Home / FOTO LAVHALAR / Ilm-fan taraqqiyoti yoʻlida maqsadlar mushtarak

Ilm-fan taraqqiyoti yoʻlida maqsadlar mushtarak

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan XXI ASR: FALSAFA VA FIZIKANING KUTILAYOTGAN UYGʻONISHI (RЕNЕSSANSI)” mavzuidagi xalqaro ilmiy seminar oʻtkazildi.

Onlayn va anʼanaviy tarzda tashkil etilgan seminarda Markaz ilmiy xodimlari, hamkor tashkilotlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy doiralar vakillari, tadqiqotchilar, jamoat va din arboblari ishtirok etdi.

Seminarni Markaz direktori, tarix fanlari doktori, dotsent Shovosil Ziyodov kirish soʻzi bilan ochdi.

Seminar ishida texnika fanlari doktori, Germaniyadagi Klaustal texnika universiteti va Qirgʻiziston Respublikasidagi Oʻsh texnologiya universitetlari professori, astrofizik Talant Rispayev, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov hamda falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayevning mavzu doirasidagi maʼruzalari tinglandi.

Maʼruzalarda ilm tushunchasining mohiyati, asrimizda III Renessans davrining boshlanishi uchun talab etiladigan mezonlar, diniy va dunyoviy ilmlarning tarixan oʻzaro bogʻliq jihatlari haqida maʼlumotlar berildi.

 

Notiqlar tomonidan mavzuni yoritish davomida dunyo xalqlari oʻrtasida hamkorlik va hamjihatlikni taʼminlashga xizmat qiladigan oʻrta jahon tilini yaratish orqali mavjud muammolarni hal etish konsepsiyasi hamda Qurʼoni karimni oʻrganishning patentlangan innovatsion usullari namoyish qilindi.

Seminarda Movarounnahr hududi qadimdan insoniyat tarixida Uygʻonish (Renessans) davrlari roʻy bergan sivilizatsiya markazlaridan biri ekani, bunda ulugʻ alloma va mutafakkirlarimizning salmoqli hissasi borligi, shuning uchun kutilayotgan Renessans ham yuqori ehtimol bilan Markaziy Osiyo mintaqasida yuz berishi mumkinligi taʼkidlandi.

Borliqning insoniyat tomonidan atigi 20 foizi oʻrganilgan hozirgi zamonamizda ilm-fan taraqqiyoti bilan uygʻunlashgan navbatdagi Uygʻonish davriga boʻlgan ehtiyoj yuqori. Ishtirokchilar fikricha, bu borada bugungi kun muammolarini tadqiq etishda barcha millat va elatlar uchun umumiy boʻlgan tushunchalarni ifodalovchi nazariyalarni yanada takomillashtirish talab etiladi. Masalan, Germaniyadagi Klaustal texnika universiteti professori, astrofizik Talant Rispayev “bilim” va “fan” iboralarining oʻzagi sifatida “ilm” tushunchasiga umumjahon miqyosida tabiiy va maʼnaviy bilimlarning jamlanmasi sifatida taʼrif berish taklifini oʻrtaga tashladi. Maʼnaviy dunyoqarash masalasi esa eʼtiqod bilan uzviy bogʻliq. Xorijlik olim Qurʼondagi matematik formulalarni keltirib, muqaddas kitobning kishilik madaniyati tarixidagi oʻrni va ahamiyatining yuksakligini yana bir bor eʼtirof etdi. Shu oʻrinda falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev ham Qurʼoni karimdagi fundamental qonuniyatlarga oid fikrlar mujassamlashgan oyatlar tahliliga oid xulosalari bilan oʻrtoqlashdi. Olim muqaddas kitobda fazo va vaqt xususiyatlari talqini, vaqt va uning cheksizligi, fazo va uning nisbiyligi hamda mangulik kabi gʻoyalarning zamonaviy fundamental ilmlar darajasida va hatto ulardan ham yuqori pogʻonada bayon qilinganini qayd etdi.

Seminarda olimlarning taqdimotlari yuzasidan qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtdi. Ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslarni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish maqsadida maʼruzalarning toʻliq matnlarini “Imom Buxoriy saboqlari” maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnalida chop etish yuzasidan bildirilgan taklif maʼqullandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Buyuk muhaddis olim merosiga bagʻishlandi

Joriy yilning 20-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi …