Home / FOTO LAVHALAR / XALQARO TANLOV GʻOLIBLARI MARKAZDA MЕHMON BOʻLDI

XALQARO TANLOV GʻOLIBLARI MARKAZDA MЕHMON BOʻLDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Imom Moturidiyning ilmiy merosi boʻyicha misrlik tadqiqotchilar oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro tanlov gʻoliblari – Al-Azhar universiteti “Usulud din” kafedrasi mudiri dr. Avvod Mahmud Salim, mazkur kafedra oʻqituvchilari Muhammad Abdulaziz Mishʼol va Amal Usmon tashrif buyurdi.

Tanlovda birinchi uch oʻrinni egallagan gʻoliblar uchun mukofot tarzida Oʻzbekistonga tashkil etilgan 10 kunlik sayohat doirasida yurtimizga kelgan mehmonlarni direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev kutib oldi va Markaz muzeyi bilan yaqindan tanishtirdi.

Tashrif davomida Al-Azhar tadqiqotchilari va Markaz ilmiy xodimlari ishtirokida “Samarqand aqida maktabining oʻziga xos jihatlari” mavzusida xalqaro davra suhbati oʻtkazildi.

Anjumanda Avvod Mahmud Salim moturidiylik taʼlimotiga doir foydali maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Imom Abu Mansur Moturidiy shakllantirgan bu maktabning qarashlari moʻtadillikka asoslangani, bu esa bugunning dolzarb masalalaridan biri boʻlgan takfir tushunchasida ham oʻz ifodasini topgani taʼkidlandi. Maʼlumki, ahli sunna val jamoa aqidasiga koʻra, gunohi kabiraga qoʻl urgan moʻminlar kofirga chiqarilmaydi.

Olim ahli sunna val jamoaning ikki buyuk imomi – Abu Mansur Moturidiy va Abu Hasan Ashʼariy oʻzining aqidaviy qarashlarini salafi solihlardan olganini, ular oʻzicha hech bir yangilik kiritmaganini aniq dalillar orqali tushuntirib oʻtdi.

Avvod Mahmud Salim ilohiyot mavzusiga toʻxtalib, ayrimlar tavhidni uchga – rububiyat, ilohiyot va ism-sifatlar tavhidiga boʻlib talqin qilishi ilmiy asosga ega emasligini aytdi. Moturidiylar va ashʼariylarning gʻayb olamiga tegishli masalalardan qabr azobi, sirot koʻprigi, jannatda Alloh taoloning diydorini koʻrish masalalari boʻyicha qarashlarini batafsil keltirib, bu ikki maktab oʻrtasidagi kichik ixtiloflar asl mohiyatga daxl qilmasligi, ular faqat lafzda shundayligini misollar orqali koʻrsatib berdi.

Muhammad Abdulaziz Mishʼal esa fiqhiy mazhablarning vujudga kelishi haqida soʻzladi. Ayrimlar daʼvo qilayotgandek, bu bidʼat emasligi, xususan, Abdulloh ibn Masʼud, Abdulloh ibn Abbos kabi ayrim sahobalarning oʻz fiqhiy qarashlari – mazhabi boʻlganini eslatib oʻtdi.

Amal Usmon moturidiylik mazhabi oʻz qarashlarini isbotlashda Qurʼoni karimdan keyin albatta hadisi shariflarga asoslanishi haqida soʻz yuritdi. Bu mavzuda aynan Imom Buxoriy qoʻnim topgan Samarqand zaminida, uning nomi bilan atalgan Markazda turib soʻz yuritayotganidan mamnunligini bildirdi.

Umuman olganda, misrlik olimlar Oʻzbekistonda ajdodlar, xususan, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish yuzasidan olib borilayotgan samarali oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Kelajakda yana shunday ilmiy anjumanlar oʻtkazishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Davra suhbati qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Tadbir yakunida mehmonlarga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar toʻplami taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …