Home / MAQOLALAR / ISHORAI SABBOBADA KOʻRSATKICH BARMOQNI QIMIRLATISH

ISHORAI SABBOBADA KOʻRSATKICH BARMOQNI QIMIRLATISH

“Ishorai sabboba” – bu namozda tashahhudning “Laa ilaaha illalloohu” kalimasini aytish chogʻida oʻng qoʻlning koʻrsatkich barmogʻini yuqoriga koʻtarishga aytiladi. Koʻrsatkich barmoq arab tilida “sabboba” deyiladi. Mazkur ishora ushbu barmoq bilan bajarilgani uchun “ishorai sabboba” deb nomlangan. Bu kalima nafiy va isbotni oʻz ichiga olgan boʻlib, ishora ham shu ikkisini oʻz ichiga olishi kerak. Uning koʻrinishi barmoqlardan oʻrta, jimjiloq va nomsiz barmoqni bukib, bosh barmoqning boshini oʻrta barmoqning chetiga qoʻyiladi va koʻrsatkich barmoq bilan tashahhuddagi “La ilaha” jumlasini aytganda koʻtarib, “Illalloh”da tushiriladi. Yaʼni, “iloh yoʻq” degan jumlalarni talaffuz qilish asnosida ishora qilib, “Faqatgina yolgʻiz Alloh bor” jumlasini talaffuz qilishda koʻrsatkich barmoq tushirilgan boʻladi va bu bilan soʻz bilan feʼlni oʻrtasi bir-biriga muvofiq boʻlishi taʼminlangan hisoblanadi. Ibn Raslon aytishicha, bu bilan Allohning yakkayu yagonaligi banda eʼtiqodida, soʻzida, harakatida jamlanadi.

Ishorai sabboba namozdagi sunnat amallardan ekaniga hanafiylarning aksar ulamolari, shuningdek, molikiy, shofiʼiy, hanbaliy mazhablarining ulamolari ittifoq qilishgan. Baʼzi hanafiy ulamolar esa ishorai sabbobani makruh deganlar. Bu masalada hanafiy mazhabidagi keyingi ulamolarimiz “Har kimning ustozi ishorai sabbobani qilishni oʻrgatgan boʻlsa, qilsin, aks holda uni qilmasin. Muhimi ixtilofga sabab boʻlmasin”, deb tavsiya qilganlar.

Har narsada ixtilof chiqarishni oʻzlariga odat qilib olgan soxta salafiylar ushbu masalada ham jumhurga xilof qilishgan. Ular namozda ishorai sabboba qilganda barmoqlarini tinimsiz qimirlatishlari koʻzga tashlanadi. Hatto bu bilan yon-atroflaridagi namozxonlarning ham xushusiga salbiy taʼsir qiladilar. Salafiylarning koʻzga koʻringan olimlaridan biri Muhammad Nosiriddin Alboniy oʻzining “Nabiy sallallohu alayhi vasallamning namozlarining sifati” nomli risolasida ishorai sabbobada barmoqni qimirlatishga targʻib qilib, shunday degan: “Tashahhudda salom berilgungacha doimiy ravishda ishora qilib, barmoqni qimirlatish sunnatdir. Chunki duo salomgacha (yoki tashuhhudning oxirigacha) qilinadi. Bu Imom Molik va boshqalarning mazhabi”.

Soxta salafiylarning yana bir taniqli olimi Ibn Usaymiyn oʻzining “Sharhul-mumtiʼ” nomli kitobi (3-juz, 202-bet)da tashahhudda ishora barmogʻini qimirlatib turish haqida “Har duo qilgan paytingda, duo qilinmish Zotning oliyligiga ishora oʻlaroq, barmogʻingni qimirlatasan. Biz ham shunday qilishni maʼqul ish deb bilamiz”, degan.

Ular oʻzlarining daʼvolariga quyidagi yagona rivoyatni dalil qilib keltiradilar:

عن وائل بن حجر قال : ” ثم رفع إصبعه فرأيته يحركها يدعو بها ” رواه أحمد والنسائي

Voil ibn Hujr raziyallohu anhu: “… Barmoqlarini koʻtarib uni harakatlantirar, u bilan duo qilardilar”, deganlar (Imom Ahmad va Imom Nasaiy rivoyat qilgan). 

Salafiylar oʻzlarining daʼvolariga ushbu hadisdan boshqa sahih hadis yoʻq. Mazkur hadis sanad jihatdan sahih boʻlsada jumhur ulamolar tomonidan uni qabul qilinmasligiga bir qancha asoslar bor. Buni quyida batafsil oʻrganib chiqamiz.

Aslida esa, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ishorai sabboba qilganlarida koʻrsatgich barmoqlari bilan ishora qilar va uni harakatlantirmas edilar. Bunga quyidagi hadis dalil boʻladi:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ الزُّبَيْرِ أَنَّ النَّبِىَّ كَانَ يُشِيرُ بِأُصْبُعِهِ إِذَا دَعَا وَلاَ يُحَرِّكُهَا.

Abdulloh ibn Zubayr raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam (tashahhudda) duo qilsalar (koʻrsatgich) barmoqlari bilan ishora qilar va uni harakatlantirmas edilar” (Imom Nasaiy va Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisning sanadini Imom Navaviy sahih deganlar. Mulla Ali Qori rahimahulloh mazkur hadis sharhida shunday deydilar: “Hadisdagi “duo qilsalar”dan murod tashahhud duosini oʻqisalar, deganidir. Chunki tashahhud oʻz ichiga duoni ham qamrab olgani sababli, uni duo deyish mumkin” (“Mirqotul mafotiyh” kitobi, 3-juz, 454-bet).

Bu hadisi sharif barmoqni faqatgina bir marta koʻtarib, ishorada barmoqni qimirlatmaslik kerakligiga ochiq oydin dalolat qilmoqda. Qolaversa, namozda barmoqni qimirlatish behuda ish boʻlib, namozda behuda ish qilish makruhdir.

 

Salafiylar dalil qilgan hadis – shoz hadisdir

“Shoz” soʻzi lugʻatda “odatdan tashqari” maʼnosini anglatadi. Muhaddislar istilohida “shoz hadis” deganda – rivoyati maqbul boʻlgan roviy oʻzidan koʻra maqbulroq boʻlgan roviyga muxolif (qarshi) tarzda rivoyat qilgan hadis tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, xotirasi va eslab qolishi mustahkam boʻlgan roviylarning rivoyatiga tamoman zid boʻlgan boshqa bir yolgʻiz rivoyatdir. Muhaddis ulamolarga koʻra shoz hadis rad qilingan, unga amal qilinmaydigan hadislar qatorida sanaladi.

Biz oʻrganayotgan tashahhudda ishora barmogʻini qimirlatish hadisi ham ana shunday shoz hadislardan sanaladi. Chunki Paygʻambarimiz alayhissalom ishorai sabboba qilganlari haqida yigirmadan ortiq sahobadan hadis rivoyat qilingan boʻlsa, Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan boshqa birorta sahoba koʻrsatkich barmogʻini qimirlatish haqida biror ogʻiz aytilmagan.

Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyati shoz ekanini birinchilardan boʻlib mashhur muhaddis olim, Imom Buxoriyning shogirdlaridan biri Imom Ibn Xuzayma (hij. 311 yilda v.e.) rahmatullohi alayh aytib oʻtganlar. U zot  oʻzlarining sahih toʻplamlarida salafiylar oʻzlariga hujjat qilayotgan Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning mazkur hadislarini keltirib, shunday deydilar: “Voil ibn Hujrning shu rivoyatidan boshqa birorta rivoyatda ham “barmoqlarini harakatlantirar edilar” jumlasi yoʻq. Ushbu qoʻshimcha (roviylardan biri) Zoid ibn Qudoma tomonidan qoʻshib, zikr qilingan” (“Sahih ibn Xuzayma” 1-juz, 354-beti).

Aksincha, Abdulloh ibn Zabayr raziyalloh anhudan naql qilingan sahih hadisda Nabiy alayhissalom tashahhudda barmoqlarini qimirlatmaganlari ochiq oydin aytilgan:

عن ابْنِ الزُّبَيْرِ : أَنَّهُ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُشِيرُ بِالسَّبَّابَةِ وَلَا يُحَرِّكُهَا (أَخْرَجَهُ أَبُو دَاوُد وَالنَّسَائِيُّ وأَحْمَدُ).

Ibn Zubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam sabboba barmoqlari bilan ishora qilar va uni qimirlatmas edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy va Imom Ahmad rivoyat qilishgan). 

Shunisi qiziqki, ishorai sabbobada koʻrsatkich barmoqni qimirlatish borasidagi hadisning shoz rivoyat ekanini salafiylarning olimlaridan biri, Yamanlik Shayx Muqbil ibn Hodiy al-Vadoiy ham tan olgan. U oʻzining “Al-Jomiʼ as-Sahih” asarida Voil Ibn Hujrdan naql qilingan hadisni zikr qilib, shunday degan:

هذا الحديث يدل على الإشارة بالأصبعوأما التحريك فقد تفرد به زائدة بن قدامةوقد خالف أربعة عشر راوياً: …كلهم رووه عن عاصم بن كليب ولم يذكروا فيه التحريك .ورواه من الصحابةعبد الله بن الزبيروعبد الله بن عمروأبو حميد الساعديوأبو هريرةوسعد بن أبي وقاصوابن عباسوخفاف بن إيماء.كلهم لم يذكروا التحريك .فعلم بهذا أن رواية زائدة شاذة

“Bu hadis barmoq bilan ishora qilishga dalolat qiladi. Ammo barmoqni qimirlatish (hadis roviysi) Zoid ibn Qudoma tomonidan yolgʻiz rivoyat qilingandir. U bu bilan hadisni oʻn toʻrtta roviyga zid ravishda rivoyat qilgan. … Ularning barchasi Osim ibn Kulaybdan ushbu hadisni rivoyat qilishgan boʻlib, tashahhudda barmoqni qimirlatishni zikr qilishmagan. Sahobalardan Abdulloh ibn Zubayr, Abdulloh ibn Umar, Abu Humayd as-Soidiy, Abu Hurayra, Saʼd ibn Abi Vaqqos, Ibn Abbos, Xufof ibn Aymoʼlar ishorai sabboba haqida hadis rivoyat qilishgan boʻlsa, ularning birortasi barmoqni qimirlatish haqida biror narsa zikr qilishmagan. Demak, bundan maʼlum boʻladiki, Zoida ibn Qudomaning rivoyati shozdir” (2-juz, 121-bet).

Demak, soddaroq qilib aytganda sahoba Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning hadislarini Osim ibn Kulayb ismli kishi otasidan rivoyat qilgan. Osim ibn Kulaybdan esa oʻn besh kishi oʻsha hadisni eshitib oʻzlaridan keyingilarga rivoyat qilishgan. Shu oʻn besh kishidan faqat Zoid ibn Qudoma ismli roviy oʻzining sheriklariga xilof ravishda “barmoqlarini harakatlantirar edilar”, jumlasini qoʻshib rivoyat qilgan. Bu bilan u oʻzidan koʻra zehnda ustun va rivoyatga eʼtiborli boʻlgan oʻn toʻrtta roviy zikr qilmagan jumlani qoʻshib aytgan. Buni ilmiy tilda shoz rivoyat deyiladi va koʻpchilik roviyning hadisini qabul qilib, yagona roviyning farqli rivoyatini adashganlik ehtimoli boʻlgani sababli rad qilinadi.

Shunga qaramasdan bizning diyorimizdagi oʻzlarini salafiylikka mansub deb biladigan ayrim kishilar ulamolar tomonidan rad etilgan rivoyatga suyangan holda tashahhudda koʻrsatkich barmoqlarini qimirlatishni sunnat deb hisoblaydilar.

 

Voil ibn Hujr (r.a.)ning rivoyatini boshqa sahobalarning rivoyati bilan jamlash mumkin

Salafiylar dalil qilgan Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyatlarini maqbul deya faraz qilganimizda ham uni boshqa sahobalarning rivoyatlariga muvofiqlashtirish mumkin. Zero, usulul fiqhdagi qoidaga koʻra, agar naqliy dalillarda oʻzaro ziddiyat yuzaga kelsa, avvalo uni jamlashga, ularni oʻzaro muvofiqlashtirishga harakat qilinadi. Bu ulamolar tomonidan taʼkidlangan:

” الجمع مقدَّم على الترجيح

“(Oʻzaro zid dalillarni) jamlashlik birini ikkinchisidan ustun qoʻyishdan muqaddamdir” qoidasiga hamda:

الإعمال أولى من الإهمال

“Dalilga amal qilish uni tashlab qoʻyishdan avlodir” qoidasiga koʻradir.

Jumhur ulamolar “Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyatida nazarda tutilgan ishorai sabbobada barmoqni harakatlantirishdan murod, uni ishora uchun koʻtarish va yana oʻz oʻrniga tushirishdir. Zero, barmoq bilan ishora qilish uchun ham uni harakatlantirish kerak boʻladi, yaʼni barmoqni yuqoriga koʻtarish va oʻz oʻrniga qaytarish bilan ishora yuzaga keladi. Shunda ushbu rivoyat boshqa oʻnlab sahobalarning rivoyati bilan bir xil maʼnoni kasb etadi”, deydilar.

Mashhur muhaddis olim Imom Abu Bakr Bayhaqiy rahimahulloh oʻzlarining “Sunanul kubro” asarlarida mazkur hadisni naql qilib keltirgandan keyin, shunday deydilar:

يحتمل أن يكون المراد بالتحريك الإشارة بها لا تكرير تحريكها، فيكون موافقـًا لرواية ابن الزبير

“(Hadisda) Barmoqni qimirlatishdan – u bilan ishora qilish maʼnosi koʻzlangan boʻlishi mumkin. Uni harakatlantirib turish emas. Shundagina u Ibn Zubayrning rivoyati[1]ga muvofiq boʻladi” (2-juz, 231-bet).

Imom Bayhaqiyning gaplarini Alloma Shavkoniy ham oʻzlarining mashhur “Naylul avtor” nomli kitoblarida qoʻllaydilar va shunday deydilar:

ومما يرشد إلى ما ذكره البيهقي رواية أبي داود لحديث وائل فإنه بلفظ أشار بالسبابة

 “Bayhaqiy aytib oʻtgan gapga Abu Dovudning Voil (r.a.)dan naql qilgan hadisi ham dalolat qiladi. Unda “koʻrsatkich barmoqlari bilan ishora qildilar” deyilgan (yaʼni, “qimirlatardilar” jumlasisiz kelgan)” (2-juz, 316-bet).

Alloma Kandehlaviy oʻzlarining “Avjazul masolik” nomli asarlarida Shayx Salomulloh hanafiydan quyidagilarni naql qilib keltiradilar: “Hadisdagi “barmoqlarini harakatlantirardilar” jumlasidan murod muborak barmoqlarini koʻtarishlari tushuniladi xolos. Shundagina “Barmoqlari bilan ishora qilar edilar va qimirlatmasdilar”, deya naql qilingan boshqa rivoyatlar bilan muvofiq boʻladi” (2-juz, 117-bet).

Ulamolardan Mulla Ali Qori “Mirqotul mafotih”da, Shamsulhaq Azim Obodiy “Avnul maʼbud”da, Muhammad Abdurrohman Muborakfuriy “Tuhfatul ahvaziy”da hamda bundan boshqa ulamolar ham oʻzlarining asarlarida ikki hadis oʻrtasini mana shunday muvofiqlashtirishganini koʻrishimiz mumkin. Bundan salafiylar dalil qilayotgan yagona rivoyat ham aslida jumhur ulamolar tutgan yoʻlni qoʻllab-quvvatlayotgani maʼlum boʻladi. 

 

Ishorai sabbobada koʻrsatkich barmoqni qimirlatish sahobalarning amaliga ziddir

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlariga sahobalardan koʻra harisroq kishi boʻlmagani barchaga kundek ravshan. Bu borada sahobalar erishgan ulugʻ martabaga ulardan keyin hech bir kishi erisha olmaydi. Agar biz hadis manbalarini sinchkovlik bilan oʻrganadigan boʻlsak, mashhur sahobalardan ishorai sabbobada barmoqni qimirlatmaganlariga ochiq-oydin misollarni topishimiz mumkin.

عن نافع عن ابن عمر أنه كان يضع يده اليمنى على ركبته اليمنى ويده اليسرى على ركبته اليسرى ويشير بإصبعه ولا يحركها، ويقولإنها مذبة الشيطان، ويقول:” كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يفعله، (رواه ابن حبان ، هذا حديث حسن صحيح متصل). 

Nofeʼdan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar (tashahhudda) oʻng qoʻlini oʻng tizzasiga qoʻyar, chap qoʻlini chap tizzasiga qoʻyar edi. Barmogʻi bilan ishora qilib, uni qimirlatmasdi va: “Bu (ishora qilish) Shaytonni haydovchidir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar”, – der edi” (Ibn Hibbon sahih sanad bilan rivoyat qilgan).

Xuddi shu kabi rivoyat mashhur sahoba Urva ibn Zubayr raziyallohu anhudan oʻgʻillari tomonidan naql qilingan.

عن هشام بن عروة أن أباه كان يشير بإصبعه في الدعاء ولا يحركها

Hishom ibn Urvadan rivoyat qilinadi: “Uning otasi (tashahhudda) duo qilganida barmogʻi bilan ishora qilar va uni qimirlatmas edi” (Imom Ibn Abi Shayba rivoyati).

Ushbu rivoyatdagi duodan murod tashahhudni oʻqish nazarda tutilmoqda. Tashahhud ham bir maʼnoda duoni oʻz ichiga olgani sababli, uni ham duo deyish keng tus olgan. Buni Mulla Ali Qori, Muborakfuriy va undan boshqa koʻplab ulamolar aytib oʻtishgan.

Imom Ibn Abi Shayba oʻzlarining “Al-Musannaf” nomli kitoblarida yana bir sahoba Qays ibn Saʼd raziyallohu anhudan ishorai sabbobada barmoqni qimirlatmaslik haqida quyidagilarni keltirganlar: 

عن قيس بن سعد قال كان لا يزاد على هكذا وأشار بإصبعه

Qays ibn Saʼddan naql qilinishicha, u: “Mana bundan ortiqcha ish qilinmasdi”, deb, barmogʻi bilan ishora qilar edi”.

Bu bilan sahobalarning ishorai sabboba borasidagi amallari ham Paygʻambarimiz alayhisalomdan naql qilinganidek, barmoqlarini qimirlatmaslik ekanini bilib olishimiz mumkin. Balki, ular buning aksini inkor qilishmoqda.

 

Ishorai sabbobada koʻrsatkich barmoqni qimirlatish toʻrt mazhab imomlarining amaliga ziddir

Aslida, tashahhud paytida ishorai sabboba qilganda koʻrsatkich barmoqni salafiylar aytganidek koʻrinishda qimirlatish sunnat ekani eʼtirof etilgan birorta ulamodan naql qilinmagan. Aksincha, barcha ulamolarga koʻra tashahhudda barmoqni ortiqcha qimirlatishsiz ishora qilish sunnat sanaladi. Chunki, tashahhudda Paygʻabarimiz alayhissalom muborak koʻrsatkich barmoqlari bilan ishora qilganlari aytilgan. Uni qimirlatganlari haqida yuqorida shoz ekani taʼkidlangan birgina rivoyatdan boshqa biror sahih hadisda lom-mim deyilmagan.

Hanafiy mazhabi ulamolari “Ashhadu allaa” deganda koʻrsatgich barmogʻini koʻtarib, “illalloh” deganda tushiradi, deyishgan.

Bizning mazhabimizda ishorai sabbobani qilish toʻgʻrisida Imom Abu Hanifa r.a.ning eng yaqin shogirdlari Imom Muhammad ibn Hasan r.a. Imom Molikdan rivoyat qilgan “Muvatto” asarida soʻz yuritganlar va quyidagi hadisni keltirganlar: Aliy ibn Abdurrahmon Muoviydan rivoyat qiladi: “Meni namozda mayda toshlarni oʻynayotgan holatimni Abdulloh ibn Umar koʻrdi. (Namozimni) tugatgach meni bundan qaytardi va: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bajarganlaridek bajargin. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qachon (tashahhudga) oʻtirsalar oʻng kaftlarini oʻng sonlariga qoʻyardilar va barcha barmoqlarini yigʻib bosh barmoqning yonidagi bilan ishora qilardilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qoʻyardilar”, dedi”.

Rivoyat soʻngida Imom Muhammad r.a. shunday deganlar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qilgan amallarini olamiz. Bu mening va Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining soʻzlaridir”(“Al-Muvatto bi rivoyati Muhammad ibn Hasan” 72-bet).

Alloma Ibn Obidin r.a. hanafiy mazhabiga koʻra ishorai sabboba qilish kayfiyatiga toʻxtalib shunday deganlar:

ويرفع السبابة عند النفي ويضعها عند الإثبات، وهذا ما اعتمده المتأخرون لثبوته عن النبي صلى الله عليه وسلم بالأحاديث الصحيحة، ولصحة نقله عن أئمتنا الثلاثة.

 “Namozxon nafiyda barmogʻini koʻtarib, isbot[2]da tushiradi. Mana shu Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan sahih hadislar ila sobit boʻlgani sababli mazhabimizdagi keyingi ulamolarning suyangan gaplaridir. Shuningdek, bu uchta imomlarimiz (yaʼni, Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad)dan sahih naqlga asoslangandir” (“Raddul muhtor” 4-juz, 86-bet).

Molikiy mazhabi ulamolari fiqhiy manbalarida ishorai sabbobada barmoqni qimirlatish borasida turli qarashlar mavjud. Baʼzi molikiy ulamolar tashahhudda barmoq qimirlatish makruh ekanini aytsalar, baʼzilarida namozxon tashahhudning boshidan oxirigacha koʻrsatgich barmogʻini koʻtarib, oʻng va chap tomonga qimirlatib turadi, deyishgan. Lekin, molikiy mazhabidagi muhaqqiq olimlardan biri Qozi Abu Bakr Ibnul Arabiy oʻzlarining “Orizatul ahvaziy” kitoblarida tashahhudda barmoqni qimirlatishni keskin inkor qilib jumladan shunday deydilar: 

” إياكم وتحريك أصابعكم في التشهد، ولا تلتفتوا الى رواية العتبية فانها بليَّة وعجبًا ممن يقول: إنما هي مقمعة للشيطان إذا حركت، اعلموا أنكم إذا حركتم للشيطان أصبعًا حرك لكم عشرًا، إنما يقمع الشيطان بالإخلاص، والخشوع، والذكر “

“Hargiz tashahhudda barmogʻingizni qimirlatmang. Atabiyya[3]ning (Imom Molikdan barmoqni qimirlatish haqidagi) rivoyatiga eʼtibor bermanglar. Chunki u balodir! “Barmoq qimirlatilishi shayton uchun kaltakdir” deydiganlardan ajablanaman. Shuni bilinglarki, agar siz Shayton uchun bitta barmogʻingizni qimirlatsangiz, u sizga oʻnta barmogʻini qimirlatadi (yaʼni, namozdan chalgʻitadi). Shaytonni faqatgina ixlos, xushuʼ-xuzuʼ va zikr bilan “kaltaklanadi” xolos” (2-juz, 85-86-betlar).

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, salafiylar tashahhudda barmoqni yuqoriga qarata harakatlantirish zarur deb hisoblaydilar. Bu haqda salafiy olimlardan biri Muhammad Solih Usayminning fikrini yuqorida keltirib oʻtdik. Molikiylardan baʼzi ulamolar barmoqni qimirlatishni aytsalarda, uni oʻng va chap tomonga qimirlatib turiladi deydilar. Lekin bu gap ham molikiy mazhabi muhaqqiq ulamolari tomonidan rad etilganini Abu Bakr Ibul Arabiy r.a.ning soʻzlaridan bilib olish mumkin.

Shofeiy mazhabi ulamolari “illalloh” deganda koʻrsatgich barmogʻini koʻtarib qoʻyadi va tashahhud oxirigacha shu koʻrinishda barmogʻini qimirlatmasdan turadi, deyishgan. Shofeiy mazhabining zabardast olimi Imom Navaviy “Al-Majmuʼ”da shunday deydilar: “Namozxon tashahhudda “la ilaha illallohu”ga kelganda barmogʻini koʻtaradi. Imom Shofeiy bu borada vorid boʻlgan hadislarga asoslanib ishora qilishni mustahab sanaganlar. Lekin unda barmoqni qimirlatish borasida mazhabda turli qarashlar bor:

Birinchisi: jumhur ulamolar qatʼiy aytgan gap boʻlib, unga koʻra namozxon barmogʻini qimirlatmaydi. Agar ishoari sabbobada barmogʻini qimirlatsa, makruh boʻladi, lekin namozi buzilmaydi. Chunki u “amali qolil” – oz miqdordagi harakatdir.

Ikkinchisi: barmogʻini qimirlatishi harom amaldir. Agar namozxon barmogʻini harakatlantirsa namozi buziladi. Bu gapni Ibn Abu Hurayra[4]dan naql qilingan boʻlib, (mazhabdagi) zaif gapdir”(3-juz, 433-bet). 

Shuningdek, Shofeiy mazhabidagi bundan boshqa koʻplab moʻtabar fiqhiy kitoblarda ushbu masalaga toʻxtalib oʻtilgan boʻlib, ularning barchasida ishorai sabbobada koʻrsatkich barmoqni qimirlatish namozning makruh amallaridan sanalgan. 

Hanbaliy mazhabi ulamolaridan baʼzilari tashahhud asnosida qachon Alloh taoloning ismini tilga olsa koʻrsatgich barmogʻini koʻtarib tushiradi, deyishgan. Lekin bu gap hanabaliy mazhabida zaif gap sifatida qaraladi. Bu haqda mashhur hanbaliy olim Alloma Abul Hasan Mirdoviy r.a. oʻzlarining “Al-insof fi maʼrifatir-rojihi minal-xilof”[5] nomli asarlarida shunday deganlar:

لَا يُحَرِّكُ إصْبَعَهُ حَالَةَ الْإِشَارَةِ ، عَلَى الصَّحِيحِ مِنْ الْمَذْهَبِ

“(Hanbaliy) mazhabidagi toʻgʻri gapga koʻra, namozxon ishorai sabboba paytida barmogʻini qimirlatmaydi” (2-juz, 75-bet).

Shuningdek, hanbaliy mazhabidagi moʻtabar manbalardan Ibn Qudomaning “al-Mugʻniy” (1-juz, 534-bet), Ibn Muflihning “Al-Furuʼ” asarlarida ham shu kabi maʼlumotlarni uchratish mumkin.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, toʻrt fiqhiy mazhablardagi moʻtabar manbalarda ham namozxon tashahhud paytida koʻrsatkich barmogʻini qimirlatmasligi kerakligi alohida taʼkidlagan. Soxta salafiylar esa koʻplab masalalar qatori ushbu masalada ham toʻrtala mazhabga xilof yoʻl tutib, hozirgacha hech kim aytmagan gapni, “ishorai sabbobada barmoqni qimirlatish sunnat” degan gapni aytib, har joyda jar solib yuribdilar. Aslida esa, yuqorida biz oʻrganib oʻtgan maʼlumotlardan ishorai sabbobada barmoqni qimirlatish sunnat emas, balki dinga kiritilgan bidʼat amal ekani maʼlum boʻlmoqda.

[1] Abdulloh ibn Zubayr r.a.ning rivoyati yuqorida oʻtdi. Unda Nabiy alayhissalom ishorai sabboba qilganlarida muborak barmoqlarini qimirlatmaganlari taʼkidlangan.
[2] Tashahhud kalimasidagi “laa ilaaha” jumlasi nafiy, “illalloh”, jumlasi isbotdir.
[3] Atabiyya molikiy mazhabidagi fiqhiy kitobning nomi boʻlib, Muhammad al-Atabiy ibn Ahmad ibn Abdulaziz (hij.245 yilda v.e.) tomonidan taʼlif etilgan. Molikiy mazhabidagi olimlardan biri Abu Luboba al-Qurtubiyning aytishicha, ushbu kitobda Imom Molikdan ishonchsiz rivoyatlar va shoz masalalar aralash zikr qilingan (Manba: https://ar.wikipedia.org/wiki).
[4] Hijriy 345 yilda vafot etgan shofeiy mazhabining yetuk olimi (manba: https://ar.wikipedia.org/wiki). 
[5] Kitobning nomi oʻzbek tilida “ixtilofli masalalardan ustunini bilishda insof qilish” degan maʼnoni anglatadi. Ushbu kitob hanbaliy mazhabida ixtilofli boʻlgan fiqhiy masalalarni zaifidan sahihini, dalili kuchsizidan kuchlisini belgilab beruvchi moʻtabar asar sanaladi.
Abdulatif TURSUNOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi
Fatvo markazi bosh mutaxassisi
Manba: muslim.uz

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …