Home / ALLOMALAR / ALI QUSHCHI – IKKINCHI RЕNЕSSANS YUTUQLARINI YEVROPAGA UZATGAN MUTAFAKKIR

ALI QUSHCHI – IKKINCHI RЕNЕSSANS YUTUQLARINI YEVROPAGA UZATGAN MUTAFAKKIR

Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Ali-Qushchi Samarqandiy (1403-1474) nafaqat Ulugʻbek akademiyasining kenja vakili, Mirzo Ulugʻbek (1394-1449)ning sevimli shogirdi, balki mazkur ilm dargohi yutuqlarini Yevropa va butun jahonga yoygan mutafakkirdir.

Ali Qushchi – ikkinchi Sharq renessansining yetuk matematik va astronom olimi, oʻz davrining Batlimusi (Sharq Ptolomeyi)[1] degan yuksak unvonga sazovor boʻlgan yirik faylasuf alloma.

Alouddin Mirzo Ulugʻbek saroyida ovchi qushlarga masʼul amaldor – Muhammad ismli kishining farzandi boʻlgan. Otasini “Qushchi” atashgani bois uni “Ali-Qushchi” deyishgan.

Ota-onasi vafot etgach, Alouddin Mirzo Ulugʻbek xonadonida tarbiyalanadi. Shu sababli Ulugʻbek uni “Ziji jadidi Koʻragoniy”[2] asarining soʻzboshida “farzandi arjumand” deb tilga olgan.

Yosh Alouddin Ulugʻbek akademiyasi olimlarining xizmatini qilib yurib, oʻzi ham ilm olishga harakat qiladi. 1414 yili Eronning Kermon shahriga borib, u yerdagi madrasada uch yil tahsil oladi va 1017 yili Samarqandga qaytib kelib, Ulugʻbekka oʻzi yozgan ilk maqolani taqdim qiladi. Ustozi “Oysimon shakllarni oʻlchashga oid” nomli bu asarni yuqori baholaydi. Alouddin endi Mirzo Ulugʻbekdan tashqari, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid singari allomalardan ham saboq oladi. 1415-1420 yillari asos solingan Mirzo Ulugʻbek madrasasida esa mantiqchi faylasuf Taftazoniy (1322-1392), Mavlono Ahmad kabi olimlarning shogirdlaridan ilm oʻrganadi. Zehni kuchli boʻlgani hamma narsani tez va mustahkam oʻzlashtirib boradi. Matematika va astronomiya asoslarini puxta egallab, hisob-kitob yuritishda akademiya olimlariga koʻmaklashadi. Vaqt oʻtishi bilan akademiyaning komil huquqli aʼzosiga aylanadi. U trigonometriya, sferik astronomiya va kasrlar nazariyasiga oid kashfiyotlar qiladi.

Ali Qushchi Ulugʻbek madrasasini rivojlantirish, Ulugʻbek rasadxonasini (1424) qurish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish, “Ziji jadidi Koʻragoniy” jadvalini tuzish jarayonida faol qatnashadi[3]. Maʼlumki, bu jadvalda samarqandlik astronomlar 38 yulduz turkumiga mansub boʻlgan 1018 yulduzning aniq koordinatalarini belgilab bergan. Unda yozilganidek, katalog “hijriy 841 yil muharram oyining 1 kuni (1437 yilning 5 iyul) yakuniga yetkazilgan”[4].

1429 yili rasadxona mudiri Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy (1380-1429) vafot etadi. Uning faoliyatini davom ettirib turgan Qozizoda Rumiy (1364-1437) 1437 yili olamdan oʻtadi. Shundan keyin mudirlik Ali Qushchiga topshiriladi.

Ali Qushchining til bilish salohiyati va muomila(muomala) madaniyatini yaxshi bilgan Mirzo Ulugʻbek uni 1438 yili Xitoyga elchi qilib yuboradi. Elchilikda u Xitoyning tabiati, iqlimi, aholisining urf-odat va anʼanalari haqida fors tilida “Xitoynoma”[5] asarini yozadi.

1949 yili Mirzo Ulugʻbek qatl etilgach, toj-taxt uchun kurashlar, turli igʻvo va fitnalar avj oladi. Abdulatif (14201450) ham 1450 yil 8 mayda oʻldiriladi va taxtga Ibrohim sultonning oʻgʻli Abdulloh (1433-1451) oʻtiradi. Undan keyin 1451 yili hokimiyatni Mironshohning oʻgʻli Abu Said (14241469) qoʻlga kiritadi. U Ali Qushchiga yaxshi munosabatda boʻlib, homiylik qiladi. Ali Qushchi Nosiruddin Tusiyning “Tajrid” sharh yozib, Sulton Abu Saidga taqdim qildi[6]. Ammo hukmdorning vafotidan (1469) keyin mamlakatda yana toj-taxt uchun kurash boshlanadi. Mutaassib ulamolar ilm-fanga qarshi xurofotni kuchaytiradi. Ayrimlar akademiyani shayton yoʻliga kirgan deb ayblashga, rasadxonani buzib tashlashga daʼvat qila boshlaydi. Shu sababli Ali Qushchi akademiya faoliyatini toʻxtatib, Temuriylar kutubxonasini, Ulugʻbekning asarlarini saqlab qolishga intiladi. 1971 yili bir qancha qarindoshlari bilan Samarqanddan chiqib ketishga majbur boʻladi. Oʻzi bilan rasadxonada ishlangan qoʻlyozmalar, yulduzli osmon xaritasi va nodir qoʻlyozmalarini olib ketadi.

Ali Qushchi avval Tabriz, soʻng Hirotga boradi. Ayrim manbalarda unga Xoja Ahror Vali yordamlashgani aytiladi, lekin bu maʼlumot tasdiqlanmagan.

Tabrizda Ali Qushchining qarindoshlari yashar edi. (Ehtimol, ular Mirzo Ulugʻbek vafotidan keyin Tabrizga koʻchib ketgandir). Hirotga borganida esa, unga Alisher Navoiy yordam qoʻlini choʻzadi, hajga borishi uchun Husayn Boyqarodan ijozat-ruxsatnoma olib beradi.

Tabrizda Ali Qushchi hukmdor Oq Quyunli Uzun Hasanning(1453-1479) xizmatiga kiradi. Uzun Hasan Tabriz bilan Istanbul oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida uni Turkiyaga, Usmoniylar saltanatining yettinchi hukmdori Sulton Muhammad II saroyiga yuboradi. Ali Qushchi Istanbulda izzat-ikrom bilan kutib olinadi. Chunki, uning shuhrati Kichik Osiyoga oʻzidan oldin yetib borgan edi. Hatto Samarqandda yozgan ayrim asarlari turk tiliga tarjima ham qilingan, turkiyalik olimlar Ali Qushchining “Astronomiya asoslari” kitobining arabcha va forscha nusʼhalarini oʻqib oʻrganar edi.

Manbalarda qayd etilishicha, Sulton Muhammad II Sulton Murod oʻgʻli (1432-1481)ning oʻzi ham adolatparvar, ilmparvar kishi boʻlgan. Saroyga yirik olim va ulamolarni yigʻib, ularni nafaqa bilan taʼminlagan. U Horun Ar-Rashid singari vaqti-vaqti bilan xufya ravishda oddiy xalq dardini eshitish uchun odam orasiga chiqar ekan. U Ali Qushchini ulugʻ olim sifatida qabul qilib, Istanbulda doimiy qolishini soʻraydi. Olim oʻz risolalarida bunday yozadi: “Sulton meni qabul qilganida kamina bilan soʻzlashish niyati borligi yaqqol koʻrinib turardi. U oʻziga atab ilmi riyoziyotdan kitob yozishimni soʻradi. Shunda Sultonda tabiiy fanlarga qiziqish borligini sezdim va qisqa vaqtda ilmi riyoziyotdan kichik kitob yozdim”[7].

Ali Qushchi Sultonning taklifni qabul qiladi va qarindoshlarini olib kelish uchun yana Tabrizga qaytadi. Uning 200tacha qarindoshi Istanbulga koʻchib boradi. 1472 yili Ali Qushchi Ayo Sofiya madrasasi bosh mudarrisi, Ayo Sofiya masjidi boshqaruvchisi etib tayinlanadi, unga 200 oltin tanga miqdorida maosh belgilanadi.

Baxtiyor TURAYEV,
falsafa fanlari doktori (DSc), professor,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi
[1] Lafasov U. Ali Qushchi. https://www.academia.edu/41879171/%D0%9B%D0%B0%D1%84%D0%B0%D1%81%D0%BE%D0%B2_%D0%90%D0%BB%D0%B8_%D2%9A%D1%83%D1%88%D1%87%D0%B8_%D1%9E%D0%B7%D0%B1%D0%B5%D0%BA%D1%87%D0%B0
[2] Ulugbek Muxammad Taragay. Zidji djadidi Guragoni. Novыye Guraganovы astronomicheskiye tablisы / (Vstup. statya, perevod, kommentarii i ukazateli Axmedova A.A.)- Tashkent: Fan, 1994. 456 s
[3] Qarang: Ali Qushchi. Astronomiyaga oid risola (I.M.Moʻminov tahriri ostida). T.: Fan, 1968. (I.Moʻminov yozgan soʻzboshi). B.5.
[4] Qarang: Ulugbek Muxammad Taragay. Zidji djadidi Guragoni. Novыye Guraganovы astronomicheskiye tablisы / (Vstup. statya, perevod, kommentarii i ukazateli Axmedova A.A.)- Tashkent: Fan, 1994. 456 s.
[5]  “Xitoynoma”. Bu risolani Ali Qushchi 1438 yili Ulugʻbek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganidan qaytganidan soʻng fors tilida yozgan. U oʻzining shaxsiy kuzatishlariga koʻra Xitoyning iqlimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan. (Ahmedov A. Ali Qushchi. https://www.e-tarix.uz/shaxslar/506-cola.html)
[6] Qodirov B. Ali Qushchi// http://oyina.uz/kiril/generation/139
[7] “Risola al-Muxammadiya fi-l-hisob” (“Hisob haqida”). Asar arabiy imloda yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan boʻlib, turk sultoni Muhammad II ga bagʻishlangan. Unda oʻnlik va oltmishlik hisoblash tizimlaridan arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari koʻriladi. Asarni muallifning oʻzi 1472 yili forsiyga oʻgirgan. Risolaning muhim taraflaridan biri shundaki, unda birinchi marta “musbat” va “manfiy” iboralari hozirgi biz qoʻllayotgan maʼnoda ishlatiladi. Risolaning ikki qoʻlyozmasi Istanbulda Ayo Soʻfiya kutubxonasida va Leyden universiteti kutubxonasida saklanadi. (Ahmedov A. Ali Qushchi. https://www.e-tarix.uz/shaxslar/506-cola.html). Bu kitobni Ali Qushchining oʻzi fors tiliga tarjima qilib Sulton Muhammad IIga taqdim qilgan.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …