Home / MAQOLALAR / TINCHLIK HUQUQIGA OID BAʼZI ISLOMIY TUSHUNCHALAR

TINCHLIK HUQUQIGA OID BAʼZI ISLOMIY TUSHUNCHALAR

Tinchlik – eng katta neʼmat. Uning qadriga yetish, asrab-avaylash har bir insonning zimmasidagi burchdir. Samoviy qonunlar ham, inson tomonidan ishlab chiqilgan qonunlarda ham barcha maqsadlar orasida tinchlik maqsadi ustuvor etib belgilangan. Zero, bu din va dunyo manfaatini himoyalash uchun zarurki, agar u yoʻqolsa, oyoqosti qilinsa, bu toʻgʻrilikka emas, balki buzgʻunchilikka, beparvolikka, qanchadan-qancha jonlar bekorga nobud boʻlishiga olib keladi.

Hech kimga sir emaski, diniy matnlar tinchlik tamoyillariga xizmat qiladi, uni oʻrnatish, yoʻq qilish va buzishda niqob sifatida juda muhim oʻrin tutadi.

Demak, diniy matnlar toʻgʻri tushunilsa, oqilona va toʻgʻri xulq-atvor yuzaga keladi, ularni notoʻgʻri tushunish esa halokatli oqibatlar keltirib chiqaradi. Bundan na shaxs va na jamiyat chetda qoladi.

Shayx Abdulloh ibn Bayya: “Modomiki odamlar ongida urush fikri tugʻilaverar ekan, biz ularning ongida tinchlik qalʼalarini qurishimiz kerak”, deydi.

Tinchlik huquqi inson huquqlari orasida birinchi oʻrinda turadi. Chunki barcha huquqlar tinchlik huquqining bir shoxidir. Ildizsiz shoxning sobit turishi mumkin emas.

Tinchlik huquqi barcha maqsadlarning maqsadidir. Bu haqda Abdulloh ibn Bayya: “U shariatning maqsadlaridan beshta zarurat: din, jon, nasl-nasab, aql va mol-mulkni muhofaza qilishni oʻz ichiga qamrab oladi”, degan.

Binobarin, tinchlik tamoyillariga xizmat qilish va ularni saqlash, ahamiyatini individual shaxs va ijtimoiy ongga singdirish, biror sabab bilan unga putur yetkazish yoki barqarorligiga taʼsir koʻrsatishning barcha koʻrinishlariga qarshi turish uchun bor kuch va gʻayratni sarflash zarur.

Islom mutafakkirlari butun insoniyat masalalarining onasi boʻlgan bu masalaga xizmat qilish yoʻlida katta saʼy-harakatlarni amalga oshirdi. Natijada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik oʻrnatish prinsipi uchun toʻsiq boʻlgan koʻplab islomiy tushunchalar sharhlarini oʻz ichiga olgan asarlar yaratildi.

Ammo hozirgi kunda ham ushbu islomiy tushunchalar boshqa maʼnoda qoʻllanib, ularning asl maqsadiga zid amallar yuzaga kelmoqda.

Ushbu maqolada bir qancha islomiy tushunchalarning haqiqati va mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratilgan. Bunda asosan hozirgi kunda dolzarb sanalgan uchta tushuncha haqida soʻz boradi.

Birinchi: xalifalik tushunchasi.

Bu sof islomiy tushunchadir. Diniy kitoblarda xalifalik tushunchasiga namoz, roʻza, zakot va haj tushunchalariga oʻxshash alohida yuridik maqom berilmagan. Biroq baʼzi toifalar uni toʻliq anglamay, xalifalik tizimini qayta tiklash haqida tinmay gʻoʻldiraydi. Matnning asl mohiyatini tushunishdagi bu ogʻish har doim tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadi, ziddiyat va nizolarga olib keladi.

Safina roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Mendan soʻng xalifalik oʻttiz yil. Undan keyin podshohliklar boʻladi”, deb aytayotganlarini eshitdim”.

Ushbu hadis Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning moʻjizalaridan biri boʻlib, unda aytilgan xabar Rasulullohdan keyin oʻttiz yil davomida oʻz tasdigʻini topdi. Maʼlumki, islom tarixida toʻrt xalifa boʻlgan. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum. Shu toʻrt xalifaning musulmonlarga rahbarlik davri oʻttiz yilga toʻgʻri keladi. Ulardan keyin xalifalik tugab, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bashorat qilganlaridek, podshohlik davri boshlandi.

Shu sababdan bugungi kunda xalifalik barpo etishni daʼvo qilayotgan kimsalarning talablari ushbu hadisga nomuvofiq boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan soʻzlarga mutlaqo ziddir.

Bu tushuncha haqidagi islomiy matnlarning asosiy haqiqati shuki, kimdaki toʻgʻrilik, adolat va layoqat komil boʻlib, davlat ishlarini oʻz zimmasiga olsa, uning nomi qanday – xalifa, sulton yo podshoh – boʻlishidan qatʼiy nazar, rahbar tayinlashdan iborat boʻlgan asosiy maqsad amalga oshgan boʻladi. Bunda inson manfaatlarini himoya qilish va ularni poymol boʻlishidan saqlash asosiy vazifa hisoblanadi.

Ikkinchi: jihod tushunchasi.

“Jihod” soʻzi lugʻatda inson tomonidan bor imkoniyatni ishga solib harakat qilish maʼnosini anglatadi.

Alohida taʼkidlab aytish lozimki, “jihod” soʻzi lugʻatda urush maʼnosini anglatmaydi. Urush arab tilida boshqa soʻzlar bilan ifoda etiladi. Asosan “qitol” kalimasi ishlatiladi.

Lugʻatdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ham koʻpaygan va ular orasida dushmanga qarshi jon-jahd bilan jang qilish ham “jihod” deyilgan. Ammo ushbu oxirgi maʼno boshqalaridan ustun kelib, keyinchalik “jihod” deganda faqat “qitol” tushuniladigan boʻlib qolgan.

Alloh taolo islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan Oʻz Paygʻambari Muhammad alayhissalomga Furqon surasida quyidagicha xitob qiladi:

﴿فَلَا تُطِعِ الْكَافِرِينَ وَجَاهِدْهُمْ بِهِ جِهَادًا كَبِيرًا﴾

“Kofirlarga itoat etmang! Ularga qarshi u (Qurʼon) bilan katta jihod qiling!”[1].

Demak, Qurʼon bilan katta jihod qilingan. Zarracha aqli bor odam uchun bunda urush olib borish maʼnosi yoʻqligini anglab olish qiyin emas.

Islomda jihod urush emas, avvalo Allohning diniga soʻz bilan daʼvat qilish maʼnosida kelgan.

Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoi nafsingga qarshi jihod qilishingdir”, deganlar.

Jihod haqidagi oyatlarning barchasini oʻrganib chiqqandan soʻng maʼlum boʻladiki, islomda jihod hukmi sharoitga qarab oʻzgarib turadi.

Jihod ikki qismdan iborat: talab va mudofaa.

Ulamolar hozir talab jihodi yoʻqligiga ijmoʼ qilgan. Chunki bugungi zamonda hamma davlatlar urushmaslikka kelishgan va oʻzaro aloqalar oʻrnatib, elchixonalar ochgan.

Mudofaa jihodi dushmanlar musulmon yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun boʻladi.

Muqaddas Qurʼoni karim islomning tinchlikparvar din ekaniga yetarlicha dalil boʻlib, tinchlik uchun har qanday tashabbus yoki imkoniyatga darhol javob berishga intiladi.

﴿وَإِنْ جَنَحُوا لِلسَّلْمِ فَاجْنَحْ لَهَا وَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ﴾

Alloh taolo: “Agar ular tinchlikka moyil boʻlsalar, siz ham unga moyil boʻling va Allohga tavakkul qiling! Albatta, U oʻta eshituvchi va biluvchidir”[2], deb marhamat qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo urushdan tinchlikni afzal koʻrganlar. U zotning siyratlari shunday ediki, kofirlardan kimki u zot bilan sulh tuzgan boʻlsa, u bilan urush qilmaganlar. Bu siyrat, hadis, tafsir, fiqh va boshqa kitoblarda bayon etilgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jihod va janglari dushmanni yoʻq qilish uchun emas, balki adolatsizlikka barham berishga qaratilgan. Bu dushmanni qaytarish uchun qilingan jihod yoki qoʻshni davlatlarni ahdni buzish va chegaradagi xavfsizlikka rahna solish fikridan qaytarishga qaratilgan jihod boʻlgan.

Shu oʻrinda Haq taoloning quyidagi soʻzining maʼnosini anglab olish lozim:

﴿وَأَعِدُّوا لَهُمْ مَا اسْتَطَعْتُمْ مِنْ قُوَّةٍ وَمِنْ رِبَاطِ الْخَيْلِ تُرْهِبُونَ بِهِ عَدُوَّ اللَّهِ وَعَدُوَّكُمْ وَآَخَرِينَ مِنْ دُونِهِمْ لَا تَعْلَمُونَهُمُ﴾

“Ular uchun imkoningiz boricha (harbiy) kuch va otliq boʻlinmalarni tayyorlab qoʻyingiz! Bu bilan Allohning va oʻzingizning dushmaningizni va ulardan oʻzga siz bilmaydigan (dushman)larni qoʻrquvga solgan boʻlursiz”[3].

Bundan koʻzlangan maqsad shuki, musulmonlar oʻz xavfsizligi nishonga olinmasligi va suvereniteti poymol qilinmasligi uchun oldini oluvchi vositalar va harbiy kuchga ega boʻlishi kerak. Shunda xavfsizlik mustahkam boʻlib, tinchlik hukm suradi.

Kamol ibn Humam jihoddan maqsad dunyoni buzgʻunchilikdan ozod qilish ekanini taʼkidlagan[4].

Bularning barchasidan jihodning haqiqatini “dushmanlarni dinga zoʻrlab kiritish, ularni qonun va hukmlarga boʻysunishga majburlash kerak”, degan tasavvurda boʻlganlarning fikri notoʻgʻri ekani kelib chiqadi.

Haqiqat shuki, islomda dinni majburan qabul qildirish mumkin emas. Chunki ezgulikka majburlash solih odamni hosil qilmaganidek, islomga majburlash ham insonni musulmon qilib qoʻymaydi.

Bu borada Qurʼoni karimda:

﴿لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ﴾

Dinga majburlash yoʻq[5]deyiladi.

Vahba Zuhayliy aytadi: “Jihod – musulmonning qoʻlidagi aqlli vosita. Bundan baʼzi toifalar dunyoni nazorat qilish, hokimiyat oʻrnatish va saltanatni kengaytirish uchun foydalanmoqda”[6].

Bugun oʻzini chin musulmon sanagan ayrim “jihodchilar” fitna qoʻzgʻab, islomning haqiqatini suiisteʼmol qilmoqda. Biz buning jiddiy xato ekanini koʻrsatish va anglatish uchun konstruktiv tashabbuslarni ilgari surish maqsadga muvofiq.

Uchinchi: birodarlik tushunchasi.

Birodarlik – yaxlit jamiyat oʻrnatish uchun odamlarning aloqa va munosabatlarini mustahkamlaydigan va diniy asarlarda kelgan yuksak axloqiy qadriyat. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Sizlardan biringiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham yaxshi koʻrmagunicha moʻmin boʻlmaydi, deganlar.

Paygʻambar alayhissalomning ushbu hadislarini sharhlovchilar bu yerda nazarda tutilgan “yaxshi koʻrish” musulmonning musulmon birodariga boʻlgan yaxshi koʻrishi ekaniga ittifoq qilgan. Shu nuqtai nazardan bunday savol tugʻiladi: yaxshi koʻrishning musulmon boʻlmaganlarni ham qamrab olishiga nima toʻsqinlik qiladi? Bundan tashqari u zot nima uchun yana: “Musulmon – tili va qoʻlidan musulmonlar omonda boʻlgan kishidir”, deganlar?

Bu umuman gʻayrimusulmonga til yoki qoʻl bilan zarar yetkazish joiz, degani emas.

Ulamolarning aytishicha, bu yerda musulmonlar soʻzi gʻolibga eʼtibor nuqtai nazaridan qoʻllanmoqda. Bu gap musulmonlar yurtida, musulmonlar jamoasi ichida aytilgan. Bu musulmonlardan boshqalarga ozor bersa boʻladi, degani emas. Demak, musulmon boʻlmaganlar ham musulmondan ozor koʻrmasin, deyilmoqchi[7].

Gʻayrimusulmon ham bir insondir. Vaholanki, shariatda hatto hayvonga ham ozor bermaslik buyurilgan.

Xaybar kuni Paygʻambar alayhissalom Ali roziyallohu anhuga: “Allohning sen orqali bir odamni hidoyat qilishi senga qizil tuyalar byerilishidan yaxshiroqdir”, dedilar. Yaʼni, gʻayrimusulmonga ham yaxshi munosabatda boʻlish lozim. Balki Alloh shu sababli uni hidoyatga boshlar. Zero, Alloh taolo:

﴿وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا﴾

“Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik”[8]deydi.

Oyati karimada Alloh taolo bandalariga Oʻzi ato etgan behisob neʼmatlarini eslatish bilan birga, insonning naqadar ulugʻ bir mavjudot ekaniga guvohlik berayapti.

Islom musulmon kishini gʻayridinni yaxshi koʻrib, uni hidoyatga daʼvat qilishdan toʻsmaydi.

Birodarlikning asl haqiqatini imon rishtalari doirasi bilan cheklash va bu rishtadan tashqarida boʻlganlarni istisno qilish gina va kuduratni qoʻzgʻashi mumkin. Bu qalblarda tinchlik ruhiyatini yoʻqotishning bir usulidir.

Aslida islom oʻz tarafdorlarining qalbida diniy birodarlikni oʻrnatishga intiladi, keyin esa insoniy birodarlik asosida boshqalarni ham qamrab olish uchun insoniylik doirasi kengaytirishga intiladi. Natijada xavfsizlik va barqarorlik qalb tubiga kirib boradi va butun insoniyat jamiyatida tinchlik hukm suradi.

Xulosa:

  1. Odamlarning qalbida tinchlik haqiqatini qaror toptirish zarur. Shunda tinchlik tamoyili butun jamiyat uchun haqiqatga aylanadi.
  2. Islom harbiy tayyorgarlikni inkor etmaydi, balki uni adolatli tinchlikka erishish vositasi deb biladi va mana shu chegaralar doirasidan tashqarisini maʼqullamaydi.
  3. Tinchlik insonparvarlik jamiyati barpo etishda har tomonlama yutuqqa erishish va insoniyat sivilizatsiyasi rivojga samarali hissa qoʻshish yoʻlidir.
  4. Yoshlarga adashgan oqimlarning fitnasi va buzgʻunchiligidan himoya qilish uchun aslida tinchlikka xizmat qiluvchi yuqoridagi islomiy tushunchalarning haqiqiy dalillarini tushuntirish lozim.
  5. Tinchlikka xizmat qilish yoʻlidagi ilmiy saʼy-harakatlar samarasini ilmiy tadqiqotlar doirasidan chiqarib, ularni jamiyatning turli guruhlari va qatlamlari orasida yoyish, ijtimoiy mafkuraga aylantirish, bu borada ijtimoiy ongni shakllantirishga barcha faol institutlarni jalb etish va ushbu maqsadga erishish uchun bor saʼy-harakatlarni ishga solish zarur.
[1] Furqon surasi, 52-oyat.
[2] Anfol surasi, 61-oyat.
[3] Anfol surasi, 60-oyat.
[4] Kamol ibn Humam. Fathul qodir sharhil Hidoya lil Margʻinoniy. – Qohira: Muhammad Mustafo, 1356/1937. IV-juz. – B. 288.
[5] Baqara surasi, 256-oyat.
[6] Vahba Zuhayliy. Osorul harbi fil fiqhil islamiy. – Damashq: Dorul fikr, 1412/1992. – B. 97.
[7] Badriddin Ayniy. Umdatul qoriy. – Bayrut: Dorul kitabul ilmiya, 2001. I-jild. – B. 207.
[8] Isro surasi, 70-oyat.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqola PDF formatda

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …