Home / MAQOLALAR / Inson oʻzidan yaxshi odat qoldirishi ulkan savobdir

Inson oʻzidan yaxshi odat qoldirishi ulkan savobdir

Bugun yurtimizda bardavom boʻlib turgan tinchlik, oilamizdagi toʻkin-sochinlik Alloh taoloning bizga bergan cheksiz neʼmatidir. Tinchosuda har bir kunda oʻzgalar mushkulini aritish, oʻksik qalblarni shod etish chin maʼnoda ulkan bir insoniylikdir.

Islom fitratida kamolga yetgan har bir inson yordamga muhtoj qatlamga yaxshilik qilish harakatida boʻladi. Bu toifani Haq taolo va barcha insonlar yaxshi koʻradi. Biroq yana bir toifa borki, oʻzidan faqat va faqat yomon odat qoldiradi, jamiyatga zarar yetkazadi.

“Sunani Dorimiy” asarida kelgan hadisga koʻra, bu ikki toifa haqida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim (oʻzidan) biror yaxshi odat qoldirsa, undan keyin unga amal qilinsa, unga amal qilgan kishining savobidan biror narsa kamaytirilmagan holda unga ham shuncha savob yoziladi. Kim biror yomon odat qoldirsa, uni qilgan kishining gunohidan biror narsa kamaytirilmagan holda unga ham shuncha gunoh yoziladi”, dedilar.

Xoʻsh, yaxshi odatlar deganda nimalar tushuniladi? Yaxshi odat – biror muhtojga yordam berish, yetimlar holidan xabar olish, yoshi katta insonlarga koʻmaklashish va hokazo. Yaxshilikni oila misolida olib qaraydigan boʻlsak, ota oʻz farzandi bilan bemor qoʻshnisidan xabar olishi ham bir yaxshi odat va ezgulikdir. Hovliga bir mevali daraxtni farzandi bilan birga oʻtqazsa yoki behuda oqayotgan suvning joʻmragini yopishni oʻrgatsa, bu ham yaxshilik va xayrli odatdir. Zero, birovga zarra miqdorida qilingan yaxshilikni ham Haq taolo – besamar ketkazmaydi. Balki uning oʻziga yarasha ajr-mukofotini beradi. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Va ezgu ish qilingiz, shoyad najot topsangiz[1]. Ushbu oyatda ezgu ish deyilmoqda. Bu sizdan zinhor yomonlik, fasod sodir boʻlmasin, deganidir.

Agar inson biror kishiga moddiy tomondan yaxshilik qilishga qurbi yetmasa, chiroyli soʻzi, tabassumi bilan ham saxovat koʻrsatishi mumkin. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Tabassum bilan aytilgan chiroyli soʻz ham sadaqadir”, deganlar. Demak, birgina tabassum ham insonning savob olishiga sabab boʻlar ekan.

Shuningdek, biror bir yaxshilik qilish imkonini topa olmagan inson boshqalarni xayrli ishga chaqirsa, unga ham shuncha yaxshilik savobi kamaymasdan yoziladi.

Binobarin, insonning har bir yaxshi odati aslida faqat oʻzi uchundir. Jamiyat rivojining ravnaqi ham insonlarning mehnati va himmatiga bogʻliqdir.

Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Ҳаж сураси, 77-оят.

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …