Home / MAQOLALAR / Saodat sari…

Saodat sari…

Insonning nafaqat tani, balki ruhi ham davoga muhtoj. Sababi, sogʻlom badanda harakatga kelgan nuqsonli ruh pirovardida, jamiki hujayralarni zararlaydi. Xoʻsh, ruhdagi xastalik alomatlari qanday namoyon boʻladi? Bu birinchi navbatda, Yaratganga ishonmaslik, kibr-u havo, mutaassibona qarash, oʻzlikdan yiroqlashish, sabrsizlik, yolgʻon soʻzlash, hasad, igʻvo, gʻiybat va hokazo kabi illatlar vositasida voqelikka koʻchadi.

Odamzod bu dunyoga kelar ekan tinch va xotirjam hayot kechirishga intiladi. Shirin turmush kechirish esa eng avvalo, odamning aqliga, xatti-harakatiga, muomalasiga bogʻliq. Shuning uchun ham farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona chaqaloqqa yaxshi tarbiya berishga intiladi. Katta hayot tajribasiga ega boʻlgan odamlar nasihatlari turli qiyinchiliklarni yengib oʻtishda asqatadi. Mayoshixlar, qari bilganini pari bilmas, deya bejiz aytishmagan.

Inson fazilatlari orasida eng afzali – ota-onaga nisbatan mehr-muhabbat, hurmat-ehtirom, sadoqat tuygʻusi hisoblanadi. Kimki ota-onasiga muhabbatli boʻlsa, uning koʻngli tozaligiga ishonmoq mumkin. Boisi, muhabbat chechaklari musaffo joydagina qulf urib oʻsadi.

Ota-onaga shirin muomala qilish, ular bilan kengashish, pand-nasihatiga quloq tutish amallari baxt eshiklariga kalit boʻlib tushishiga shak-shubha yoʻq.

Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafat-ul qulub” kitobida onaga, otaga yaxshilik koʻrsatish borasida shunday deyiladi:
Paygʻambarimiz huzuriga bir odam keldi va dediki:
– Ey Allohning Rasuli, hijrat va jihod uchun sizdan ruxsat olgani keldim. Alloh yoʻlida savob ishlar qilmoqchiman.
Bu gaplarni eshitgan Allohning Rasuli soʻradilar:
– Onang, otang hayotmilar?
– Ha, ikkisi ham hayot.
Rasululloh:
– Allohdan ajr olmoqchimisan?
– Ha!
Rasululloh:
– Bor, ota-onangning oldiga, ularning koʻnglini ol!

Rasuli akram (s.a.v.) Alloh nazdidagi sevimli amal sifatida onaga va otaga yaxshilik koʻrsatish ekanini taʼkidlaydilar. Buning mazmuni shundaki, ota-ona farzandning dunyoga kelishiga sababchi boʻlgan insonlardir. Binobarin, ota-onaga yaxshilik qilish ibodat maqomiga mansub. Agarda kishi ota-onasining hurmat-ehtiromini joyiga qoʻysa, u benihoya savobga ega boʻladi. Uning bilib-bilmay qilgan gunohlari kechiriladi.

Alloh bandalarini sinash uchun ularga hoyu-havas tuygʻularini inʼom etib qoʻyibdi. Hoy-u havasga haddan tashqari berilgan insonlar hech qachon baxtga erisha olmaydilar. Erishgan taqdirlarida ham ularning baxti muvaqqat boʻladi. Sabr-qanoatli, nafsi oʻlik kishilar esa el orasida yuksak hurmat qozonadilar.

Odamzod bu dunyoga ikki marotaba kelmaydi: bir tugʻiladi, bir oʻladi. Binobarin, inson rohat-farogʻatda yashab, oʻtmogʻi darkor. Inson halovati boshqalarga emas, faqat oʻziga bogʻliq.

Jaholat – inson umrining kushandasi. Jahl kelganida aql qochadi, deb bejiz aytishmagan. Jahl esa nafsga bogʻliq harakat. Nafsning kuchayishi hayot gullarini soʻldiradi. Albatta, nafssiz bandaning oʻzi yoʻq. Biroq nafs meʼyoridan oshmasligi zarur.

Odamni yoʻldan chiqaradigan narsa nafs hisoblanadi. Nafsiga qul boʻlgan odamlarning boshi tashvish-u gʻamdan chiqmaydi. Zotan, insonning sogʻ yurishi uchun koʻp narsa kerak emas. Haddan tashqari koʻp taom yeyish, koʻp uxlash, koʻp gapirish, shohona hashamatga oʻchlik hislari odamzod qiyofasiga taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Uning ruhiyatida kibr-havo illatlari paydo boʻladi va u el nazariga tushmaydi. Tarixdan misollar keltirsak, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Mansur Halloj singari ne-ne ulugʻ zotlar mol-u dunyoni koʻzga ilmasdan buyuklik maqomiga koʻtarilganlar.

Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafat-ul qulub” kitobida hoy-u havasning nihoyasiz ekani toʻgʻrisida shunday deyiladi:
Paygʻambarimiz buyuradilarki:
– Ey ummatim, siz uchun qoʻrqqanlarimning eng qoʻrqinchlisi ikki narsadir:
1. Hoy-u havas.
2. Havoyi nafsga berilmoq.
Hoy-u havas oxiratni unuttiradi. Havoyi nafsga berilish esa kishini toʻgʻri yoʻldan adashtiradi.
Abu ad-Dardo:

Ey insonlar, uyalmaysizmi? Bino qurasiz-da, ichida oʻtira qolmaysiz. Yana orzu-havaslar bilan mashgʻul boʻlasiz, oxiriga yetolmaysiz. Dunyo molini toʻplaysiz-da, qanoat qilib yeya qolmaysiz. Sizdan oldingi qavmlar sizdan ziyodaroq dunyolik toʻplagandilar va sizday hoyu-havaslar bilan ovora boʻlgandilar. Lekin, shunday kun keldiki, dabdabali binolari mozorlikka aylandi; orzu-havaslari ularni aldadi; toʻplagan dunyoliklari maxv boʻldi.

Alloh har bir narsani oʻlchovli qilib yaratgan. Odamzodning umri unchalik uzun emas. Oʻsha umrni hoy-u havas shamollariga sovurgan kishi oqibatda afsus-nadomat chekadi. Nafs bandani shunday girdobda chilparchin qilib oʻynatadiki, bundaylarning holiga voy.

Gunohlar gʻaflatni, gʻaflat qalbning “qattiq” boʻlishini, qalb “qattiqligi” Allohdan yiroq boʻlishni, Alloh taolodan yiroq boʻlish jahannamni lozim qiladi.

Insonning vujudi ruh bilan tirik. Uning maʼnaviy hayoti esa ilm bilandir. Ruhsiz jasad yoʻq boʻlganidek, ilm boʻlmasa qalb oʻladi.

Iymoni sust bandada gʻaflat miqdori koʻp boʻladi. Gʻaflat – Alloh goʻzalligidan bahra olmaslik, yaʼni koʻngil koʻzlarining yopiqligidir. Agarda banda har bitta giyoh goʻzalligidan maʼno tuyganida edi, yuragi mislsiz shodliklarga gʻarq boʻlur edi. Saʼdiy Sheroziy shunday deydi:

به جهان خرم از آنم که جهان خرم از اوست
عاشقم بر همه عالم که همه عالم از اوست

Maʼnosi: Butun jahondan (borliqdan) shodman, chunki jahon Undan shoddir, Butun olamga oshiqman, chunki butun olam Unikidir.

Bu yorugʻ dunyoning mazmuni ishq-muhabbatdan iborat. Agarda shu tuygʻular boʻlmaganida edi dunyo tartiboti buzilgan boʻlur edi. Quyoshning tortish kuchi bois, sayyoralar muntazam ravishda uning tegrasida aylanadi. Binobarin, dunyodagi qonuniyat parvonalik xususiyati bilan izohlanadi. Ammo chin sevgi bilan qalbaki sevgining farqiga bormoq kerak.

Abu Homid Gʻazzoliy qalamiga mansub “Mukoshafat-ul qulub” kitobida ishq toʻgʻrisida shunday deyiladi.

SЕVGI – bu, inson tabiatining zavqlantiruvchi huzurbaxsh lazzatga mayl etishidir. Sevgining oliy darajasi ISHQ deyiladi. Oshiqlar oʻz maʼshuqalarining visoliga yetishmoq uchun hech nimalarini, hattoki jonlarini ham ayamagaylar. Hazrat Yusufni sevib, tillarda doston boʻlgan Zulayho buning yorqin misolidir. Bebaho zebigardonlarini Hazrat Yusufga boʻlgan ishqi yoʻlida sarf etadi. Kimda-kim, “Men bugun Yusufni koʻrdim!” – desa, unga qimmatli marjonlardan birini berardi.

Yana Laylo ila Majnun hikoyasi ham mashhurdir.
Majnundan soʻrabdilar:
– Isming nima?
– Laylo!
– Laylo oʻlmadimi?
– Yoʻq. Laylo mening qalbimda, oʻlmadi. Men Layloman.
Mansur Hallojni oʻn sakkiz kun hibs etadilar. Bir kun Imom Shibliy uning yoniga kelib soʻraydi:
– Ey Mansur, sevgi-muhabbat nima?
– Bugun soʻrama, ertaga soʻra.
Ertasi kun boʻldi, Hallojni qatl etgani zindondan chiqarib, maydonga keltirdilar. Mansur ayni shu onda yetib kelgan Shibliyga shunday sado beradi:
– Ey Shibliy, sevgi-muhabbatni boshi yonmoq, oyogʻi qatl boʻlinmoqdir!
Mansurdan soʻrmishlarki:
– Sen kimsan?
Javob bermish:
– Men HAQman!
Ana shu soʻzi uchun u qatl etilgandi. Masalaning izohi esa mana bunday:

Mansur shunday bir martabaga yuksalgandiki, uning nazarida Allohdan boshqa har qanday mavjudot foniy, yoʻq boʻlishga mahkum va botil edi. Haqiqiy borliq yolgʻiz Alloh – Haq edi. Mana shu darajadagi yuksak bir martabaga chiqa olgan Halloj, yolgʻiz Allohning bir ismi boʻlgan “HAQ” (MAVJUD) kalimasini bilar, oʻz ismini ham xotirlamas edi. Shuning oʻziga aytilgan “Sen kimsan?” soʻrogʻiga “Anal HAQ”, yaʼni “Men HAQman!” javobini bergandi.

Ishq-muhabbat ikki turli boʻladi. Bu bandaning Yaratganga muhabbati boʻlib, ilohiy ishq hisoblanadi. Ilohiy ishq bois banda poklanadi, maqomga yetadi.

Ikkinchisi – bandaning bandaga muhabbati. Bu muhabbat odamni yashashga, hayot zavqini surishga qiziqtiradi. Xulosa qilib aytganda, bu ikki tur muhabbat ham bitta maqsad tegrasida tutashadi. U ham boʻlsa odam boʻlib tugʻilgandan qanoat hosil qilish hissiyotidir.

Muhabbat tuygʻusi – begʻubor tuygʻu. Bu borada yengil fikrlamaslik lozim. Afsuski, baʼzi yigit-qizlar muhabbat deb oʻylab, sarobga yuz tutadilar. Mayda-chuyda havaslar girdobida qolib, yoʻldan adashadilar. Shunda hayot ularning koʻzi oʻnggida chiroyini yoʻqotadi. Chin ishq inson koʻnglida ildiz otsa uni farishta maqomiga chiqaradi. Mavlono Rumiy aytadiki:

ای دوست ای دوست ای دوست ای دوست
جور تو از آنکشم که روی تو نکوست
مردم گویند بهشت خواهی یا دوست
ای بیخبران بهشت با دوست نکوست

Maʼnosi: Ey doʻst, iztirobim (firoq azobim) shundanki, Sen yaxshisan (mukammalsan), Odamlar soʻraydi, doʻst xohlaysanmi yo jannatnimi? Ey xabarsizlar Jannat ham doʻst bilan yaxshidir (mukkamaldir).

Zotan Rumiyning doʻstini juda keng maʼnoda tushunish mumkin. U jannatni doʻstisiz xohlamaydi. Uning fikricha jannatni xohlash ham bir nafs, unga doʻstining diydori har narsadan muhim, oʻzligini anglagan, aslini tanigan odamga, Alloh huzuridan boshqa yuksakroq makon va holat yoʻq!

Xulosa qilib aytganda inson ikki dunyo saodatiga yetishishi uchun dinimizni goʻzal amallarini bajo keltirishi, yomon narsalardan parhez qilinishi, badani va ruhini tarbiyalashi, toza tutishi, ilm va maʼrifat ketidan boʻlishligi, atrofdagilarga bagʻrikenglik bilan yondoshishi, eng muhimi qalbida borliqdagi jonli va jonsiz narsalarga muhabbat koʻzi bilan qarashligi lozim hamda xalqiga va odamlarga beminnat xizmat qilishi kerak.

Nargiza SHOALIYEVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …