Home / MAQOLALAR / OʻZBЕKISTON TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHIDA SAMARQAND VILOYATIDA ZIYORAT TURIZMINING RIVOJLANISHI

OʻZBЕKISTON TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHIDA SAMARQAND VILOYATIDA ZIYORAT TURIZMINING RIVOJLANISHI

Samarqand viloyati muqaddas ziyoratgohlarga boy hududlardan biridir. Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk shaxslar abadiy qoʻnim topgan joylar mustaqillik yillarida obodonlashtirildi. Bunday manzillar odamlar ziyorat qiladigan joylarga aylantirildi. Viloyatdagi ziyoratgohlar nafaqat Oʻzbekiston aholisi uchun, balki islom olami uchun ham muqaddasdir. 2020 yildagi maʼlumotlarga koʻra Samarqand viloyatida 1851 ta moddiy-madaniy meros obyektlari mavjud. Ular orasida ziyorat qilish mumkin boʻlgan obyektlar koʻpchilikni tashkil etadi. Xususan, Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim va Hazrati Xizr masjidlari, Shohi Zinda yodgorligi, Xoʻja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va boshqalar muhim ahamiyatga ega[1]. Bunday omillar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda, xususan, Samarqand viloyatida ziyorat turizmini rivojlantirish va uni jahonga olib chiqish uchun asos boʻldi.

Ammo shunga qaramasdan ushbu sohada oʻz yechimini kutayotgan muammolar mavjud boʻlib, ularni oʻrganish bu borada ayrim taklif va tavsiyalar berish imkonini beradi. Shu sababdan ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalarini tahlil qilish dolzarb ilmiy ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonda 2017 yildan ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari boshlandi. Jumladan, 2017 yil avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”ga qarori eʼlon qilindi. Ushbu qaror bilan Oʻzbekistonga sayohat qilishni yengillashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha 2018-2019 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi[2].

Ushbu dasturni amalga oshirish doirasida Samarqand viloyatida bir qancha ishlar bajarildi. Xususan, barcha ziyoratgohlarda jamoat xavfsizligini saqlash maqsadida videokuzatuv moslamalari oʻrnatildi. Sayyohlarning kirish chiqish jarayonlari bevosita turoperatorlar va ichki ishlar organlari ishtirokida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Bunday tadbirlar ziyoratchilarga qulaylik yaratishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Bundan tashqari, ziyoratchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi ziyorat yoʻnalishlari ochildi. Ushbu yoʻnalishlarga Oʻzbekiston tarixi, Afrosiyob, Oʻlkashunoslik muzeylari, Paxtachi tumanidagi Dobusiya shahristoni, Payariq tumanidagi Chelak-Koʻktepa tarixiy yodgorligi, Maxdumi Aʼzam ziyoratgohi va boshqalar kiritildi. Bu oʻz navbatida viloyatga turist sifatida keluvchilar sonining oʻsishida katta rol oʻynadi[3].

2020 yilda viloyatda 37 ta diqqatga sazovor joy, 18 ta monumental maskanda 120 dan ortiq madaniyat xodimi faoliyat koʻrsatdi. Madaniyat xodimlarining mehmonlarni tarixiy obyektlar haqidagi maʼlumot bilan tanishtirishi yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, turizm mavsumida har kuni yuzdan ortiq mehmonxonalar mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatdi. Shahar markazi va unga tutash hududlardagi 30 dan ziyod restoranda milliy, koreys, rus va boshqa yevropa taomlari tayyorlanib, koʻngilochar tadbirlar tashkil qilindi[4].     

Shu bilan birga, xalqaro standartlarga toʻla javob beradigan yettita uch-toʻrt yulduzli mehmonxona qurilishi boshlandi. Nurobod tumani “Oqsoy” qishlogʻidagi Hazrati Dovud majmuasiga tutash hududda esa 5 million AQSH dollari qiymatidagi loyihani amalga oshirish rejalashtirildi. Shuningdek, viloyatning togʻli hududlarida sanatoriy-sogʻlomlashtirish markazlari qurildi. Bunday tadbirlar viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirish ishlarini yangi pogʻonaga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Samarqand viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish ishlari ham olib borildi. Shu maqsadda viloyat miqyosida piyodalar yoʻllarini taʼmirlash, shahar atrofi va ichkarisida velosiped yoʻlaklarini qurish, 30 ta yangi madaniy meros obyektini sayyohlik yoʻnalishlariga kiritish kabi vazifalar belgilab olindi[5].

Oʻzbekistonda ziyorat turizmining muhim obyektlaridan biri hisoblangan Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuida ham Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlandi. Jumladan, majmuaga tutash hududdan 5,8 gektar yer maydoni ochilib, ilmiy markaz hamda uning qarshisida 3 ta ikki qavatli turar-joy binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. Amalga oshirilgan shu va boshqa tadbirlar natijasida salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritildi. Jumladan, 2017 yilning 10 oyi davomida mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2,2 mln kishini tashkil etgan boʻlsa, 2018 yilning shu davri mobaynida 4,4 mln nafarga yetdi[6]. Yil mobaynida esa 5 mln. 346 ming 219 kishini tashkil qildi[7].

Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar 2019 yilda ham davom ettirildi. Jumladan, Samarqand shahridagi Imom Moturidiy, Toyloq tumanidagi Imom Dorimiy ziyoratgohlarini kengaytirish va obod qilish, bu maskanlarda sayyohlar uchun zarur shart-sharoit yaratish choralari koʻrildi[8]. Amalga oshirilgan bunday tadbirlar Samarqand viloyatining ziyorat turizmi imkoniyatlarini kengaytirishda katta rol oʻynadi.

Bundan tashqari, 2019 yilning 5 yanvaridan eʼtiboran Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy va diniy maʼnaviy merosi hamda anʼanalarini oʻrganish uchun tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarga 2 oygacha muddatga ziyorat vizasi joriy etildi[9]. Shu bilan birga, Ziyorat turizmini rivojlantirish va uni dunyo jamoatchiligiga tanishtirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy konferensiyalar oʻtkazildi. Jumladan, 2019 yilning 24-25 may kunlari Samarqand shahrida Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Polsha, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning yetakchi olimlari, turizm sohasi mutaxassislari ishtirokida “Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida ziyorat turizmining renessansi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi[10].

Ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkorlik aloqalari ham yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 2023 yil fevral oyida Samarqand viloyat delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mezbon davlat vakillari bilan turizm sohasidagi hamkorlik masalasi muhokama qilindi. Xususan, Samarqandga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni tashkil etish, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Maxdumi Aʼzam, Xoja Ahror Valiy, Abdi Darun va Abdi Berun ziyoratgohlariga indoneziyaliklar uchun maxsus ziyorat turlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” mavzusida viloyatning turizm salohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi[11]. Bundan tashqari, 2022 yil sentyabr oyidan Birlashgan Arab Amirliklarining “Flaydubai” aviakompaniyasi tomonidan “Dubay-Samarqand” yoʻnalishida  aviaqatnov yoʻlga qoʻyildi. Amalga oshirilgan bunday tadbirlar ziyorat turizmi sohasida xalqaro aloqalarning rivojlanishida katta ahamiyatga ega boʻldi. 

Amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, bu borada ham ayrim muammolar saqlanib qoldi. Xususan, viloyatdagi tarixiy obidalar va muzeylar imkoniyatining bor-yoʻgʻi 50 foizidan samarali foydalanildi. Viloyatda katta salohiyatga ega 98 ta madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, 2022 yilning iyul oyi holatiga koʻra, ulardan faqat 51 tasi sayyohlik yoʻnalishlariga kiritildi. Shuningdek, viloyatda sayyohlarning tungi payt mazmunli dam olishi uchun maskanlar yetishmaydi[12]. Bundan tashqari, ziyoratgohlardagi ziyorat odobi masalasida ham ayrim muammolar saqlanib qoldi[13].

2016 yildan eʼtiboran amalga oshirilgan ishlar natijasida, Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi musulmon sayyohlar soni sezilarli darajada koʻpaydi. Jumladan, 2019 yilning noyabr oyi koʻrsatkichlarini 2018 yil hisobotlari bilan solishtirganda buni yaqqol koʻrishimiz mumkin. Xususan, 2018 yil noyabr oyida birgina Pokistondan 287 nafar sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2019 yilning shu davrida sayyohlar soni 424 nafarni tashkil qilib, oʻsish surʼati 47,7 foizni tashkil etdi. Saudiya Arabistoni boʻyicha esa, bundan ham kattaroq sonni koʻrishimiz mumkin. Jumladan, 2018 yilning noyabr oyida 36 nafar, 2019 yilning shu davriga kelib 124 nafarni tashkil qildi[14].

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, 2016 yildan eʼtiboran Oʻzbekistonda turizm sohasi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri deb eʼlon qilindi. Shu sababdan turizm va uning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari amalga oshirildi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Qarorlari eʼlon qilindi. Ushbu Farmon va Qarorlar asosida Samarqand viloyatida ham koʻplab ishlar bajarildi. Xususan, sohani rivojlantirish, xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida turli tadbirlar, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil qilindi. Xorijiy mamlakatlar firma va kompaniyalari bilan bu borada hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonga, xususan, Samarqand viloyatiga muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun kelayotgan ziyoratchilar sonining sezilarli darajada oshishiga xizmat qildi.

[1]https://religions.uz/news/detail?id=812Qadim Samarqandga bir kelib keting!
[2]https://lex.uz/docs/3311817 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”
[3] https://religions.uz/news/detail?id=812 Qadim Samarqandga bir kelib keting!
[4] https://religions.uz/news/detail?id=812 Qadim Samarqandga bir kelib keting!
[5] http://dkm.gov.uz/uz/samarkand-zierat-turizmi-bujica-dunening-eng-ahsi-untaligiga-kiris-niatida
[8] https://zarnews.uz/post/jonajon-vatanimiz-buguni-va-ertasi-uchun-har-birimiz-masulmiz
[10]http://zarnews.uz/post/ozbekistonda-ziyorat-turizmi-uchun-katta-imkoniyat-borOʻzbekistonda ziyorat turizmi uchun katta imkoniyat bor
[11] https://zarnews.uz/post/indoneziyada-samarqand-yangi-ozbekistonning-turizm-darvozasi-mavzusida-taqdimotlar-otkazildi
[12] https://zarnews.uz/post/turizmning-yangi-ufqlari
[13] https://zarnews.uz/post/ziyoratmi-tijoratmi-yoxud-shakkoklik
[14]https://uzbektourism.uz/cyrl/research 2019 yil noyabr va 2018 yil noyabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan tashrif buyuruvchilar sonining davlatlar kesimida taqsimlanishi
Sanjarbek DJUMANOV,  
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …