Home / MAQOLALAR / ISLOM DINI MANBALARIDA DINIY BAGʻRIKENGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK MASALASI

ISLOM DINI MANBALARIDA DINIY BAGʻRIKENGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK MASALASI

Yurtimiz qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi va bir-biriga oʻxshash boʻlmagan turli xalqlar, millatlar yashab kelayotgan zamindir. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga oʻz eʼtiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular oʻrtasida qadimiy mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar qonun oldida tengdirlar”, – deb belgilab qoʻyilganligi, koʻpmillatli xalqimiz oʻrtasidagi totuvlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash uchun yaratilgan zamindir.

Muqaddas islom dinimizda ham bagʻrikenglik tushunchasi diniy istilohda “muruvvat” degan maʼnoni anglatib, keng maʼnoda chirkin narsalar va voqealar qarshisida goʻzallikni ustun qoʻyib, mehribonlik qilish hamda har bir voqelikka goʻzallik nuqtai nazaridan yondashish, eʼtiqod, madaniyat, anʼanalarga nisbatan hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlish demakdir.

Boshqa dinlar singari islom dini ham azaldan insoniyatga asl muruvvatni, dindoshlariga, hatto, gʻayridinlar (islomdan boshqa dinga eʼtiqod qiluvchilar)ga ham ehtirom hamda bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatib kelgan va kelmoqda. Maʼlumki, islom oʻzidan avvalgi samoviy dinlar (yahudiylik, nasroniylik)ni shunchaki hurmat qilish bilan cheklanmay, oʻsha din vakillariga cheksiz muruvvatlar koʻrsatgan. Ularning haq-huquqlarini shariat qonunlari bilan mustahkamlab qoʻygan. Madaniyat va anʼanalariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto, oralarida yashaydigan gʻayridin (boshqa dindagi)larga, ahli zimmaga ham muruvvatning mislsiz namunalarini koʻrsatib, butun insoniyatga ibrat boʻlishdi. Chunki, bu Alloh taoloning amri hamda Rasulining ummatga bergan koʻrsatmasi edi. Alloh taolo “Moida” surasida shunday marhamat qiladi: “Ey moʻminlar, biron qavmni yomon koʻrishingiz haddingizdan oshishingizga olib kelmasin!”. Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadisda esa: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni oʻzining dushmani sifatida koʻradi” – deb marhamat qilganlar. Aynan ana shu hadisni eʼtiborga olgan holda hazrati Umar (r.a.) Amr ibn Os (r.a.)ni Misrni fath qilishga yuborayotib: “Ehtiyot boʻling! Yana Rasululloh (s.a.v.)ni oʻzingizga dushman qilib qoʻymang” – deb ogohlantirgandilar.

Qurʼoni karimning bir necha oyatlarida millatlararo totuvlik, hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik masalalari keng yoritilgan. Jumladan, “Oli Imron” surasida: “Ayting (Ey, Muhammad!): “Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qurʼon)ga va Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yoqub va (uning) avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha paygʻambarlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va biz Uning oʻzigagina boʻyin sinuvchilarmiz”. Shu suraning davomida esa: “Ey, iymon keltirganlar! Sabr qilingiz, bagʻrikeng boʻlingiz va (Alloh yoʻliga) taxt boʻlib turingiz va Allohdan qoʻrqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” – deb amr qilingan.

Alloh taolo “Moida” surasida shunday marhamat qiladi: “Ey moʻminlar, biron qavmni yomon koʻrishingiz haddingizdan oshishingizga olib kelmasin!”. Boshqa din (millat)dagi kishilarning hurmatini joyiga qoʻyishda ham  Rasululloh (s.a.v.) bizga oʻrnak boʻlganlar: “Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) sahobalar bilan birga oʻtirgan edilar. Odamlar bir janozani koʻtarib oʻtishdi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) mayyit hurmatiga oʻrinlaridan turdilar. Sahobalar: “Ey Rasululloh (s.a.v.) bu vafot qilgan kishi yahudiyku” – deyishdi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Yahudiy odam emasmi” – dedilar. Bu gaplari bilan sahobalardan ranjiganliklarini bildirdilar hamda boshqa dindagi kishilarga nisbatan qanday muomala qilish kerakligi borasida amaliy koʻrsatma berdilar.

Mamlakatimiz azal-azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan makon sifatida dunyo tarixida alohida mavqega ega. Bu muborak zaminda ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan qaragani, mana shu yurt ozodligi yoʻlida ular bilan birga kurash olib borgani, yelkadosh boʻlib mehnat qilganini hech kim inkor eta olmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu haqda shunday deydilar: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”.[1]

Maʼnaviyatimizning ulkan boʻgʻinini tashkil etuvchi islomiy qadriyatlarni tiklash, islom madaniyati va axloqi bilan bogʻliq ilmiy muammolarni atroflicha va chuqur tadqiq etish bugungi kun mavzusining dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Islom taʼlimoti kibr, manmanlik, oʻgʻrilikdan qaytarish, birovning haqqini yemaslik, birovning moliga koʻz olaytirmaslik, oilasiga, nomusiga tegmaslik, birovlar obroʻsiga hasad qilmaslik, birovlarning joniga qasd qilish, jamiyatga va insonlarga zarar yetkazish, eliga, yurtiga, Vataniga xiyonat kabi insonga zarar keltiruvchi jamiki narsadan ehtiyot boʻlishni,  hamda, ota-onaga yaxshilik qilish, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasida oʻzaro bir-birlariga hurmat, ayollarni eʼzozlash, silai rahm, beva-bechoralarga yordam qoʻlini choʻzish, jaholatdan qutilish, Vatanni sevish, chiroyli xulqli boʻlish, yomonlik qilgan odamga ham yaxshilik qilish, sogʻlikka eʼtibor berish, halol mol topish, uni yaxshilikka sarflash, oʻzga din vakillari bilan ahillikda yashash kabi insonga foyda keltiruvchi fazilatlarni, odoblarni mujassam etuvchi dindir.

“Bagʻrikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”da taʼkidlanganidek “Bagʻrikenglik boʻlmasa tinchlik boʻlmaydi, tinchliksiz esa taraqqiyot va demokratiya boʻlmaydi”.[2]

Ushbu masalalarning islom dini manbalarida qanday yoritilganligini oʻrganish uchun, albatta, eʼtiborimizni Qurʼoni karim va Hadisi shariflarga qaratmoq lozim boʻladi. Negaki, Qurʼoni karim oyatlari va Rasululloh (s.a.v.) hadislarining barchasida olam-olam maʼnolar bor. Qurʼon oyatlari va hadislardagi hikmatlarni asrlar osha musulmon olimlari tadqiq qilib kelmoqdalar. Islom dinining qanday din ekanini butun dunyoning aqlli kishilari anglab yetmoqdalar. Masalan, XX asrda yashagan  mashhur angliyalik yozuvchi Gerbert Uells shunday degan ekan: “Islom – toʻlaligicha yumshoqlik, nafosat va birodarlik tuygʻusidir”.[3]

Qurʼoni karimning bir necha oyatlarida millatlararo totuvlik, hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik masalalari keng yoritilgan. Jumladan, “Anbiyo” surasining 92– oyatida: “(Ey, insonlar!) Sizlarning ushbu diningiz (aslida) bir din (yaʼni Islom)dir. Men esa (barchangizning) Rabbingizdirman. Bas, Menga ibodat qilingiz!”.[4] Rum surasining 22– oyatida: “Uning belgilaridan (yana biri) – osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma–xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir”.[5] “Hujurot” surasining 13– oyatida: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir–birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli–tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”.[6] Shu va boshqa yana bir qancha oyatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Demak, Qurʼonda inson qadr-qiymatini pastlatish uchun uning nasli, tanasining rangi, tili kabi omillar dastak qilinmaydi. Chunki, bu omillarni hech kim oʻz ixtiyori bilan tanlab olmaydi, aksincha ularni har bandaga Alloh beradi. Bu siyratlarni barchasi ilohiy neʼmat va insoniy qadr-qiymat hisoblanadi.

Demak, yuqoridagilardan maʼlum boʻladiki, jamiyatning rivojlanishi, tinch va osoyishta boʻlishi, totuvlik va hamjihatlik qaror topishi uchun insonlar oʻzaro mehrli, oqibatli boʻlishi, doimo yaxshilik qilishlari, bir–birlarini koʻrganda salom berish, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish, qarindoshchilik va qoʻshnichilik haqlariga rioya etish, oʻzga din vakillariga bagʻrikeng boʻlish kabi insoniy fazilatlarda namoyon boʻladi.

[1] Mirziyoyev Sh.M. BMTning 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidan. 2017 yil 20-sentabr
[2] Bagʻrikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi.//YUNESKO Xalqaro meʼyoriy hujjatlari. –Toshkent:Adolat, 2004. –B. 92.
[3] Risqiyev T. Milliy istiqlol gʻoyasi. –Toshkent:Yangi asr avlodi. 2001. –B.135.
[4] Qurʼoni karim. –B. 330.
[5] Qurʼoni karim. –B. 406.
[6] Qurʼoni karim. –B. 517.
Muhammadjon BOLTABOYEV,
Fargʻona davlat universiteti, tarix fakulteti oʻqituvchisi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …