Home / MAQOLALAR / YAXSHILIK YOʻLI

YAXSHILIK YOʻLI

Islom dini dunyo va oxiratda insonlarga foydasi yetadigan har bir yaxshilikka chorlaydi. Moʻmin-musulmonlarga yaxshilik yoʻllarini va Allohning azobidan xolos etadigan solih amallarning asosini oydinlashtiradi. Bularning eng oliysi mustahkam imon boʻlsa, eng quyisi yoʻldan ozor beruvchi narsalarni olib tashlashdir. Alloh taolo hatto toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, nasihat qilish, shirin gapirish, ochiq yuzli boʻlish kabi yaxshilik eshiklarini ochadigan va yomonlik eshiklarini yopadigan misqol ogʻirligidagi xayr ishni ham zoye qilmaydi.

Yaxshilikning mezoni Qurʼoni karimda ochiq bayon qilingan. Bunga: “Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz, Alloh uni bilguvchidir”[1]“Qanday yaxshi amal qilsangiz, albatta, Alloh uni biladi”[2]“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan boʻlsa, (qiyomat kuni) uni koʻrar”[3]“Kimki yaxshilik qilsa, bas, oʻzi uchundir”[4] kabi oyatlar misol boʻladi.

Bu oyatlar moʻmin kishi uchun ozmi-koʻpmi, oʻzi uchunmi yo boshqalar uchunmi, farqi yoʻq, har kuni rioya qiladigan dasturulamaldir. Solih amal insonni bu dunyoda ham oxiratda ham ulugʻ darajaga koʻtaradi. Yaxshilik ahamiyatiga qarab darajalanadi. Bunga aniqlik kirituvchi hadislar bisyordir. Xususan, Abu Zarr Jundub ibn Junoda roziyallohu anhu aytadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi amal afzal?” deb soʻradim. “Allohga iymon keltirish va Uning yoʻlida dushmanga qarshi kurashish”, dedilar. “Qandoq qulni ozod qilish afzal?” dedim. “Bahosi eng qimmati va ahli huzurida eng qadrlisini”, dedilar. “Agar qila olmasam-chi?”, dedim. “Hunar egasiga yordam berasan yoki hunarsizga ish oʻrgatasan”, dedilar. “Buni ham qila olmasam-chi?” dedim. “Odamlarga yomonlik qilishni tark etasan, shuning oʻzi ham oʻzingga qiladigan sadaqangdir”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Demak, inson yaxshilikka qodir boʻlmasa, jilla qursa boshqalarga aziyat berishdan tiyilishi kerak ekan. Uning savobi sadaqa va ehsondan kam boʻlmas ekan.

Islom dini inson aʼzolarining har biri uchun sadaqa qilish, savob umidida xayrli ish qilishni har kuni taklif etadi. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sizlardagi har bir boʻgʻimingiz uchun har kuni tong otganda sadaqa bordir. Har bir tasbehingiz (yaʼni, “Subhanalloh”, deyishingiz) – sadaqa. Har bir hamdingiz (yaʼni, “Alhamdulillah”, deyishingiz) – sadaqa. Har bir tahlilingiz (yaʼni, “La ilaha illalloh”, deyishingiz) – sadaqa. Har bir takbiringiz (yaʼni, “Allohu akbar”, deyishingiz) – sadaqa. Yaxshilikka buyurishingiz va yomonlikdan qaytarishingiz ham sadaqadir. Zuho (choshgoh) paytida oʻqigan ikki rakat namozingiz bularning barchasiga kifoya qiladi (oʻrnini bosadi)  (Imom Muslim rivoyat qilgan).

Demak, shariat har bir yaxshi amalni mahbub sanaydi. Alloh taolo bandalarini nimadan qaytargan boʻlsa, shariat uni qabih sanaydi, uni qilishni man etadi. Biroq Alloh yoʻlida sadaqa va infoqu ehson qilish boshqalarga foydali boʻlgani uchun mazkur hadisdagi amallarning barchasidan afzaldir.

Imom Muslim Abu Zarr roziyallohu anhudan boshqa yoʻl bilan bunday rivoyat qilgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning yaxshi va yomon amallari koʻrsatildi. Yoʻldan aziyat beruvchi narsalar olib tashlanishini yaxshi amallar sirasidan topdim. Masjidga balgʻamini tashlab, koʻmib qoʻyilmaganini yomon amallar sirasidan topdim”, dedilar”.

Bu hadisda yaxshi amal bilan qabih amal taqqoslanayapti. Oʻsha goʻzal amal atrof muhitni toza tutish va yoʻldan aziyatni olib tashlash boʻlsa, xunuk amal esa ibodat va odamlar dam oladigan oʻrinlarga iflos narsalarni tashlashdan iboratdir.

Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Baqara surasi, 215-oyat.
[2] Baqara surasi, 197-oyat.
[3] Zalzala surasi, 7-oyat.
[4] Josiya surasi, 15-oyat.

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …