Home / ALLOMALAR / BOBUR MЕROSINING GULTOJI

BOBUR MЕROSINING GULTOJI

Oʻrta asrlarda Movarounnahrda tugʻilib, jahon ilm-fani, madaniyati, bashar sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qoʻshgan allomalar minglab noyob durdona asarlar yaratgan. Ularni mutolaa qilgan kishi, albatta, ilm-fan va madaniyat beshigi boʻlgan bu zaminda ijod qilgan olimlar naqadar buyuk zotlar boʻlganini qalban his etadi.

XV asr oxiri-XVI asr boshlarida Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻchmas iz qoldirgan alloma mutafakkirlardan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir. Toʻliq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo boʻlib, Bobur – taxallusi. Baʼzi manbalarda keltirilishicha, u bolaligidayoq dovyurak va jasurligi uchun “Bobur” (“Yoʻlbars”) laqabini olgan [5, 83]. Boshqa bir manbada Umarshayx Mirzoning qaynotasi Yunusxon xursand boʻlib: “Nasib etsa, inshoalloh, yoʻlbarsday bahodir boʻlgʻusidir. Inchunin, “Bobur – yoʻlbars” deb chaqirsak ham boʻlur ekan” [4, 17], degani qayd qilingan. Mirzolar sulolasidan boʻlgani uchun Bobur Mirzo ham deyilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur 888/1483 yil (6 muharram/14 fevral kuni)da Andijon shahrida Fargʻona viloyati hokimi Umarshayx Mirzo oilasida tavallud topgan. U, barcha temuriy shahzodalar kabi, bolaligidan maxsus tarbiyachilar va yirik fozilu ulamolar ustozligida arab va fors tillari, fiqh va boshqa ilmlarni oʻrgangan, harbiy taʼlim sirlarini oʻzlashtirgan. 1494 yili Umarshayx Mirzoning fojiali vafotidan soʻng valiahd 12 yoshida Andijon taxtiga oʻtiradi. Lekin bu vaqtda Movarounnahrda siyosiy vaziyat keskinlashib, temuriyzodalar oʻrtasida toj-taxt uchun kurashlar, oʻzaro feodal urushlar avj olgan edi. Bobur bu kurashlarda bevosita ishtirok etadi. Yosh boʻlishiga qaramay, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatish, tartibni qaror toptirish uchun bor kuch-quvvatini ishga soladi.

Mutafakkir, shubhasiz, tugʻma isteʼdod sohibi edi. Shu bois nafaqat oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili va davlat arbobi, balki adabiyotshunos, tilshunos, shoir, tarixchi, etnograf, geograf, mohir sarkarda, boburiylar sulolasining asoschisi sifatida tarix sahifalaridan oʻrin olgan. Koʻp vaqti jangu jadallarda oʻtganiga qaramay, samarali ijod qilgan. Asarlari bir necha asrlardan buyon ilmiy ahamiyatini yoʻqotmay, kitobxonlar va tadqiqotchilar tomonidan sevib mutolaa qilib kelinadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur 16-17 yoshlaridan ijod bilan shugʻullanib, 18-19 ga yetganida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Jumladan, oʻz guvohligiga koʻra, shoir sifatida ijodiy faoliyati 1498 yili Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan. Mutafakkir: “Ul fursatlarda biror-ikkirar bayt aytur edim”, deb yozadi [5, 86].

Uning “Topmadim” radifli gʻazali esa taxminan 1500-1501 yillarda yozilgan.

Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi,
Shod etmas emish koʻngilni mehnatda kishi.
Koʻnglum gʻariblikda shod oʻlmadi, oh,
Gʻurbatta sevinmas ermish albatta kishi.

misralari bilan boshlanuvchi ruboiysi ham oʻsha yillardagi hayotiy iztiroblari bilan bogʻliq.

Keyinchalik turkiy va forsiyda sheʼrlar bita boshlagan. Turkiydagi sheʼrlarini toʻplab, 1519 yilda Kobulda “Kobul devoni”ni, 1528-1529 yillarda Hindistonda “Hind devoni”ni tuzadi. Bobur lirikasining asosiy janrlari gʻazal, ruboiy va tuyuqlar hisoblansa-da, u qitʼa, fard kabi yoʻnalishlarda ham ijod qilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur tarix va etnografiyaga oid “Boburnoma”, huquqshunoslikka oid “Mubayyan”, arab alifbosini soddalashtirgan va turkiyga birmuncha moslashtirgan “Xatti Boburiy” xati, aruz qoidalariga oid “Risolai aruz” (“Mufassal”), musiqa boʻyicha “Ilmi musiqiy”, harbiy ilmi toʻgʻrisida “Harb ishi”,  kabi bir qancha asarlari bilan oʻzbek adabiyoti, tarixi, ilm-fani, madaniyati va sanʼatining ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan.

Mutafakkir mohir tarjimon ham boʻlib, 1528 yilda Xoja Ubaydulloh Ahror Valiyning “Volidiya” risolasini forsiydan turkiyga nazmiy usulda tarjima qilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy merosining gultoji boʻlgan “Boburnoma” asari Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Eron tarixi, geografiyasi va bu yerlarda yashovchi xalqlar etnografiyasiga oid nodir va qimmatli maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Asar oʻsha davr oʻzbek klassik adabiyoti va adabiy tilining yorqin namunasi boʻlib, mazmunining serqirraligi, rang-barangligi, til va uslubining goʻzalligi bilan alohida ajralib turadi. Asl nomi “Vaqoeʼ” boʻlsa-da, u “Voqeanoma”,“Tuzuki Boburiy”, “Voqeoti Boburiy”, “Boburiya” deb ham atalgan. Keyinchalik “Boburnoma” deb nomlanib, shu nom bilan mashhur boʻlgan [1, 5].

Muallif bu asarni Hindistonda yozgan. U bayon qilingan voqealar jarayoniga koʻra 3 qismga – Movarounnahr (1494-1504), Afgʻoniston (1504-24), Hindiston (1524-30)dagi hukmdorlik davriga boʻlinadi. Asarda Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindistonning 1494-1529 va 1529-1530 yillardagi tarixi, ijtimoiy holati, iqtisodiyoti, bu saltanatlardagi xalqlar, qabilalar, ularning tillari, madaniyati, kasb-hunar va urf-odatlari, rasm-rusumlari, anʼanaviy tadbir-marosimlari, oʻsha davr jamiyatiga xos ijtimoiy tabaqalarga tegishli maʼlumotlar, toj-taxt uchun kurashlar va sodir boʻlgan tarixiy-siyosiy voqealar yilma-yil oʻta aniqlik bilan bayon qilingan. Bularning barchasi bevosita Boburning hayoti va siyosiy faoliyati bilan bogʻliqdir.

Muallif “Boburnoma”da faqat tarixiy voqea va hodisalar bilan cheklanmay, balki ularning ishtirokchilari va asosiy qahramonlariga, yaʼni tafsilotlarga alohida eʼtibor qaratgan. Oʻsha davrda yashagan va muhim mavqelar ishtirokchisi boʻlgan 1500 dan ziyod davlat va madaniyat arbobi, turli tabaqadagi shaxslar haqida soʻz yuritgan. Asarda tasvirlangan har bir obraz, personaj, shaxs oʻzining jozibasi, xarakteri bilan alohida ajralib turadi [3, 237].

Ayni paytda “Boburnoma”da ijtimoiy-tabiiy fanlar, tarix, fiqh, diniy taʼlimot, tilshunoslik, jugʻrofiya, tabiatshunoslik, maʼdanshunoslik, dehqonchilik, bogʻdorchilik sohalari bilan birga, ijtimoiy masalalar, siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron kabi mamlakatlarda olib borilgan obodonlashtirish ishlari, bunyod etilgan muhim tarixiy inshoot, masjid, madrasa, ziyoratgoh va ibodatxonalarning taʼrifu tavsiflari ham bayon qilingan.

Bundan tashqari, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Sayfiy Buxoriy, Ohiy, Muhammad Solih, Xoja Abdullo Marvariy, Qul Muhammad Udiy, Shayx Noyiy, Yusuf Ali, Mullo Yorak, Shohquli Gʻijjakiy, Husayn Udiy, Behzod, Shoh Muzaffar kabi koʻplab shoir, adib va sanʼatkorlar tavsif etilib, ularning ijodiy faoliyatlariga xolis baho berilgan. Jumladan, Alisher Navoiy haqida shunday deyilgan: “Alisherbek naziri yoʻq kishi edi. Turkiy til bila to sheʼr aytibturlar, hech kim oncha koʻp va xtub aytqon emas…” [2, 153].

Shu bois ham “Boburnoma” hanuzgacha tarixiy, geografik, etnografik va adabiy asar sifatida ilmiy ahamiyatini yoʻqotmay kelyapti. U XVI asrdan hozirgi kungacha bir necha marta ingliz, golland, fransuz, fors, nemis, italyan, rus, hind, urdu va boshqa tillarga tarjima qilinib, sharh-izohlar bilan nashr etilgan.

“Boburnoma” ingliz tilining oʻziga uch marta – 1922 yilda sharqshunos olima Aneta Beverij, 1826 yilda Uilyam Erskin va Jon Leyden tomonidan va 1996 yilda Uiller Takston tomonidan tarjima qilinib, Angliya va AQSHda bir necha bor qayta-qayta chop qilingan.

Bobur hayoti va “Boburnoma” asari hamda latofatli sheʼrlari oʻsha davrdan hozirgacha jahon olimlari va jamoat arboblarining diqqat markazida boʻlib kelmoqda. Jumladan, Hindistonning buyuk siyosat va jamoat arbobi Javoharlaʼl Neru: “Bobur – dilbar shaxs. U Uygʻonish davrining mohir hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan, sanʼatga, adabiyotga mehr qoʻygan, hayotning har totli lahzasidan bahra olishni yaxshi koʻrgan…”, degan. Ingliz tarixchisi Eduard Xolden: “Bobur – feʼli sajiyasiga koʻra, Sezarga qaraganda, ardoqqa koʻproq arzigulikdir.” deb taʼriflaydi. “Boburnoma”ni ingliz tiliga tarjima qilgan mashhur sharqshunos olim Aneta Beverij: “Ushbu asarni hamma davrlarda yozilgan eng jozibali adabiyotlar qatoriga qoʻyish lozim”, deb eʼtirof etgan. Angliya, AQSH, Fransiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Turkiya, Yaponiya kabi koʻplab mamlakatlar olimlarining ilmiy tadqiqotlarida “Boburnoma” asari insoniyat tomonidan barpo qilingan oʻlmas obidalardan biri sifatida alohida ahamiyatga sazovor ekani taʼkidlangan. Koʻrinib turibdiki, Boburning hayoti va ijodi turli mamlakatlarda oʻrganilmoqda va xalqaro ilmiy hamkorlik vositasiga aylanib bormoqda. Bu ham oʻzbek xalqining ulugʻ iftixoridan nishonadir.

Boburning jahon xalqlari madaniyati xazinasidan munosib oʻrin olgan ilmiy-adabiy merosi, jumladan, “Boburnoma” asarining ilmiy ahamiyati juda yuqori boʻlib, yoshlarimizni imon-eʼtiqodli, Vatanga sadoqatli, bilimli, dono va zukko etib voyaga yetkazishda, ularda ajdodlarimiz ilmiy merosiga qiziqishni kuchaytirishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati

  1. Bobur. Boburnoma. 1-qism, Soʻzboshi. – T. 1948.
  2. Bobur. Boburnoma. Yulduzcha. – T.: 1990.
  3. Qudratullayev H. Bobur armoni, – T.: Sharq. 2005.
  4. Sultonov X. Boburiynoma, Maʼrifiy roman “SHARQ” Nashtiyot-matbaa konsernining bosh tahririyati. –T.: 1997.
  5. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. 2-tom. – T.: 2001.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …