Home / FOTO LAVHALAR / GLOBAL ISLOM TARGʻIBOTINI HARAKATLANTIRGAN VA JADALLASHTIRGAN MUHIM OMIL

GLOBAL ISLOM TARGʻIBOTINI HARAKATLANTIRGAN VA JADALLASHTIRGAN MUHIM OMIL

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bruney Darussalom islom universiteti huzuridagi Ahli sunna val jamoa tadqiqot markazi hamkorligida “Janubi-Sharqiy Osiyoda islom mohiyatini targʻib qilishda Naqshbandiya tariqatining oʻrni” mavzuida onlayn seminar oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Singapur, Malayziya va Indoneziyadagi ilmiy-maʼrifiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlari olimlari ishtirokida tashkil etilgan anjumanda Bruney Darussalom islom universiteti huzuridagi Ahli sunna val jamoa tadqiqot markazi dotsenti dr. Muhammad Yusuf Xolidning mavzu boʻyicha maʼruzasi tinglandi.

Notiq hadis va Qurʼon ilmlari, tafsir, fiqh bilan bir qatorda, eʼtiqod, falsafa, tasavvuf, tibbiyot, muhandislik, astronomiya kabi dunyoviy fanlar boʻyicha ham yetuk ulamolari bilan nom qozongan Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida islomiy oʻzlikni targʻib qilishda naqshbandiya tariqatining oʻrni va ahamiyatini yoritib berdi.

Islom Janubi-Sharqiy Osiyoga taxminan XV asrda soʻfiylar etagini tutgan savdogarlar orqali, ularning goʻzal muomala va daʼvatlari natijasida tinch yoʻl bilan kirib kelgan. Ayni paytda qariyb 300 million aholiga ega birgina Indoneziya xalqining 90 foizi islom diniga eʼtiqod qiladi.

Maʼruzada Shayx Bahouddin Naqshbandning tarjima holi, naqshbandiya tariqatining Indoneziya, Malayziya va Singapurda tarqalish tarixi atroflicha bayon etildi. Tariqatni ushbu davlatlar hududiga olib kirgan shaxslar haqida maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlanganidek, naqshbandiya tariqati Osiyoning bu qismiga kirib kelganiga uncha koʻp boʻlmaganiga qaramay, u global islom targʻibotini harakatlantiruvchi va jadallashtiruvchi muhim omilga aylanishga ulgurib, axloq bobida tub ijobiy oʻzgarishlarga asos solgan.

Maʼruzachi mintaqa mamlakatlarida tasavvuf ilmi va soʻfiylik tariqatlarini toʻgʻri targʻib qilish ayni paytda dolzarb masalalaridan biri ekanini alohida qayd etdi.

Seminar qizgʻin savol-javoblarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …