Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING RIHLATI

IMOM BUXORIYNING RIHLATI

Muhaddislar ilm yoʻlidagi safarlarga “rihlat” atamasini ishlatgan. Tarixan hadis talabidagi safarlar sahoba va tobeinlar davridayoq boshlangan. Ulardan ayrimlari bitta hadis uchun bir oylik yoʻlni bosib oʻtgani haqida rivoyatlar ham bor. Xususan, “Sahihul Buxoriy”da quyidagi xabarni oʻqish mumkin: “Jobir ibn Abdulloh birgina hadis(ni tinglash) uchun Abdulloh ibn Unays huzuriga bir oylik masofani bosib oʻtib bordi”[1].

Alloh taolo Qurʼoni karimda ilm talabida faqih (yetuk) boʻlish uchun safarlarga chiqish, keyin oʻrganganlari asosida oʻz jamoasini tarbiyalash, qavmiga taʼlim berish haqida bunday marhamat qiladi:

“Har bir jamoadan bir toifa boʻlsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kelgan vaqtlarida qavmlarini ogohlantirardilar”[2].

Imom Buxoriy davriga kelib, rihlatlar juda faol tus oldi. Chunki, islom dini keng tarqalishi natijasida muhaddislar uzoq-uzoq manzillarga tarqalib ketgan edi. Alloma ular huzuriga borib, hadis tinglab, yozib olardi.

Oʻsha paytlari shoshib ketayotgan odamni koʻrganlar “bu hoynahoy hadis tolibi boʻlsa kerak” degan oʻyga borgan. Tevarak-atrofidagilarni bunday xayolga solganlarning eng ulugʻi, hadis toʻplash uchun eng koʻp yoʻl bosgan alloma, shubhasiz, Imom Buxoriydir (uning bir martalik bosib oʻtgan yoʻli 13900 kilometrdan oshgani hisoblab chiqilgan).

Boʻlajak alloma avvaliga oʻz zamonasida mutadovil, yaʼni qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqitilgan barcha kitoblarni oʻrganib chiqadi va buxorolik shayxlarning asarlarini toʻliq yodlaydi. 16 yoshga yetganida uning uchun Buxoroda taʼlim oladigan manba qolmaydi va Imom Buxoriy ham haj niyatida, ham ilm talabi bilan Hijoz safariga chiqadi. Bu haqda uning oʻzi bunday yozgan: “Oʻn oltiga kirganimda Ibn Muborak va Vakiʼning kitoblarini yodladim va Ray ahlining soʻzlarini angladim. Shundan keyin onam va akam bilan haj safariga chiqdik”[3].

Ibn Hajar bu voqea hijratning 210 yiliga toʻgʻri kelishini aytadi[4].

Imom Buxoriy Makkada Abul Valid Ahmad ibn Muhammad Azraqiy, Imom Humaydiy, Hasson ibn Hasson Basriy, Xallod ibn Yahyo va Abu Abdurahmon Muqriydan hadis tinglaydi. 18 yoshga yetganida Madinaga safar qilib, Abdulaziz Uvaysiy, Ayyub ibn Sulaymon ibn Bilol, Ismoil ibn Abu Uvays va boshqa muhaddislardan hadis yozib oladi. Ayni shu yoshda “Qazoyos sahoba vat tobeʼiyn” (“Sahoba va tobeinlarga oid masalalar”) asarini yozadi, “At-Tarixul kabir” (“Katta tarix”)ning qoralamasini bitadi. “Oʻn sakkizga kirganimda “Qazoyos sahoba vat tobeiyn” kitobini tasnif etdim. Keyin “At-Tarixul kabir”ni yozdim. Bu Madinai munavvarada, Nabiy alayhissalomning qabrlari yonida, oydin kechalarda boʻldi”[5].

Alloma oʻzining shoh asari boʻlmish “Al-Jomeʼus sahih” (“Ishonchli toʻplam”)ning boʻlim va sarlavhalarini ham Makka va Madinada yashagan chogʻlari shakllantirishni boshlagan.

Imom Buxoriy keyinchalik yana koʻplab mashaqqatli, lekin sermahsul safarlarda boʻladi. Oʻsha kezlari musulmon mamlakat hisoblangan oʻlka borki, barchasiga boradi, baʼzilariga qayta-qayta qadam ranjida qiladi. Masalan, Hijozda olti yil turganidan keyin Basraga olti marta safar qilgan. Kufa va Bagʻdod safarlari haqida oʻzi bunday degan: “Muhaddislar bilan Kufa va Bagʻdodga necha marta kirganimni hisoblay olmayman”[6].

Ustozlariga kelsak, ularning nomlari va yashagan shaharlarini sanab chiqishning oʻzi bir kitob yozishning misolicha boʻladi – Imom Buxoriy jami bir ming sakson shayxdan hadis tinglagan. Aslini olganda, oddiy insonning murabbiylari tugul, butun umri davomida tanigan-bilganlari buncha chiqmaydi. Bu yerda esa shayxlarning oʻzi shuncha koʻpchilikni tashkil qilyapti. “At-Tarixus sagʻir” (“Kichik tarix”) asaridan bilamizki, Imom Buxoriy sahoba, tobein va tabaʼ-tobeinlarning 80 mingdan ziyodini bilgan. Bilganda ham faqat nomini emas, tugʻilgan va vafot etgan sanalaridan, yashagan va dafn etilgan joylaridan, har biriga taalluqli rivoyatlardan voqif boʻlgan.

Xatib Bagʻdodiy “Tarixi Bagʻdod” kitobida yozganki, “Imom Buxoriy barcha yurtlardagi muhaddislar huzuriga safar qildi. Xuroson, Jibolda, Iroq shaharlarining barchasida, Hijozda, Shomda, Misrda va Bagʻdodda bir necha marta boʻldi”. Ibn Hajar “Hadyus soriy”da bunday degan: “U Makkadan qaytganidan keyin turli diyorlardagi hadis mashoyixlari huzuriga, safar qilish mavjud yerlarning hammasiga bordi. Balxda, Niysaburda, Rayda, Bagʻdodda, Kufada, Madinada, Vositda, Damashqda, Asqalonda, Himsda va boshqa yerlarda boʻldi”.

Imom Buxoriy oʻz hayoti va faoliyati davomida och ham qolar edi. Vaqtlar boʻlganki, barg va oʻt-oʻlan yeb kun oʻtkazishiga toʻgʻri kelgan. Gohi kiyim sotishgacha borgan. Umrining koʻp qismini goʻsht totmay oʻtkazgan. Hatto bir marta xastalanib qolganida, tabib unda goʻsht yemaslik alomatlari borligini, bunday kasallik rohiblarda uchrashini aytadi va muolaja sifatida goʻshtli taom buyuradi, lekin alloma shundan keyin ham goʻshtga qoʻl tekkizmaydi[7].

Bu bejiz emas edi. Yahyo ibn Abu Kasir otasining tilidan aytganidek, “Oltin va kumushni meros qilib qoldirishdan ilmni meros qilib qoldirish afzalroq. Solih nafs marvaridlardan yaxshiroqdir. Jism rohati bilan ilmga erishib boʻlmaydi”[8]. Shu bois ham Imom Buxoriy ulugʻ martabaga erishgan, shu sababli ham barcha ulamolar u haqda alohida mehr bilan, yuragi boshqacha joʻsh urib gapirgan. Xususan, Ahmad ibn Hanbal “Xurosonda Muhammad ibn Ismoil singarisi chiqqan emas”, degan. Imom Muslim esa, allomaning oʻziga “Dunyoda sizning oʻxshashingiz yoʻqligiga guvohlik beraman”, deb aytgan.

Alloh taolo kelajakda uzoq oʻlkalardan bunday allomalar yetishib chiqishi haqida xabar berib, Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi:

“Va hozircha ularga qoʻshilmagan boshqalarga ham. U qudratlidir, hikmatlidir”[9].

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu oyat haqida soʻraganda, u zot Salmon Forsiy(ning yelkasi)ga qoʻl qoʻyib, “Agar imon Surayyo (yulduzi)da boʻlganida ham manavilardan boʻlgan kishilar unga yetar edi”, deganlar[10].

Imom Buxoriy ilm yoʻlida son-sanoqsiz mashaqqatlar, jumladan, ogʻir va murakkab, baʼzan tahlikali safarlar natijasida yetishgan martabasi bilan ana shu soʻzlarning goʻzal tasdigʻiga aylangan.

[1] Sahihul Buxoriy. 1-jild. – B.17.
[2] Tavba surasi, 122-oyat.
[4] Hadyus soriy. – B. 478.
[5] Siyaru aʼlomin nubalo. 12-jild. – B. 395.
[6] Hadyus soriy. – B. 478.
[7] Inʼomul Boriy. 1-jild. – B.481.
[9] Juma surasi, 3-oyat.
[10] Sahihi Muslim. 2-jild. – B. 223.
Madina MASHRABXON,
mustaqil tadqiqotchi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …