Home / XALQARO YANGILIKLAR / Oʻzbekiston vakillarining Misrga amaliy safari samarali boʻldi

Oʻzbekiston vakillarining Misrga amaliy safari samarali boʻldi

Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi J.Najmiddinov boshchiligidagi delegatsiyaning Misrga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu safar davomida mamlakatimiz delegatsiyasi Misrdagi qator tashkilotlarda uchrashuvlar oʻtkazishdi. Boʻlib oʻtgan muloqotlar chogʻida Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi masʼullari ishtirok etdilar.

Jumladan, Arab qoʻlyozmalari instituti direktori oʻrinbosari Ahmad Abdulbosit bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda qoʻlyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish hamda ularning mikrofilm va elektron nusxalarini yaratish jarayoni bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, institutda saqlanayotgan Movaraunnahr allomalari qalamiga mansub manbalarning elektron nusxalarini olish, qoʻlyozmalarni restavratsiya va tadqiq qilish, zamonaviy nashrlarini yaratish hamda oʻzaro kadrlar almashuvini yoʻlga qoʻyish yoʻnalishlarida Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Al-Azhar majmuasi kutubxonasi faoliyati bilan tanishuv chogʻida uning rahbari Magdiy Mahran musulmon olamida muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan ushbu kutubxona 60 mingga yaqin qoʻlyozma, 350 mingdan ortiq bosma asarlarni oʻzida jamlagan yirik ilmiy-maʼrifiy maskan hisoblanishini maʼlum qildi.

Kutubxona rahbari bilan boʻlib oʻtgan suhbat davomida Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun maxsus kurslar tashkil qilish, qoʻlyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha oʻzaro hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.

Ushbu kutubxonaga Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasi tuhfa etildi. Mamlakatimiz delegatsiyasi Al-Azhar Ekstremizmga qarshi kurash observatoriyasiElektron fatvolar markazi hamda Misr Fatvo uyi huzuridagi Ekstremizmni tadqiq etish “Salam” markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Ekstremizga qarshi kurash observatoriyasi 2015 yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi terrorchi guruhlar tomonidan tarqatilayotgan ekstremistik gʻoya va mafkuralar bilan bogʻliq jarayonlarni monitoring qilishdan iborat ekanligi maʼlum qilindi.

Ushbu jarayonlarni oʻrganish va tahlil qilish uchun xorijiy tillarni mukammal biladigan 50 nafar xodim turli tillardagi veb-saytlar va ijtimoiy media vositalarida ekstremistik gʻoya va fikrlarni kuzatib borishlari barobarida 13 tilda ularga raddiyalar ham tayyorlaydi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari ushbu muassasa bilan ikki tomonlama hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha muzokaralar oʻtkazishdi.

Elektron fatvolar markazi rahbari Usoma Hoshim Hadidiy oʻzbekistonlik mehmonlarga Markaz faoliyati haqida soʻzlab berar ekan, aholidan diniy masalalar boʻyicha keladigan savollar, ularning mazmun-mohiyati, mavzularga koʻra mutaxassislarning taqsimlanishi, shu bilan bir qatorda, onlayn ravishda berilayotgan javoblar doimiy ravishda ushbu markaz tomonidan nazorat qilib borilishini maʼlum qildi.

U radikalizmga qarshi kurashda qaysi uslublardan foydalanish samarali boʻlishi masalasiga toʻxtalib, bunda bir qator omillardan foydalanish maqsadga muvofiqligi, jumladan, yuzma-yuz suhbatlar olib borish yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumotlarni keng tarqatish yaxshi natija berishini aytdi.

Ekstremizmni tadqiq etish “Salam” markazi ijrochi direktori Hasan Muhammad maʼlumotlariga koʻra, ushbu markaz ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda hokimiyat organlariga koʻmaklashish, ekstremizm va radikalizm profilaktikasining ilmiy, madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik jihatlarini oʻrganish kabi bir qator muhim vazifalarni bajaradi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Markazda ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, islomning asl insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan hujjatli filmlar, chiqarilgan fatvolar, ixtilofli masalalarga tezkor javob qaytarish uslublari bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va “Salam” markazi oʻrtasida amaliy hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xususan, Anglashuv memorandumini imzolash, kadrlar almashuvini yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish, hamkorlikda konferensiya va ilmiy seminarlar tashkil etish, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Qohira universitetining Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim fakulteti dekani Iman Haridi bilan uchrashuv chogʻida esa Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda arab tili yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma dasturlarni (duoble degree va joint degree) yoʻlga qoʻyish, Islom akademiyasidagi Bitiruv malakaviy ishi (BMI) va magistrlik dissertatsiyalariga Qohira universiteti professorlarining rahbarlik qilishi, oʻzaro oʻqituvchi va talabalar almashuvi, xalqaro eʼtirof etilgan til imtihonlarini Islom akademiyasi orqali Oʻzbekistonga olib kirish hamda arab tili pedagogikasi boʻyicha qoʻshma loyiha va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga doir kelishuvga erishildi.

Yuqoridagilar bilan birga, Arab tili taʼlimini rivojlantirish markazi rahbari Mustafo Orabi bilan arab tili oʻqituvchilari uchun stajirovka va malaka dasturlarini tashkil etish, arab tilini masofaviy oʻqitish, qoʻshma konferensiya va ilmiy anjumanlar oʻtkazish, talabalar uchun taʼtil davrida qisqa muddatli kurslar tashkil qilish va boshqa dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Markaz rahbari mazkur yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikka tayyor ekanligini bildirib, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Qohira universiteti oʻrtasida hamkorlikka oid memorandumni imzolash maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidladi.

Manba: “Dunyo” AA

Check Also

Muftiy hazratlari Islomiy fiqh akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi

20-aprel kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida Islom olami uyushmasi tarkibidagi Islomiy fiqh akademiyasining 23-davra yig‘ilishida O‘zbekiston …