Home / YANGILIKLAR / Uchinchi yuksalish davri beshigi yaratilmoqda yoxud milliy afsonaning maʼrifiy haqiqatlari

Uchinchi yuksalish davri beshigi yaratilmoqda yoxud milliy afsonaning maʼrifiy haqiqatlari

MAʼNAVIY POYDЕVOR

Yurtimizda tinchlik deb atalmish ulugʻ neʼmat hukm surmoqda. Ana shu neʼmat soyasida har yili Prezidentimiz tomonidan ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarilayotgani milliy-diniy qadriyatlarimiz, azaliy urf-odatlarimizga yuksak hurmat va ehtiromning amaliy inʼikosidir.

Yangilanayotgan diyorimizda tinchlik-xotirjamlik, mehr-oqibat, oʻzaro hamjihatlik, himmat va saxovat kabi anʼanalarimiz tobora mustahkam qaror topayotgan bir sharoitda, ramazon oyi koʻtarinki ruh bilan kutib olindi. Munavvar tonglarda, muazzam shomlarda qilinayotgan xayrli duolar diyorimizning musaffo osmonida rahmat, magʻfirat va baraka boʻlib yogʻilmoqda.

Yurtimizdagi 1500 dan ziyod masjidda tarovih namozlarida xatmi Qurʼonlar bosh landi. Imom Buxoriy va Imom Muslim hazratlari tomonidan rivoyat qilingan hadisda “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”, deyilgan.

Insonni kamolot sari yetaklovchi milliy va diniy qadriyatlarimizdan boʻlgan ramazon oyi roʻzasi insonda oʻz nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli boʻlish, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilish kabi fazilatlar shakllanishiga xizmat qiladi.

Ramazon oyida qilinajak ezgu niyatlar va xayrli ishlar ulugʻligini inobatga olib, 2018-yil 15-iyun kuni Ramazon hayitida Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qoʻyilgan edi. Markaz oʻz gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra, betakror loyiha boʻlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan. Muhim jihati, u xalqimizning bunyodkorlik qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-maʼnaviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasini rivojlantirishdagi tarixiy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.

Qiyosi yoʻq megaloyihaning noyob asoslari

Ayni kunlarda Hazrati Imom maydonida asrimizning qiyosi yoʻq megaloyihasi – maʼrifiy afsona – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Chindan ham ushbu markaz nafaqat respublikamiz, balki yaqin qoʻshni davlatlarda ham qiyosi yoʻq. Shu bois, uning bunyod etilayotgani Prezidentimizning doimiy diqqat-eʼtiborida boʻlib kelmoqda.

2021-yil 16-iyul kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlar ana shu eʼtiborning yorqin ifodasidir.

Markaz oldiga qoʻyilgan muhim vazifalarni bajarish borasida jamoamiz fidokorlik va masʼuliyat bilan faoliyat koʻrsatmoqda. Amalga oshirilgan tadqiqot hamda ilmiy grant loyihalari doirasida 24 nomda ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar, jumladan, 4 ta kitob-albom, 8 ta kitob, 2 ta monografiya, 3 ta katalog (reyestr), 2 ta risola, 2 ta qoʻllanma, 2 ta jurnal nashr etildi, ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan 11 ta yozma manba tarjima qilindi.

Respublika fondlarida saqlanayotgan 52 ming 255 ta qadimgi yozma manba toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi yaratilib, ularning ilmiy tahlili asosida 4 mingta yozma manbaning reyestri tayyorlandi.

Markaz fondiga yurtdoshlarimiz tomonidan murojaatlar kun sayin koʻpayib bormoqda. Ayni paytda aholi va shaxsiy kolleksiyalardan 626 ta qoʻlyozma va 985 ta toshbosma asar, jami 1611 ta manba qabul qilingan. Jumladan, muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan 423 ta qadimiy manba (122 ta qoʻlyozma, 301 ta toshbosma kitob), tarixiy hujjatlar va fotosuratlar markaz ixtiyoriga oʻtkazildi.

Asrlar qaʼrida “chang bosib yotgan” voqeliklar roʻyobi

Yaqinda poytaxtimizda “Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini shakllantirishga oid dolzarb masalalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Konferensiyada Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi muzey konsepsiyasini takomillashtirish, uning oldiga qoʻyilgan vazifalarni izchil va sifatli bajarish mavzulari muhokama qilindi. Mazkur koʻp profilli ilmiy-maʼrifiy muassasaning serqirra faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar oʻrtaga tashlandi.

Markaz faoliyatining yana bir ahamiyatli yoʻnalishi ushbu muzey fondi va ekspozitsiyasini shakllantirishdir. Muzey fondiga 630 ta tarixiy ashyo, maket va mulyaj qabul qilindi. Qurʼoni karim boʻlimi ekspozitsiyasi uchun Qurʼoni karimning 28 ta nodir qoʻlyozmasidan iborat kolleksiya shakllantirildi. 9 ta yoʻnalishda 1584 ta ekspozitsiya materiallari tayyorlandi.

Muzeyning “Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” boʻlimi konsepsiyasi ishlab chiqilib, mazkur mavzuni yoritish boʻyicha 38 ta stend loyihasi tayyorlandi.

Noyob merosimizning xalqaro eʼtirofi

2022-yilning 1-10-iyun kunlari Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) hamda Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida Turkiyaning Istanbul va Anqara shaharlarida “Oʻzbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi va Yangi Oʻzbekiston” mavzularida markaz taqdimoti va fotokoʻrgazma tashkil etildi. Unda shonli tariximiz va buyuk kelajagimiz mavzusida, asosan, hali eʼlon qilinmagan fotosuratlar, arxiv materiallari hamda taqdimotlar orqali doʻst va qardosh Turkiya xalqi jamoatchiligiga mustaqil Oʻzbekiston, uning tarixi va bugungi kuni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Bugungi kun farzandlari har bir voqelik va maʼlumotni mobil telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boradi. Shu bois, internet tarmogʻida yurtimiz allomalari va mutafakkirlari hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqidagi ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Shuningdek, markaz fondidagi 4923 ta kitobdan iborat “Sharq va Gʻarb” nodir kitoblar kolleksiyasining fixristi oʻzbek, rus, ingliz, arab hamda fransuz tillariga tarjima qilindi va 4 ta jildi nashrdan chiqarildi.

Qatar milliy kutubxonasida saqlanayotgan 19 351 ta elektron manbadan 620 dona qoʻlyozma, toshbosma asar, 200 dona xarita, 615 ta fotohujjat markaz elektron kutubxona fondiga kiritildi. Ularning roʻyxatini shakllantirish jarayoni davom etmoqda.

Xorijiy turdosh tashkilotlar bilan 2022-yilda 7 ta memorandum imzolandi. Imzolangan jami memorandumlar soni 28 taga yetdi. Jumladan, Malayziya Islom sanʼati muzeyi, Qozogʻiston qoʻlyozmalar va nodir kitoblar milliy markazi va Qatar milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borishga kelishib olindi.

Joriy yil davomida markaz binosi qurilishiga 28 ta delegatsiyaning tashrifi amalga oshirildi. 2022-yil 26-sentyabrda markaz delegatsiyasi Doha (Qatar)da oʻtkazilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasida Qatar milliy kutubxonasida “Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti”, “Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” mavzularida taqdimotlar oʻtkazib, Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etdi.

Yangi davr shabadalari esa boshladi

Insoniyat tarixi dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi maʼnaviy uygʻonish jarayoni milliy oʻzlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa Renessans – uygʻonish, qayta tiklanish, yuksalish deb ataladi.

Bugungi Oʻzbekiston zamini qadimda ikki buyuk uygʻonish davriga – Birinchi (maʼrifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik boʻlgan. Bu jahon ilm-fanida oʻz isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim uygʻonish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʻzlari hayotimizda oʻzaro uygʻun va hamohang boʻlib yangramoqda, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Ayniqsa, soʻnggi besh yildagi tub va izchil iqtisodiy-siyosiy islohotlar, ijtimoiy-maʼnaviy sohadagi oʻzgarishlarni tahlil qiladigan boʻlsak, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonning mustaqil rivojlanishida yangi davr boshlanmoqda, degan xulosaga kelinadi.

IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo ilm-fan va madaniyat oʻchogʻi boʻlgan. Mashhur olim va fozil insonlarni yetishtirib chiqargan ushbu davr tarixda Birinchi Renessans deb ataldi. Ushbu davrning buyuk shaxslari Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari oʻnlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari insoniyat taraqqiyotiga beqiyos ulush boʻlib qoʻshildi.

Islom dinining ilmiy merosiga hissa qoʻshgan va ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi ulugʻ ulamolar butun musulmon olamining faxr-u iftixori va cheksiz gʻururiga aylandi.

XV asrda Amir Temur tomonidan asos solingan saltanatda Ikkinchi Renessans paydo boʻldi. Ushbu davr ishtirokchisi sifatida Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Gʻiyosiddin Koshiy singari benazir olimlar, Alisher Navoiy, Hofiz Xorazmiy, Lutfiy, Sakkokiy, Abdurahmon Jomiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Xondamir, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond kabi tarixchilar, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar, musiqashunos va meʼmorlar, koʻplab xattot va sozandalarning shuhrati dunyoga yoyildi.

Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor, taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani millatimizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Uchinchi Renessans poydevorini qurishda esa, albatta, avvalo, ajdodlar merosini yanada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilishga muhim omil sifatida qarashimiz mumkin.

Bugungi avlodi ana shu ulugʻ bobokalonlarimizga vatandosh ekanidan faxrlanadi va munosib boʻlishga intiladi. Buning uchun esa Oʻzbekistonda barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Yetuk tarjimonlarga ehtiyoj katta edi

Shu kungacha belgilangan barcha yoʻnalishlarda samarali natijalarga erishildi. Ayniqsa, 2022-yilning 8-aprel kuni davlatimiz rahbarining markaz qurilishi maydonchasiga navbatdagi tashrifi hamda u yerda bildirgan fikr va mulohazalari, topshiriqlari muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Anʼanaga koʻra, Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazida soʻnggi oylarda qilingan ishlar bilan tanishdi va mutasaddilar hamda quruvchilarga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, tashqi va ichki bezak ishlarining mazmuni va shaklini maʼqulladi, ayni paytda qoʻllaniladigan barcha matnlar ilmiy asosga ega boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Tashrif davomida Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi tarkibida shakllantirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” boʻlimi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Boʻlimda boy va uzoq asrlarga taqaladigan tariximiz, din va ilmda maktablar yaratgan bobolar merosi, maʼrifatparvar ajdodlarimiz, muftiylar sulolasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilgan konsepsiya boʻyicha davlatimiz rahbari oʻz takliflarini bildirdi.

Markaz tarkibida barcha tillar boʻyicha salohiyatli tarjimonlar tayyorlash boʻlimini tashkil etish taklifi maʼqullanishi tashrifdagi eng muhim oʻrinlardan biri boʻldi. Chunonchi, yurtimizda ushbu yoʻnalishda yetuk tarjimonlarga ehtiyoj katta. Mazkur tashrif markaz jamoasi oldiga yanada ulkan va sharafli vazifalarni qoʻydi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Markaz huzurida “Allomalar merosi” oʻquv markazi tashkil etildi. Uning jami 12 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunga qadar oʻquv markazini 1251 nafar tinglovchi bitirib chiqdi, 1321 nafar tinglovchi oʻquv kurslariga qatnashmoqda. Oʻquv jarayoniga sohaning tajribali olimlari, pedagog va mutaxassislari jalb qilindi.

Oʻtgan qisqa davrda ilmiy xodimlar tomonidan markaz muzeyining 9 ta boʻlimi ekspozitsiyasini shakllantirish boʻyicha jami 866 ta eksponat, 162 ta multimedia mahsulotining roʻyxati toʻliq shakllantirildi. Muzey fondidagi tarixiy ashyolar, mulyajlar, eksponatlar soni 452 taga yetkazildi.

Markaz konsepsiyasidan kelib chiqib, binoning tashqi bezaklarida foydalaniladigan jami 66 ta xattotlik yozuvi matnlari tayyorlandi. Qurʼoni karim boʻlimi ekspozitsiyasida namoyish qilinadigan 28 ta nodir qoʻlyozmadan iborat Qurʼoni karim kolleksiyasi shakllantirildi.

Ushbu kolleksiya yaqinda yana bir noyob nusxa bilan boyitildi. Mashhur xattot Habibulla Solih tomonidan koʻchirilgan Usmon Musʼhafining oʻziga xos nusxasi markaz fondiga taqdim etildi. “Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” boʻlimi konsepsiyasi hamda boʻlim ekspozitsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Boʻlimning 20×8 metr oʻlchamdagi devoriy rasmi uchun eskiz yaratildi.

Markaz kutubxonasi fondi jami 515 419 ta yozma manba, zamonaviy nashr va elektron nusxadagi manbalar bilan boyitildi. Hozir markaz fondining yozma manbalari 465 ta qoʻlyozma, 623 ta toshbosma, 19 415 ta zamonaviy nashr hamda 494 916 ta elektron nusxadan iborat.

Respublika fondlarida saqlanayotgan 106 525 ta yozma manba toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi yaratilib, ularning ilmiy tahlili asosida 50 795 ta manbaning reyestri tayyorlandi.

Buyuk ajdodlarimiz merosi, yangi yuksalish davri yutuqlarini targʻib qilish maqsadida “Islom sivilizatsiyasi markazi: shonli tarixdan buyuk kelajak sari” turkum koʻrsatuvining 29 ta soni tayyorlanib, markaziy va hududiy telekanallarda namoyish etildi. 57 ta mediamahsulot (9 ta koʻrsatuv, 36 ta intervyu, 12 ta videorolik) tayyorlandi. Shuningdek, 23 ta maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot tadbiri, 3 ta matbuot anjumani, 2 ta brifing, 1 ta press-tur tashkil etildi.

Grant loyihalar doirasida “Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” va “Oʻzbekiston – jahon sivilizatsiyasi kesimida” kitob-fotoalbomlari oʻzbek, rus, ingliz, arab tillarida nashr etildi va xorijiy davlatlarda taqdimotlari oʻtkazilmoqda.

Bitib qoʻymasaydi dono qalami…

Toshkent shahridagi taʼlim muassasalarida “Ajdodlarga munosib avlod boʻlaylik”, “Jaholatga qarshi maʼrifat” kabi mavzularda jami 23 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot tadbiri, taqdimot va koʻrgazma tashkil etildi. Ushbu tadbirlar avvalgidek rejaga kiritilgani uchun emas, balki muhim maʼrifiy tarixiy yuksalishga tayyorgarlik ishtiyoqini uygʻotish maqsadida oʻtkazildi.

“Ajdodlar merosi – ibrat va tarbiya manbai” shiori ostida Toshkent shahridagi mahallalarda oʻtkazilgan tadbirlarda yoshlar eʼtiborini jalb etadigan zamonaviy koʻrgazmalar va illyustratsiyalardan foydalanildi.

Markaz tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi maydonida, ochiq osmon ostida birinchi bor “Kitob – kamolot kaliti” ilmiy-maʼrifiy kitoblar koʻrgazmasi va savdosi boʻlib oʻtgani ham yurtdoshlarimizda katta taassurot qoldirdi. Koʻrgazma va savdoda yurtimizdagi nashriyotlar, bosmaxonalar va kitob doʻkonlari ilmiy, maʼrifiy va badiiy kitoblari bilan ishtirok etdi. Tashkil etilgan tanlovlarda koʻrgazma ishtirokchilari noyob kitoblar bilan taqdirlandi.

Ramazon munosabati bilan Hazrati Imom majmuasida oʻtkazilgan ushbu maʼrifiy tadbir doirasida taniqli shaxslar ishtirokida yoshlarni ilm-maʼrifatga daʼvat etadigan suhbatlar ham juda qizgʻin ruhda oʻtdi.

Ayniqsa, xattotlik sanʼati boʻyicha mahorat darslari tashkil etilgani yosh avlodda oʻzgacha qiziqish uygʻotdi. Yusuf Xos Hojib bejiz “Bitib qoʻymasaydi dono qalami, qorongʻu qolardi moziy olami”, deya taʼkidlamagan.

Kitob koʻrgazmasi hamda xattotlik saboqlarining uzviy davomi sifatida markaz ilmiy xodimlari tomonidan Fargʻona vodiysi va Qashqadaryo vohasida ham ushbu tadbirlar muvaffaqiyatli davom ettirildi.

Yurtdoshlarimizning eʼtiborini yanada koʻproq jalb etish maqsadida markaz veb-sayti takomillashtirildi, xorijiy tillardagi shakli va onlayn muloqot formatlari faoliyati rivojlantirildi. heritage.cisc.uz sayti ishga tushirildi. Unga Oʻzbekiston islom sanʼatiga oid maʼlumotlar joylab borilmoqda.

Jozibali manbalar va “inklyuziv sayl”lar

2022-yilning 16-20-may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida vakillarimiz faol ishtirok etdi. Forum doirasida Islom olami uyushmasining Xalqaro koʻmak, farovonlik va rivojlanish tashkiloti Bosh kotibi Doktor Abdulaziz Sarxan hazratlari, Nigeriyaning Argunu shtati amiri Elxaj Samoil Muhammad Mera janoblari, Gana Respublikasi sobiq bosh imomi, elchi Umar Sanda Ahmad Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarga markazning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi hamda oʻzaro hamkorlik haqida kelishib olindi.

May oyida Qozon shahrida boʻlib oʻtgan “Rossiya va islom olami” strategik qarashlar guruhining navbatdagi sammiti ham eʼtiborga molik mulohazalar va muhokamalarga boy boʻldi. Ana shunday anjumanlarda yangi loyiha va tashabbuslarga yoʻl ochilishi tabiiy.

Oʻtgan yilning may oyida “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusidagi xalqaro anjuman ham yuqori saviyada oʻtkazildi. Unda 10 dan ortiq xorijiy davlatdan 60 ga yaqin olim va professor, 130 dan ortiq mahalliy ishtirokchi qatnashdi. Tadbirda Sharq allomalari merosida islom ilmlari oʻrganilishi, Movarounnahrda tabiiy va aniq fanlar rivoji, musulmon olimlarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga taʼsiri, Sharq allomalari ilmiy merosida bagʻrikenglik masalasi yoritilishi kabi mavzular qizgʻin muhokama qilindi.

Ayni paytda Sulaymoniya kutubxonasi qoʻlyozmalar fondi (Turkiya), Xudobaxsh kutubxonasi qoʻlyozmalar fondi (Hindis ton), Tehron davlat muzeyi (Eron), Al-Azhar qoʻlyozmalar fondi, Misr Fanlar akademiyasi qoʻlyozmalar fondi (Misr), Parij milliy kutubxonasi fondi (Fransiya), Berlin milliy kutubxonasi (Germaniya), Oksford islom tadqiqotlar markazi fondi (Buyuk Britaniya), Sankt-Peterburg Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondlari (Rossiya)da saqlanayotgan, Oʻzbekiston tarixiga oid manbalarning elektron yoki faksimile nusxalarini yurtimizga olib kelish choralari koʻrilmoqda.

Markaz tomonidan shu kungacha 28 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlik oʻrnatildi. “Oʻzarxiv” agentligi, Madaniyat va turizm vazirligi koʻmagida Oʻzbekiston tarixiga oid manbalar roʻyxati shakllantirildi. 120 mingdan ortiq manbaning elektron nusxalari va 4 ta manbaning faksimile nusxasi olindi.

“Ipak yoʻli xalqaro kutubxonalar ittifoqi” (Silk Road International Library Alliance), Malayziyadagi islom sanʼati muzeyi bilan hamkorlik oʻrnatish maqsadida memorandum tayyorlandi, Avstraliya islom muzeyi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Ajdodlarga munosib avlod boʻlaylik” shiori ostida 2022-yil 17-18-iyun kunlari nogironligi boʻlgan yoshlar oʻrtasida “Oʻzingga ishon” shiori ostida “Inklyuziv sayl” madaniy-maʼrifiy tadbirlari oʻtkazilgani yosh yigit-qizlarda shonli tariximiz va madaniyatimizga katta ishtiyoq uygʻotdi.

Zero, bugun markaz oldiga qoʻyilgan muhim vazifalardan koʻzlangan maqsad ham shu – milliy tariximizning yangilangan siymosini yaratish va yosh avlodning qalbida yurtimiz allomalarining oʻlmas merosiga yuksak muhabbat uygʻotish. Oʻz Vatanini sevgan, tarixi va qadriyatlarini ulugʻlagan insonlargina munosib kelajak davomchilari boʻla oladi. Ilmiy-maʼrifiy faoliyatimiz asnosida bizni mana shu yuksak maqsad va gʻurur mashʼalasi oʻz maʼrifiy maydoniga, xalqaro maydon eʼtirofidagi maʼrifiy ustuvorlikka chorlab turadi.

Shoazim MINOVAROV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023 yil 28-mart, 60(849)-son

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …