Home / XALQARO YANGILIKLAR / Ilmiy seminar konstruktiv ruhda oʻtdi

Ilmiy seminar konstruktiv ruhda oʻtdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Turkiyaning Marmara universiteti hamkorligida “Ahmad Yassaviy va Oʻrta Osiyoda yassaviylik tariqati” mavzusida onlayn seminar oʻtkazildi.

Markaz ilmiy xodimlari hamda Oʻzbekiston va Turkiyaning 60dan ziyod sharqshunos, islomshunos va tasavvufshunos olimi ishtirok etgan seminarda Marmara universiteti Ilohiyot fakulteti professori Dr. Nejdet Tosun mavzu yuzasidan maʼruza qildi.

Olim XII asrda Markaziy Osiyoda tasavvufning paydo boʻlish va rivojlanish tarixi, Yassaviya tariqatining asoschisi Xoja Ahmad Yassaviyning hayoti va faoliyati, uning tasavvufiy qarashlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Nejdet Tosunning aytishicha, islom dini paydo boʻlganidan Qurʼon va hadis ahkomlariga mos ravishda yuzaga kelgan tasavvufiy taʼlimotlar X-XI asrlarga kelib Movarounnahrda ham keng tarqala boshlagan. Xususan, Yassaviya va Naqshbandiya tariqatlari Hamadoniy taʼlimoti taʼsirida shakllangan.

XII asrda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy dastlabki turkiyzabon mutasavvif shoir sifatida ham maʼlum va mashhurdir. Uning tasavvufni targʻib etuvchi turkiyda yozilgan sheʼrlari tilining xalqqa yaqinligi, ohangdorligi tufayli tezda xalq orasida keng yoyilib ketgan va muallifga shuhrat keltirgan.

Yassaviya tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari boʻlmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. Xususan, poklik, halollik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, oʻz qoʻl kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, insonni botinan va zohiran, jisman va maʼnan takomillashtirish kabi ilgʻor umuminsoniy qadriyatlar ifoda qilingan. Bu taʼlimot komil insonni tarbiyalashning asosiy yoʻllaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Ahmad Yassaviy tasavvufni inson maʼnaviyatini yuksaltiruvchi muhim omil deb biladi. Tariqatning bosh maqsadi esa insonlarni toʻgʻri yoʻlga daʼvat etishdir.

Maʼruza juda mazmunli boʻlib, unda Yassaviya taʼlimotining mazmun-mohiyati, Markaziy Osiyo hududi boʻylab tarqalish tarixi, geografiyasi, yirik namoyandalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Professor Tosun ishtirokchilarning tasavvuf tarixi va falsafasiga oid koʻpgina qiziqarli savollariga javob berdi.

Konstruktiv muloqot tarzida oʻtgan seminar ilmiy munozara va mushohadalarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …