Home / MAQOLALAR / SOF EʼTIQOD DUSHMANLARI

SOF EʼTIQOD DUSHMANLARI

Tinchlik, millatlar va dinlararo bagʻrikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi gʻoyalarni targʻib qiluvchi dinimiz nomiga dogʻ tushirgan, butun dunyo nigohida islom dinini “terrorizm dini”ga aylantirishga xizmat qilayotgan, musulmonlarni islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan tarixiy xizmatini yoʻqqa chiqarayozgan soxta salafiylik XXI asrda musulmonlar boshiga kelgan eng katta musibat boʻldi. Bu oqim koʻplab ulamolarning joniga qasd qilish, xudkushlik, tinch aholini qirib tashlash, voyaga yetmagan bolalarni qoʻliga qurol berish, olimlarni qadrsizlantirish kabi musulmonchilikka umuman toʻgʻri kelmaydigan sifatlarga egaligi bilan musulmonlarni jahon hamjamiyati oldida qadrsizlanishiga xizmat qildi.

Soxta salafiylar “tasavvuf – bu kufr”, “mazhabga ergashish – shirk”, “vasila – shirk”, “Alloh taolo osmonda” kabi koʻplab fitnaga sabab boʻluvchi mavzular orqali oʻsib kelayotgan yosh avlodning aqlini zaharlashga harakat qildi. Jamiyatni parokanda qilish, olimlarni qadrsizlantirish va yoshlarni oʻz yoʻllariga ogʻdirish kabi jirkanch maqsadlarga erishishga intildi. Salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan aqidaviy fitnasi musulmonlar orasida tafriqalanishni keltirib chiqarishga sabab boʻlgan mavzulardan biridir.

Risolat davriga nazar solinsa, Rasululloh alayhissalom, u kishidan soʻng sahobai kiromlar musulmonlarga: “Alloh taolo yuqorida” deb eʼtiqod qilinglar” deb buyurmaganliklari koʻzga tashlanadi. Chunki u paytda musulmonlar orasida “Alloh taolo osmondami, yerdami?” degan savol yoki qarashga oʻrin yoʻq edi. Chunki ular Alloh taoloni Qurʼon va hadis asosida sodda va asosli tarzda tanir edilar hamda eʼtiqoddan chalgʻituvchi aqidaviy masalalardan oʻzlarini olib qochar edilar. Shuning uchun ham Hasan Basriy rahmatullohi alayh tavhid ilmida ilmiy suhbat qilmoqchi boʻlsalar, salohiyatsiz insonlarni suhbatdan chetlatar edilar.

Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Alloh taolo Oʻzini oʻzi yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qurʼon yoki hadisga qoʻshimcha qilmaymiz. Alloh u ila vasf etilgan narsa shaksiz haq deb bilamiz. Shu bilan bir qatorda (Unga oʻxshash biror narsa yoʻq) deb eʼtiqod qilamiz. Uning sifatlari va feʼllarini oʻxshashi yoʻq. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir”.

Imom Shofeʼiy Imom Molikdan naql qilgan rivoyatda, “Rasululloh ummatga istinjo oʻrgatib, tavhidni taʼlim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon boʻladi deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, yaʼni osmonni nisbatini berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deydilar.

Imom Shofeʼiy “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga oʻxshatish harom va bu mavzuda chuqur ketish ham” deganlar. Sahoba va tobeʼinlarning hayotiga nazar solinsa, aqida masalasida ular juda hassos boʻlganliklari koʻzga tashlanadi, yaʼni bu mavzuda ular oʻzaro bahs qilmaganlar. Aqida bahsiga omi xalqni jalb qilmaganlar va minbarlarda nozik aqidaviy masalalarni mavzu sifatida gapirmaganlar. Soxta salafiylar esa, musulmonlar orasida mazhabsizlikni singdirish maqsadida oʻz izdoshlariga birinchi kundanoq “Alloh taolo osmonda”, “vasila harom”, “Alloh taoloning qoʻli, yuzi mavjud” kabi aqidaviy masalalarni tizimli bayon qilib keladilar. Holbuki, bu chin salaflarning yoʻliga ziddir. Soxta salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan eʼtiqodiy qarashlari haqida soʻz yuritishdan oldin, ahli sunna val jamoaning eʼtiqodini bayon qilish va musulmonlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan salafi solihlarning mavzu boʻyicha qarashlarini keltirib oʻtish oʻrinlidir. Zero, birinchi singdirilgan fikr, u qanday boʻlishidan qatʼiy nazar oʻquvchi ongiga albatta u yoki bu jihatdan taʼsir qiladi. Alloh taolo yurtimizni eng kuchli va bilimli boʻlgan ertamiz egalarini oʻzing asragin.

Sherzodbek AXMEDOV,
Mingbuloq tumani “Mulla Abdurahmon” jome masjidi imom xatibi
Manba: muslim.uz

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …