Home / FOTO LAVHALAR / Al-Azhar observatoriyasi va Xalqaro elektron fatvo markaziga tashrif

Al-Azhar observatoriyasi va Xalqaro elektron fatvo markaziga tashrif

Misr safarida boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi 2023 yil 14 mart kuni Ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha al-Azhar observatoriyasiga ham tashrif buyurdi.

Observatoriya 2015 yilda tashkil qilingan boʻlib, hozirgi kunda Misrning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha asosiy muassasalaridan biri hisoblanadi. Markazda turli tillardagi veb-saytlar hamda ijtimoiy media vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar monitoring va tahlil qilinib, ularga 13 tilda tezkorlik bilan javob va raddiyalar tayyorlanadi. Bugungi kunda observatoriya Misr yoshlarini ekstremizm va terrorizm bilan bogʻliq boʻlgan eng dolzarb muammolardan ogohlantirish,  ekstremistik guruhlar tomonidan gʻarazli maqsadlarda qoʻllanilayotgan tushunchalarning asl mohiyatini ochib berish, umuminsoniy qadriyatlarni keng targʻib qilishda muhim oʻrin tutuvchi tashkilotlardan biri sanaladi.

Delegatsiya vakillari observatoriyaning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini jamoatchilikka targʻib qilish, mutaassib oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalariga raddiyalar berish, yoshlarni yot gʻoyalardan asrab-avaylash hamda ularni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif mobaynida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish yuzasidan oʻzaro tajriba almashish, kadrlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, soha doirasida qoʻshma ilmiy dasturlarni amalga oshirish kabi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Tashrif yakunida observatoriya rahbariyatiga Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari va boshqa esdalik sovgʻalari topshirildi.   

Shu kuni delegatsiya aʼzolari al-Azhar huzuridagi Xalqaro elektron fatvo markazida ham boʻldilar. Oʻz oldiga zamonaviy texnologiyalar vositasida elektron fatvolar berishni maqsad qilgan ushbu markaz fatvo institutini tartibga solish, moʻtadillikni targʻib qilish, notoʻgʻri gʻoyalarga raddiyalar berish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda.

Mehmonlarni Xalqaro elektron fatvo markazi direktori doktor Usoma Hoshim Hadidiy kutib olib, Markaz ish faoliyati, xususan, bugungi kunda dolzarb hisoblangan fatvolarni tizimlashtirish, ularni media vositalari orqali jamoatchilikka yetkazish orqali jamiyatda moʻtadillikni taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Tashrif davomida ilmiy-maʼrifiy sohadagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, oʻzaro tajriba va xodimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, radikalizm va terrorizm qoralab chiqarilgan zamonaviy fatvolarning elektron bazasini yaratishga kelishib olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Bayram munosib qarshilandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 11-noyabr – “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni”ga bagʻishlab, sogʻlom turmush tarzi …