Home / ALLOMALAR / ALI QUSHCHI – IKKINCHI RЕNЕSSANS YUTUQLARINI YEVROPAGA UZATGAN MUTAFAKKIR(davomi)

ALI QUSHCHI – IKKINCHI RЕNЕSSANS YUTUQLARINI YEVROPAGA UZATGAN MUTAFAKKIR(davomi)

Mavlono Alouddin usmoniylar saltanatida ham dunyoviy, ham diniy ilmlarni rivojlantiruvchi maʼrifiy markaz tashkil etishga kirishadi. Samarqandda egallagan bilimlari va tajribasiga tayangan holda shogirdlarga ilm oʻrgata boshlaydi. Uning madrasasida ilmning turli sohalarini rivojlantirishga keng yoʻl ochiladi.

U kezlari Istanbulda matematika va astronomiyani Ali Qushchidek mukammal biladigan olimlar kam edi. Shu sababli turkiyalik ilm ahli oʻz davrining Batlimusi, Sharq Ptolomeyi deb nom qozongan mutafakkir atrofida jipslashib, uning maʼruzalarini mehr bilan tinglay boshlaydi. Ali Qushchi ularga matematika va astronomiya fani erishgan yutuqlar, astronomik qiymatlarni oʻlchash metodlari, astronomik kuzatish asboblari, matematik amallarni bajarishning Samarqand maktabiga xos usullari, oʻnli kasrlar, matematik amallarda qoʻllanadigan manfiy (minus) va musbat (plyus) ishoralar mohiyati va trigonometrik funksiyalarni yechishning xilma-xil turlaridan dars beradi[1].

Bu ulugʻ ustoz haqidagi shov-shuvlar Yevropaga ham yetib boradi. Yevropalik hisobdonlar tajriba olish maqsadida Istanbulga oqib kela boshlaydi. Shunday qilib, Ulugʻbek akademiyasi yutuqlari Ali Qushchi orqali Yevropaga uzatila boshlaydi. Akademik I.Moʻminov: “Ali Qushchi [asarlari] 16-17 asrlarda Yaqin Sharq mamlakatlarida matematika fanining rivojlanishiga [jiddiy] taʼsir koʻrsatgan”[2], deb toʻgʻri taʼkidlagan. Germaniyalik kossistlar ham Ali Qushchidan oʻnli kasrlar, musbat va manfiy sonlar hamda trigonometrik funksiyalar haqidagi ilgʻor matematik gʻoyalarni oʻrganib ketgan[3].

Kossistlar keyinchalik Ali Qushchining musbat va manfiy qiymatlar haqidagi gʻoyasidan ilhomlanib, matematikaga plyus “+” va minus “-“ belgilarini kiritadi.

Ali Qushchi juda koʻp asarlarini Samarqanddaligida yozgan. Istanbulda ham samarali ijod qilgan. Lekin eng katta xizmati “Ziji jadidi Koʻragoniy”ni, unga yozilgan koʻplab sharhlarni saqlab qolgani va jahonga yoyganidir. U Samarqand akademiyasi olimlarining matematik, astronomik merosini shogirdlari orqali Yevropaga yetkazib berdi. Turkiyada uning Miram Chalabiydek[4] buyuk shogirdlari yetishib chiqqan. Ali Qushchi Turkiyada tashkil qilgan maktab ilm sohasida tom maʼnoda Sharq bilan Gʻarbni, Osiyo bilan Yevropani tutashtiruvchi koʻprik vazifasini oʻtagan. Samarqandda shakllangan astronomiya va matematika maktablari hamda Ulugʻbekning ilmiy akademiyasi, bu akademiya zamirida vujudga kelgan ikkinchi Sharq renessansi taʼsirida erishilgan yutuqlarining Turkiyadan Yevropaga yoyilishida Ali Qushchi muhim rol oʻynagan.

Ali Qushchining “Ziji jadidi Koʻragoniy” sharhi boshqalaridan mukammalligi, tushunarliligi bilan farq qiladi. Bundan tashqari, uning oʻzi “Zij”ni turkchaga tarjima qilgan. Bu esa yulduzlar jadvalini Yevropa tillariga tarjima qilishga asos boʻlgan. XVII asrda polyak astronomi Yan Geveliy “Ziji jadidi Koʻragoniy”ni Yevropada nashrdan chiqargan[5].

Ulugʻbek akademiyasining matematika va astronomiya sohasida erishgan yutuqlari Turkiyada keng targʻib qilindi. Bu yutuqlar sirasiga matematikada oʻnli kasrlarni joriy qilish, doiraga ichki chizilgan uchburchaklarni oʻlchash metodlari, trigonometrik funksiyalarni yechishning Samarqand matematiklariga xos usullari, π sonining qiymatini aniqlash (Ali Qushchi bu qiymatni 16-raqamgacha aniqlikda hisoblab chiqqan) kiradi. Yevropa π borasida Ali Qushchidan 250 yil keyin undan oʻtib ketishga erishdi. Kyolnlik matematik Ludolf van Seylen bu sonni 32 belgigacha aniqladi.

Ali Qushchi matematika, astronomiya va tilshunoslikka oid 30dan ortiq asar yozgan. Xususan,“Risola fil hisob” (“Arifmetikaga oid risola”) 1425 yili Samarqandda yozilgan boʻlib, unda oʻnlik va oltmishlik sanoq sistemalari, muhandislik faoliyatiga oid masalalar yoritilgan. Uning ayrim nusʼhalari Leyden kutubxonasida (№1050) va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi [Abu Rayhon Beruniy nomidagi] Sharqshunoslik institutida (№3356) saqlanmoqda[6].

Ali Qushchining arifmetika, algebra, geometriya, trigonometriya masalalariga oid “Risola al-Muhammadiya fil hisob” (“Muhammadning hisobga oid risolasi”), “Risola fi halli ash-shakl al-hilol” (“Yarim oy shaklidagi figuralarni oʻlchash”), “Sharhi miftohil ulum Taftazoniy” (“Taftazoniyning «Fanlar kaliti” asariga sharh”), “Risola dar ilmi hayʼat” (“Astronomiyaga oid risola”) asarlarida Samarqand olimlarining yutuqlari oʻz ifodasini topgan.

Ali Qushchining “Al-Risola al-fathiya” asari qoʻlyozmasidan.

Bu asarlarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari dunyoning nufuzli fondlarida saqlanmoqda, jumladan, Istanbuldagi Ayo Sofiya kutubxonasida ham.

Ali Qushchi Samarqand astronomlari singari Yerning Quyosh atrofida va oʻz oʻqi atrofida aylanishiga qatʼiy amin boʻlgan. Uning fikricha, yoritqichlarning sharqdan gʻarbga qarab harakatlanishi, gʻarbga botishi Yer sharining gʻarbdan sharqqa qarab harakatlanishi (oʻz oʻqi atrofida aylanishi) oqibatida roʻy beradi. Bizga shu sababli goʻyoki yoritqichlar sharqdan chiqib, gʻarbga botayotgandek tuyuladi. Bu suzib borayotgan kemadan turib qirgʻoqni kuzatayotgan yoʻlovchi holatini eslatadi. Yoʻlovchiga kema emas, balki undan qarama-qarshi tomonga qirgʻoq harakatlanayotgandek boʻlib tuyuladi[7].

Ali Qushchining boy maʼnaviy merosi nafaqat Turkiya, balki Yevropa va butun dunyo olimlariga ilmiy, maʼrifiy ozuqa boʻlib xizmat qildi va uning Samarqanddan olib kelgan nodir ilmiy gʻoyalari Yevropa renessansiga katta turtki berdi.

Olim 1474 yili Istanbulda vafot etgan va Abu Ayyub Ansoriy masjidi hududiga dafn qilingan. Masjidga kiraverishdagi katta marmar taxtaga “Ali Qushchi – fan odami” deb yozib qoʻyilgan. Fransuz maʼrifatparvar faylasufi Fransua Mari Arue Volter (1694-1778)[8] “Millatlarning holatlari va odatlari haqida” (1753-1758) asarining 3-jildida Ulugʻbek tashkil qilgan ilmiy markazni “tom maʼnodagi fanlar akademiyasi”[9] deb atagan, Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari olimlarni esa insoniyatni uygʻotgan buyuk donishmandlar deb ulugʻlagan.

Tarixiy manbalar shundan shohidlik beradiki, Ali Qushchining avlodlari ham ilm-maʼrifatga katta eʼtibor bilan qaragan. Nabirasi Hofiz Koʻhakiy 1528 yili Hindistonga borib, Zahiriddin Muhammad Bobur bilan uchrashgan. Toshkentda Eski joʻva yaqinida (hozirgi Paxta va Forobiy koʻchalari tutashgan joy) madrasa ochgan[10].

Soʻz yakunida shuni alohida taʼkidlash lozimki, Samarqand ilmiy akademiyasi gʻoyalaridan oziqlanib voyaga yetgan, Mirzo Ulugʻbek dahosidan ilhomlangan, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshoniy singari allomalar taʼlimini olgan buyuk vatandoshimiz – astronom, matematik, faylasuf Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy Markaziy Osiyoda roʻy bergan ikkinchi Renessans yutuqlarini Yevropaga uzatgan, musulmon Sharqining muvaffaqiyatlari bilan endi uygʻonib kelayotgan Gʻarbni oziqlantirgan mutafakkir boʻlgan.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

  1. Ali Qushchi. Astronomiyaga oid risola (I.M.Moʻminov tahriri ostida). T.: Fan, 1968.
  2. Ahmedov A. Ali Qushchi. https://www.e-tarix.uz/shaxslar/506-cola.html).
  3. Bavrin I.I., Fribus Ye.A. Starinnыye zadachi: Kn. dlya uchaщixsya.— M.: Prosveщyeniye, 1994.(S.36)— 128 s:
  4. Volter. Filosofskiye povesti. M.: Xudojestvennaya literatura, 1978.
  5. Geveliy, Ya. Atlas zvyozdnogo neba = Yulduzlar osmonining atlasi/ Red. i vstup. st. akad. AN UzSSR V.P.Щyeglova; Akademiya nauk Uzbekskoy SSR, Ordena Trud. Krasn. Znameni Astronom. in-t.— 3-ye izd., dop.— Tashkent: Fan, 1978.— XLVII+ 66s.
  6. Qodirov B. Ali Qushchi// http://oyina.uz/kiril/generation/139
  7. Qulmatov Sh., Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. – Samarqand: IBXM, 2017. B.186.
  8. Lafasov U. Ali Qushchi. https://www.academia.edu/41879171/%D0%9B%D0%B0%D1%84%D0%B0%D1%81%D0%BE%D0%B2_%D0%90%D0%BB%D0%B8_%D2%9A%D1%83%D1%88%D1%87%D0%B8_%D1%9E%D0%B7%D0%B1%D0%B5%D0%BA%D1%87%D0%B0
  9. Matviyevskaya G. P. Ucheniye o chisle na srednevekovom Blijnem i Srednem Vostoke. Tashkent: Fan, 1967.
  10. Matviyevskaya G. P., Rozenfeld B. A. Matematiki i astronomы musulmanskogo srednevekovya i ix trudы (VIII—XVII vv.). V 3 t. M.: Nauka, 1983.
  11. Moʻminov I.M. Ali Qushchi // Oʻzbek Sovet ensiklopediyasi. 1 tom. T., 1971. B.240.
  12. Muhammadkarimov Abdulaziz Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob) “Toshkentnoma”. 2009 yil. https://shosh.uz/hofiz-kohakiy/
  13. Samarqand tarixi. Birinchi tom. (Masʼul muharrir I.M.Moʻminov). Toshkent: Fan, 1971. B.227.
  14. Ulugbek Muxammad Taragay. Zidji djadidi Guragoni. Novыye Guraganovы astronomicheskiye tablisы / (Vstup. statya, perevod, kommentarii i ukazateli Axmedova A.A.)- Tashkent: Fan, 1994. 456 s
  15. Shamsutdinov R., Moʻminov X. Oʻzbekiston tarixi. (oʻquv qoʻllanmasi).- Andijon: ADU, 2011. B.164.
  16. Oʻljayeva Shohistaxon. Oʻzbekiston tarixi. https://m.facebook.com/groups/ 246149995752425/posts/418463715187718/?locale=sw_KE&_rdr
Baxtiyor TURAYEV,
falsafa fanlari doktori (DSc), professor,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi
[1] Matviyevskaya G. P. Ucheniye o chisle na srednevekovom Blijnem i Srednem Vostoke. Tashkent: Fan, 1967.
[2] Moʻminov I.M. Ali Qushchi // Oʻzbek Sovet ensiklopediyasi. 1 tom. T., 1971. B.240.
[3] XVI asrda nemis algebrachilar kossistlar deyishgan, chunki ular algebrani coss deb atagan. Coss italyancha cossa (nomaʼlum buyum), [son] degan soʻz boʻlib, nomaʼlum sonlarni topuvchi, algebrachi maʼnosini bildirgan.
[4] Mahmud ibn Muhammad ibn Qozizoda ar-Rumiy– Miram Chalabiy (vaf. 1524) —Temuriylar saltanati matematigi, astronomi va qonunshunosi. Kelib chiqishi turk va oʻzbek millatidan, ota tomonidan Qozizoda Rumiyning nevarasi, ona tomondan Ali-Qushchining nevarasi va shogirdi.
[5] Geveliy, Ya. Atlas zvyozdnogo neba = Yulduzlar osmonining atlasi/ Red. i vstup. st. akad. AN UzSSR V.P.Щyeglova; Akademiya nauk Uzbekskoy SSR, Ordena Trud. Krasn. Znameni Astronom. in-t.— 3-ye izd., dop.— Tashkent: Fan, 1978.— XLVII+ 66s.
[6] Samarqand tarixi. Birinchi tom. (Masʼul muharrir I.M.Moʻminov). Toshkent: Fan, 1971. B.227.
[7] Qarang: Ali Qushchi. Astronomiyaga oid risola (I.M.Moʻminov tahriri ostida). T.: Fan, 1968.
[8] Sm.: Volter. Filosofskiye povesti. M.: Xudojestvennaya literatura, 1978.
[9] Qarang: Shamsutdinov R., Moʻminov X. Oʻzbekiston tarixi. (oʻquv qoʻllanmasi).- Andijon: ADU, 2011. B.164.
[10] Muhammadkarimov Abdulaziz Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob) “Toshkentnoma”. 2009 yil. https://shosh.uz/hofiz-kohakiy/

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …