasi esa boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.

Anas roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida koʻp boʻlgani bois hadis va sunnatni oʻzlashtirishda peshqadam sahobalardan edi. Hatto, aksar amallarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday bajargan boʻlsalar Anas roziyallohu anhu xuddi shunday oʻzlashtirib olgan. Shuning uchun ham namozni chin ixlos, xushuʼ va xuzuʼ bilan oʻqishda Anas roziyallohu anhuga yetadigan sahobiy kam boʻlgan.     

عن ابى هريرة: ما رأيت أحدا أشبه صلاة، برسول الله صلى الله عليه وسلم من ابن أم سليم ـ يعنى أنس.[6]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ummu Sulaymning oʻgʻli – yaʼni Anas ibn Molikdan boshqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlariga oʻxshash namoz oʻqiydigan biror kishini koʻrmadim”, degan.

Anas roziyallohu anhu Rasululloh vafotlaridan soʻng avval Damashqda yashagan, keyin Basraga koʻchib oʻtib, oʻsha yerda 93/712 yili 103 yoshida  vafot etgan. Muhammad ibn Siyrin jasadini yuvgan. Qatoda ibn Mudrik esa janozasini oʻqigan.

Anas roziyallohu anhu eng oxirgi vafot etgan sahobalardan boʻlib, koʻplab eng soʻnggi tobeʼinlarga ustozlik qilgan.

[1] Muhammad ibn Iso Termiziy. Jomyeut Termiziy. Riyod. 1999. –B.872. 3861-hadis.
[2] Ogʻirlik oʻlchov birligi boʻlib, 1 mud 544 gramga teng.
[3] Muslim ibn Hajjoj. Sahihu Muslim. Msir. Maktabatul iyman. Kitab fazoilus sahoba. 32–bob. 143-hadis. –B. 1241.
[4] Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul Buxoriy. J. 2. – Qohira. Muassasatul Muxtor, 2004. 2768-hadis. – B. 636. 
[5] Abul Hajjoj Yusuf ibn Zakiy. Tahzibul kamol. J. 3. – Bayrut. 1980. – B. 363.
[6] Abul Hajjoj Yusuf ibn Zakiy. Tahzibul kamol. J. 3. – Bayrut. 1980. – B. 368.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda …