Home / ALLOMALAR / ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL BUXORIY (810-870)2-qism

ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL BUXORIY (810-870)2-qism

Manbalarda Imom Buxoriy oʻz vatanida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustozlardan hadis rivoyat qilgani koʻrsatilgan. Uning dastlabki ustozlari haqida gapiradigan boʻlsak, birinchi navbatda, oʻsha davrda Buxoroda koʻzga koʻringan muhaddislardan Muhammad ibn Salom Poykandiy (777-839), Muhammad ibn Yusuf Poykandiy (738-825), Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy (vaf. 843 y.), Abdulhamid Keshiy (vaf. 863 y.) va boshqalarni koʻrsatish mumkin.

825 yili oʻn olti yashar Muhammad onasi va akasi Ahmad bilan haj ibodatini ado etish niyatida Makka tomon yoʻl oladi. Barcha amallar ado etilganidan keyin onasi bilan akasi Buxoroga qaytadi, u esa Makkada qoladi va bu muqaddas shahar olimlari Abulvalid ibn Arzaqiy va Abdulloh ibn Zubayr Humaydiydan hadis ilmini oʻrganadi.

Imom Buxoriy 827 yilda oʻn sakkiz yoshida Madinai munavvaraga keladi va u yerda Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza, Abu Sobit Muhammad ibn Ubaydulloh, Abdulaziz ibn Abdulloh Uvaysiy kabi bir qancha yetuk olimlardan tahsil oladi.

Imom Buxoriy bu yerda oʻzining dastlabki asari “At-Tarixul kabir” (“Katta tarix”)ni yozadi. Soʻng Iroqning Basra shahriga borib, Imom Abu Osim Nabiyl, Safvon ibn Iso, Badal ibn Arʼara, Sulaymon ibn Harb, Abulvalid Tayolisiy, Muhammad ibn Sinon kabi ulamolardan saboq oladi.

Bagʻdodga borganida allomaga Imom Ahmad ibn Hanbal, Muhammad ibn Iso Sabbo, Muhammad ibn Soiq, Shurayh ibn Noʻmon va boshqalar ustozlik qiladi.

Imom Buxoriy Shomda ham boʻlib, Yusuf Faryobiy, Abu Nasr Isʼhoq ibn Ibrohim va Odam ibn Abu Iybos Abu Yaman Hakam ibn Nofiʼ va Hayvat ibn Shuriyh singari oʻsha davrning bir qancha mashhur olimlaridan saboq oladi. Shundan soʻng Misrga oʻtib, Usmon ibn Sogʻ Said ibn Abu Maryam, Abdulloh ibn Solih, Ahmad ibn Solih, Ahmad ibn Shubayb, Asbagʻ ibn Faraj, Said ibn Abu Iso, Said ibn Kasir ibn Afir, Yahyo ibn Abdulloh ibn Bakir kabi olimlardan dars oladi. Baʼzi manbalarda koʻrsatilishicha, Mesopotamiya (Jaziyra)da ham boʻlib, Ahmad ibn Abu Malik Harroniy, Ahmad ibn Yazid Harroniy, Amru ibn Xalaf va Ismoil ibn Abdulloh Raqqiy bilan muloqotda boʻlgan.

Bundan tashqari, alloma Xurosonning Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlariga bir necha marta borib, u yerlardagi olimlardan saboq oladi. Jumladan, Marvdagi Ali ibn Hasan ibn Shaqiq, Abdon, Muhammad ibn Muqotil va boshqalardan, Balxdagi Makkiy ibn Ibrohim, Hasan ibn Shujaʼ, Yahyo ibn Muso, Qutayba kabi muhaddislardan hadis rivoyat qiladi. Hirotda Ahmad ibn Abulvalid Hanafiy, Nishopurda Yahyo ibn Yahyo, Bashar ibn Hakam, Isʼhoq ibn Rohavayh, Muhammad ibn Rafiʼ, Rayda Ibrohim ibn Muso, Vositda Hison ibn Hison ibn Abdulloh, Said ibn Abdulloh kabi olimlardan hadis oʻrganadi.

Tarixchilar Imom Buxoriyning ustozlari soni haqida ham maʼlumot keltirgan. Jumladan, Muhammad ibn Abu Hotamning yozishicha, allomaning oʻzi suhbatlardan birida: “Bir ming saksonta shayx (ustoz)dan yozganman”, deb aytgan. X asrda yashagan isfahonlik olim Muhammad ibn Isʼhoq ibn Manda Isfahoniy (922-1005) Imom Buxoriyning ustozlari haqida maxsus asar yozib, ularning nomlarini alifbo tartibida keltiradi.

Oʻz davrining mashhur muhaddislaridan biri sanalgan Muslim ibn Hajjoj (822-875) Imom Buxoriyning chuqur bilimiga tan berib, unga samimiy tarzda va munosib ravishda: “Sizni faqat hasadgoʻylargina koʻra olmaydi. Imonim komilki, sizdek buyuk olim jumlai jahonda yoʻq”, deb xitob qilgan.

SAMARQAND ALLOMALARI kitobidan

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …