Home / MAQOLALAR / ABUL FATH SHAHRISTONIYNING “AL-MILAL VA-N-NIHAL” ASARIDA DINIY BAGʻRIKЕNGLIK MASALALARI

ABUL FATH SHAHRISTONIYNING “AL-MILAL VA-N-NIHAL” ASARIDA DINIY BAGʻRIKЕNGLIK MASALALARI

Soʻngi yillarda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida yurtimiz mutafakkir ulamolarining asarlarini ilmiy asosda oʻrganishga keng imkoniyatlar yaratildi. Ulamolarimiz asarlarida koʻtarilgan bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik masalalarini ilmiy oʻrganish bugungi kunda dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning, “Bizning davlatimiz koʻp millatli va koʻp konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos boʻlgan bagʻrikenglik anʼanalari muhim rol oʻynamoqda”[1], degan fikrlari buning isbotidir.

Oʻrta asrlarda musulmon olimlar tomonidan boshqa eʼtiqodlarni oʻrganish borasida koʻplab asarlar yozilgan. Dunyo dinlari taʼlimotlarini oʻrganish poydevorini Movarounnahr diyoridan chiqqan, fundamental ilmlar asoschisi Abu Rayxon Beruniy yaratgan. Abu Rayxon Beruniy 1000 yilda oʻzining “Osorul-boqiya anil-qurunil-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini yozib tugatgan. Ushbu asarda turli xalqlarning diniy eʼtiqodlari, bayramlari, marosimlari toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar qoldirgan. Abu Rayxon Beruniy “Osorul boqiya”da har-bir diniy taʼlimotlarni xolislik prinsipi asosida yoritgan.

Beruniydan bir asr keyin Xuroson mintaqasida yashab ijod qilgan Abul Fath Shahristoniy ham dinlar tarixini oʻrganishga bagʻishlangan “al-Milal va-n-nihal” (“Dinlar va firqalar”) asarini yozgan. Abul Fath Shahristoniyning toʻliq ismi – Muhammad ibn Abulqosim Abdulkarim ibn Abu Bakr Ahmad[2] boʻlib, u Shahristoniy nisbasi bilan tanilgan. Shuningdek, olimning kunyasi Abul Fath, laqabi Tojuddin boʻlgan. Alloma saljuqiylar hukmronligi davrida, 1076 yili Xurosonning Shahriston shahrida tugʻilgan[3].

Olim ilmning fiqh, kalom, tafsir kabi sohalarida faoliyat yuritgan. “Al-Milal va-n-nihal” 1127 yilda yozilgan boʻlib, unda dinlar tarixi, taʼlimotlariga bagʻishlangan. Shahristoniy yashagan davrda ijtiomiy-diniy vaziyat murakkab boʻlgan. Islom dinidan ajralib chiqqan firqalar oʻrtasida muttasil bahs-munozaralar boʻlib turgan sharoitda, alloma saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar buyrugʻiga binoan ushbu asarini yozgan. Asar Beruniyning “Osorul boqiya”siga oʻxshab obyektiv usulda yozilgan. Beruniy asaridan “al-Milal va-n-nihal”ning farqi shundaki, Shahristoniy faqat dinlardagi oqimlar va firqalar, falsafiy taʼlimotlarni oʻrganadi.

Shahristoniy asarning “Muqaddima” qismida asarning yozilish sababini keltirib shunday deydi: “Men har bir firqaning taʼlimotlarini ularning kitoblarida topganimdek, ularga nisbatan mutaassiblik qilmasdan, ularga raddiya bermasdan, toʻgʻrisi bilan notoʻgʻrisini, haq bilan botilini ajratmasdan bayon qilishni oʻzimga shart qilib belgiladim. Zero, aqliy dalillar oʻrtaga chiqqanda, haqiqatning ifodasi va botilning badboʻy isi zakiy va fahm sohiblaridan yashirin qolmaydi. Yordam Allohdandir”[4]. Mana shu soʻzlar, olimning xolis ekanining isboti hisoblanadi.

Aslida, dinlardagi mavjud oqimlarni oʻrganishda musulmon olimlari ikki yondashuvni qoʻllaganlar. Bulardan birinchisi “kalom” (aqida) ilmi taʼsirida, islomni himoya qilish maqsadida yozilgan “maqolot” (mavzular), “diyonat” (diniy) va “firoq” (farqlar) turidagi asarlar hisoblanadi. “Maqolot” turida yozilgan asarlarda, baʼzi firqalar va islomdan boshqa eʼtiqodlarning qarashlari islom aqidasi bilan qiyoslanadi va qattiq tanqid qilinadi[5]. Dastlabki “maqolot” turidagi asarlar asosan shialik eʼtiqodidagi insonlar tomonidan yozilgan va ular “asʼhobul-maqolot” (fikr egalari) deb nomlangan[6]. Biroq vaqt oʻtishi bilan “ahli sunna” ulamolari ham “maqolot” janrida asarlar yozishgan. Shunday olimlardan eng mashhuri Abul Hasan Ismoil Ashʼariydir. U zotning “Maqolotul-islomiyyin va ixtilaful-musolliyn” (“Islomiy fikrlar va amallardagi ixtiloflar”) nomli asari ushbu janrda yozilgan eng mashhur asar hisoblanadi[7].

Dinlar va taʼlimotlarni oʻrganish uchun yozilgan asarlardagi ikkinchi yondashuv “al-Milal va-n-nihal” kabi asarlar boʻlib, ular obyektiv usulda yozilgan. Bunday yondashuvdagi asarlarda nafaqat islomdagi mazhablar va oqimlar, balki boshqa dinlar ham tanqidsiz oʻrganiladi. Bunday asarlar mavjud manbalarga va tajribalarga asoslangan holda dinlarni tavsiflovchi ensiklopedik asarlar hisoblanadi. Bu yondashuvda yozilgan asarlarning eng yirigi shubhasiz “al-Milal va-n-nihal” asaridir. Dunyo dinlarini tizimli ravishda tanishtirish maqsadida yozilgan ushbu asarning yana bir muhim jihati shundan iboratki, oʻzidan oldingi asarlardan farqli ravishda unda yunon, hind falsafiy taʼlimotlari toʻgʻrisida ham batafsil maʼlumot berilgan[8].

“Al-Milal va-n-nihal” asarining barcha olimlar tomonidan qadrlanadigan jihati shundaki, muallif asarda islomdan boshqa dinlar va oqimlarni oʻrganishda ilmiy xolislikka alohida eʼtibor bergan. Bu jihat “al-Milal va-n-nihal”dan avvalgi davrlarda yozilgan asarlarda kamdan-kam uchraydi. Xususan, bu borada Shahristoniy buyuk islom mutakkallimi Imom Ashʼariyning turli eʼtiqodlarni oʻrganish borasida bildirgan quyidagi fikrini oʻziga dasturul amal bilgan: “Men dinlar va mazhablar toʻgʻrisida asar yozadigan yoki gapiradigan, yozganida yoki gapirganida xato izlaydigan, raqibining xato qilishini kutadigan hamda raqibini shu xatosi uchun atayin yomonlaydigan, muxolifining qarama-qarshi fikrini bayon qilayotganda adashadigan va oʻzini haq deb koʻrsatishga urinadigan insonlarni koʻrdim. Bu olimlar va aqlli insonlarning yoʻli emas”[9].

“Obyektiv” boʻlgan Shahristoniy boshqa olimlardan ajralib turadi. Oʻzidan avvalgi olimlardan farqli ravishda, oʻzi oʻrgangan eʼtiqodlarning asl matnlarini oʻqiganini va tahlil qilganini aytadi. Masalan, yunon faylasuflarining eʼtiqodlar borasidagi fikrlari toʻgʻrisida shunday deydi: “Bizdan avvalgi musulmonlar islomdan boshqa eʼtiqodlarni oʻrganishda yunon faylasuflarining asarlaridan koʻp foydalanishdi. Fikrlari qarshi kelib qolganda ularni qattiq rad etishdi. Biz esa, u asarlarni oʻqib chiqdik, ularning fikrlarini sinchiklab tekshirdik va tahlil qildik”[4:65].

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, Abul Fath Shahristoniy dinlar va eʼtiqodlarni oʻrganishda xolislikdan chetga chiqmagan. Boshqa eʼtiqodlarga nisbatan bagʻrikenglik tamoyilini qoʻllagan. Oʻzga din vakillarini tanqid qilmagan. Bu yondashuv, din va eʼtiqodlarning fundamental asoslarini oʻrganishda, ularning tarixiy asoslarini yoritishda aniqlikni taʼminlaydi hamda diniy bagʻrikenglik tamoyillari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan, Shahristoniy eʼtiqodlarni yoritishda avvalo mantiqqa tayanadi va ularning islom taʼlimotiga zid aqidalarini maʼlum uslub doirasidagina koʻrib chiqadi. Bir soʻz bilan aytganda Shahristoniyning “al-Milal va-n-nihal” asari dinlar tarixini xolis oʻrganishda, muqaddas kitoblari bilan tanishishda, oʻzga din va eʼtiqod vakillariga bagʻrikeng munosabatda boʻlishda asosiy manba sifatida xizmat qiladi.

Mumin Mirzo ABDUPATTAYEV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi stajer-tadqiqotchisi
[1] Sh.M. Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz – Toshkent : Oʻzbekiston, 2017. – B. 464.
[2] Ibn Xallikon. Vafayotul-ayon. –Bayrut: Dorus-sodr, 2007. – J. 4. – B. 273
[3] Zahabiy. Siyaru aʼlamu-n-nubalo. – Bayrut: Muassasatu-r-risala, 1996. – J. 20. – B. 286
[4] Shahristoniy. Al-Milal va-n-nihal. – Qohira: Maktabatu-s-sofa, 2017. – B. 8.
[5] Guy Mannot. Islam at religions (Islom va dinlar). – Paris: “Maisonneuve et Larose”, 1986. – P. 29-30
[6] Muhammad Tanci. Şehristânîʻnin Kitabʻul-Milel veʻn-Nihalʻi – Ankara: “Ankara Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi”, 1956. – S. 1.
[7] Hasan Onat. Makalatul-İslamiyyin. Ebüʻl-Hasan el-Eşariʻnin itikadi İslam mezheplerine dair eseri. // “Islam ansiklopedisi” C. 27. – Ankara: “İslâm Araştırmaları Merkezi”, 2003. S. 406-407.
[8] Bruce B. Lawrence. Al-Shahristani. – New York: “Macmillan Reference USA”, 1987. – P. 199-200.
[9] Abul Hasan Ashʼariy. Maqolatul-islamiyyin. I jild. – Bayrut: “Maktabat al-asriyya”, 1990. – B. 3.

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …