Home / MAQOLALAR / BUXORO AMIRLIGIDA SURXON VOHASI HUDUDIDA RUS MANZILGOHLARINING PAYDO BOʻLISHI

BUXORO AMIRLIGIDA SURXON VOHASI HUDUDIDA RUS MANZILGOHLARINING PAYDO BOʻLISHI

Oʻrta Osiyo xonliklari ichida Buxoro amirligi alohida mavqeiga ega boʻlgan, katta hududlarni egallagan davlat edi. Manbalarga koʻra, XVIII asrning oʻrtalariga kelib Buxoro amirligi hududlarida birmuncha oʻzgarishlar sodir boʻladi. Bu davrda Buxoro hukmdorlari oʻz tasarruflarida Buxoro shahri va uning atrofidagi Vobkent, Gʻijduvon, Qorakoʻl, Vagʻoza tumanlari, Qashqadaryo va Miyonqol vohalarini saqlab qololgan edilar. Xoʻjand, Toshkent, Hisor vaqti-vaqti bilan esa Gʻuzor, Shahrisabz, Nurota, shuningdek Amudaryoning oʻng sohilidagi Balx, Andxay, Maymana, Badaxshon va Shibirgʻonlar ham Buxoroga vassal boʻlishiga qaramay unga itoat etmay qoʻyganlar.Siyosiy parokandalikning asosiy sababi – soʻnggi ashtarxoniylar davridagi oʻzaro kurashlar, markazdan qochuvchi kuchlar mavqeining oʻsishi edi.

XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, yaʼni mangʻitlar sulolasi hukmronligi oʻrnatilgach, Buxoro amirligi yana asta-sekin mustahkamlana boshlaydi. Shu asrning 70-80 yillariga kelib Buxoro amirligining markaziy hududini Samarqand va Buxoro shaharlarini oʻz ichiga olgan Zarafshon vohasi tashkil qilar edi. XIX asrning boshlariga kelib Buxoro amirligi hududiga Zarafshon hamda Qashqadaryo vohalaridan tashqari Surxon vohasi, Hisor, Xoʻjand, Oʻratepa, Panjikent kabi aholi zich joylashgan tumanlar, Janubiy Turkmanistonning katta qismi, jumladan Chorjoʻydan to Murgʻob daryosigacha boʻlgan hududlar kirar edi. Bu davrda Buxoro amirligi hududlarining kengayishiga asosiy sabab – mangʻitlar  sulolasining markazlashgan davlat barpo etishga intilishi edi. XIX asr boshlarida Buxoro amirligi bir tomondan Eron va Afgʻoniston,ikkinchi tomondan Xiva xonligi, uchinchi tomondan qozoq juzlari va toʻrtinchi tomondan Qoʻqon xonligi hududlari bilan chegaradosh edi.

Maʼlumotlarga koʻra,Buxoro amirligi aholisi XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab tez koʻpaya boshlaydi. XIX asrning boshlariga kelib amirlik aholisi taxminan 2 mln.dan oshiq, 50-yillariga kelib taxminan 2,5mlndan ortiq kishini tashkil etgan. Buxoro shahrida taxminan 60 mingdan ziyodroq, Samarqand shahrida esa taxminan 50 mingdan ortiq aholi istiqomat qilgan.

Amirlik aholisining katta qismini oʻzbeklar tashkil qilgan boʻlib, juda koʻplab oʻzbek urugʻlari vakillari amirlikning deyarli barcha hududlarida yashaganlar. Aholi tarkibidagi tojiklar Samarqand,Buxoro, Nurota, Urgut, Kitob kabi shaharlarda, togʻli tumanlarda, jumladan, Panjikent, Vaxsh, Hisor, Qorategin, Koʻlob, Shahrisabz, Qobadiyon, Yakkabogʻ bekliklarida, Zarafshonning yuqori qismida istiqomat qilganlar.

Turkmanlar ham Buxoro amirligi aholisining son jihatdan katta qismini tashkil etganlar. Ular amirlikka qarashli boʻlgan Amudaryoning ikki qirgʻogʻida joylashgan yerlarda, yaʼni, amirlikning janubiy va gʻarbiy hududlarida istiqomat qilishgan. Buxoro amirligi hududida aholining kichik qismini arablar tashil etgan boʻlib,ular asosan Qarshi va Sherobod bekliklarida yashaganlar.

Buxoro amirligida asosiy hunarmandchilik markazlari sifatida shaharlar katta ahamiyatga ega boʻlgan boʻlsa-da, koʻpgina yirik qishloqlarda ham hunarmandchilikning kundalik ehtiyoj uchun zarur sohalari rivojlangan edi. Butun oʻrta asrlarda mavjud boʻlganidek, amirlik davrida ham hunarmandlar uyushmalari (kasaba, sexga ega boʻlganlar). Uning tashkil topishi mahsulot ishlab chiqarish ustidan nazorat oʻrnatishga,mahsulot ishlab chiqarish huquqini saqlash
va raqobatbardoshlikka intilish bilan bogʻliq edi. Amirlikdagi hunarmandchilikning barcha sohalarida bunday uyushmalar mavjud boʻlib, uni saylab qoʻyiladigan shaxs-rais yoki oqsoqol boshqargan. Hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar narxini belgilashda, turli soliq va toʻlovlar yigʻimida, usta va shogird munosabatlarida, xoʻjalik ishlarini yuritishda uyushma raisining xizmati katta boʻlgan.

Ilgarigi davrlarda boʻlganidek, amirlikning hunarmandchiligi sohasida toʻqimachilik uning asosiy tarmogʻi hisoblangan. Ushbu tarmoqning rivojlanishiga asosiy sabab, birinchidan soha uchun mahalliy xom ashyo manbalari – paxta, jun, ipak yetarli darajada boʻlgan boʻlsa, ikkinchidan, ichki va tashqi bozorda, kundalik hayotda toʻqimachilik mahsulotlariga talab katta edi. Amirlikda ayniqsa boʻz, chit,olacha koʻp miqdorda tayyorlangan. Qarshi, Hissor, Baljuvon, Dehnov, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va ularning atroflarida ipak matolar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Boshqa shahar va qishloqlarda ham ip yigirish, mato toʻqish, tayyor kiyim tikish, gilam toʻqish va boshqa toʻqimachilik sohalari ancha rivojlangan. Manbalar maʼlumotlariga koʻra, Buxoroning zarbof toʻnlari, Shahrisabzning iroqi doʻppilari, Termizning harir matolari, Samarqand va Boysun hunarmandlarining ipak matolari amirlikdan tashqarida ham juda mashhur boʻlgan

Amirlik hunarmandchiligidagi muhim tarmoqlardan yana biri bu – kulolchilik edi. Xoʻjalik taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan kulolchilik amirlikning deyarli barcha hududlarida rivojlangan edi. Kulolchilik eng taraqqiy etgan markazlar Buxoro, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Urgut, Dehnov, Gʻijduvon kabilar boʻlib, ularning mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda talab katta boʻlgan. Amirlik kulolchiligida Oʻrta Osiyoning koʻpgina kulolchilik maktablariga xos boʻlgan manzaralar(turli gullar va oʻsimliklar tasviri), turli hayvonlar,qushlar, hasharotlar yoki ular tanasining bir qismini shartli ravishda tasvirlash kulol ustalar tomonidan keng qoʻllanilgan.

Amirlik iqtisodiyotining metallga ishlov berish sohasi ham yaxshi rivojlangan. Shahrisabz, Urgut, Nurota, Boysun, Sherobod kabi togʻli tumanlardan maʼdanlar qazib olingan boʻlib, ulardagi konlardan foydalanish baʼzi tanaffuslar bilan XX asr boshlariga qadar davom etgan edi.

Bu davrda amirlikdagi metallga ishlov berish taraqqiy etgan quyidagi toʻrtta asosiy tarmogʻi-temirchilik, misgarlik, choʻyan quyish va rixtagarlikni alohida koʻrsatish mumkin. Temirchilik sohasida ustalar qishloq xoʻjaligida
va kundalik turmushda ishlatadigan mehnat qurollari, harbiylar uchun jangovar qurollar yasaganlar. Amirlikning koʻpgina shaharlarida Temirchi, Guzari, Chilangaron kami chilangar-temirchilarning maxsus mahalla guzarlarining mavjudligi ushbu hunarmandchilik turining ancha taraqqiy etganligini koʻrsatadi. Amirlikning asosan yirik shaharlarida misgarlik ham rivojlangan. Mis xos ashyosi asosan Rossiyadan keltirilgan boʻlib undan chilim idishlari, barkash, lagan, koʻzacha, togʻoracha kabi koʻplab idishlar yasalgan hamda ular turli naqshlar bilan mohirona bezatilgan.

Amirlikning yirik shaharlari – Buxoro, Samarqand, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Kattaqoʻrgʻon, Dehnov, Nurota va boshqalar asosiy savdo markazlari edi. Manbalarga koʻra, XIX asr boshlariga kelib yirik karvon yoʻllari chorrahasida joylashgan Qarshi shahrining ahamiyati oshib ketadi. Ichki bozorlarda avvalo kundalik ehtiyoj mollari, oziq-ovqat mahsulotlari, hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar, paxta matolari, jun va ipak matolariga talab katta boʻlgan. Ichki savdoning taraqqiyotida yirik shaharlarning atroflardagi qishloqlar bilan iqtisodiy munosabatlari hamda shaharlararo savdo-sotiq aloqalarining rivojlanganligi muhim oʻrin tutgan. Chunonchi, amirlikdagi bozorlar nafaqat shaharlar, balki ularning atrofidagi qishloqlar aholisining talablarini qondirishda ham alohida ahamiyatga ega boʻlgan. Amirlikdagi barcha shaharlarda, yirik qishloqlarda ixtisoslashgan bozorlarning mavjudligi ichki savdoning davlat iqtisodiyotidagi muhim ahamiyatidan dalolat beradi.Ichki savdoning taraqqiy etishida amirlikda mavjud boʻlgan pul muomalasining oʻrni katta edi. Xususan, mangʻitlar hukmronligi davrida bu sohada birmuncha barqarorlik oʻrnatilgan boʻlib, muomalada asosan uch turdagi – tillo, tanga (kumush) va pul (mis) mavjud edi. Shahar hamda qishloqlardagi savdo-sotiq va toʻlovlarda asosan tanga va pul ishlatilgan.Buxoro amirligida qoʻshni davlatlar va xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishga katta eʼtibor berilgan. Tashqi savdo aloqalarida Xiva va Qoʻqon xonlari, qozoq va turkman dashtlari, Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Qashgʻar va ayniqsa Rossiya bilan boʻlgan savdo munosabatlari ayniqsa muhim oʻrin tutgan edi.Dehqonchilik va chorvachilik Buxoro amirligi iqtisodining asosiy tarmoqlari hisoblangan. Aholining sakson besh foizi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanganligi ham fikrimiz dalilidir. Amirlikda XVIII asrning oxirlaridan boshlangan iqtisodiy yuksalish,avvalo dehqonchilikning tiklanishi bilan izohlanadi. Anʼanaga koʻra, sugʻoriladigan hamda lalmikor yerlarda dehqonchilik sohasida bugʻdoy, arpa, joʻxori, poliz va sabzavot ekinlari yetishtirishga katta eʼtibor qaratilgan. uzumchilik va bogʻdorchilik ham yaxshi rivojlangan. Manbalarga koʻra, amirlikda uzumning 10 dan ortiq navlari yetishtirilgan.

XIX asrning 55-70 yillarida Angliya tomonidan  bosib olish borasidagi tahdidga,  sharqdagi baʼzi mamlakatlar Buxoro xonligidagi Surxondaryo yerlari ham kirar edi. Rossiya buni sezib oʻzining Markaziy Osiyodagi ahvolini mustahkamlash uchun Amudaryo boʻylab chegara shaharchalarini astoydil mustahkamlab boshladi. 1892 yilda Rossiya Chor hukumati Buxoro amiri Abdulahadxon bilan kelishib Afgʻon-Buxoro chegarasidagi Pattakesar qishlogʻida oʻz harbiy otryadlarini joylashtirdi. 

1894 yil 12 dekabrda birinchi boʻlib 31-Amudaryo chegara soqchilar brigadasining harbiy qismlari Pattakesar qishlogʻining hozirgi viloyat kasalxonasida joylashtirildi.

Termiz harbiy shaharchasiga 1896-yilda 4-Orenburg polki kazaklari tomonidan asos solindi.

Turkiston harbiy okrugi shtabiga 1897 yil 19 dekabrda yuborilgan xabarda Termizdagi kazarmaga 4-Orenburg kazak polki yuzligi joylashtirilganligi aytilgan.

Ular yer sotib olib, shaxsiy uy qura boshladi. 1906 yilga kelib qalʼa qurilishi tugallandi. Zobitlar uyi va gospital binolari ham shu davrda qurildi.

Rus maʼmuriyati bir necha yil ichida Pattakesar yaqinida ancha durustgina shaharcha barpo etdi. 1906 yilda-boshlangʻich maktab, xususiy apteka  ochildi.

1901 yil 31 iyulda Termizda 10 Turkiston oʻqchi polki qoshida meterealogiya stansiyasi ochildi. 1902 yil telegraf ish boshladi.

1904-1905 yillarda moliya muassasasi ochildi. 1914-1916 yillarda Termiz Kogon temir yoʻli oʻz ishini boshladi, xususiy teatr ochildi, Termizda birinchi zavod yaʼni Matchonboyevning xususiy paxta zavodi oʻz faoliyatini boshladi.

Termiz chegarasining gʻarbiy tomonida, taxminan eski qalʼa bilan hozirgi bandargoh orasida pristanʼ qurilib, unga olib boradigan shosse yoʻl ochilgan. Pristanʼ ham savdo  ahamiyatiga, ham harbiy ahamiyatga ega edi

Amirlikda XIX asrning boshidan boshlab Rossiyaga koʻp miqdorda paxta sotilishi natijasida paxtachilikka eʼtibor kuchaytirilgan. Rus manbalariga koʻra, Buxoro amirligining “Qashqadaryo vohasi, Surxondaryo vohasida, Yakkabogʻ, Kitob, Chiroqchi, Qarshi, Shahrisabz, Gʻuzor, Termiz, Sherobod, Hisor tumanlarida paxta katta miqdorda yetishtiriladi. Oʻrta Osiyo xonliklari ichida Buxoro paxtasi alohida diqqatga sazovor boʻlib, u ancha qimmat turadi ”.[1]

Buxoro amirligida rus manzilgohlarining paydo boʻlishi bevosita Chor Rossiyasining Oʻrta Osiyoda oʻz mavqeini yanada mustahkamlash siyosati bilan bogʻlik boʻlib, quyidagi yoʻnalishlarda olib borildi:

1.Amirlik hududida temir yoʻl qurilishi munosabati bilan yoʻlbekatlarining paydo boʻlishi va bekatlarda rus fuqarolarining xizmatga jalb qilinishi;

  1. Afgʻoniston va Buxoro amirligi chegarasi boʻylab rus garnizonlarining joylashtirilishi, harbiy qalʼalarga asos solinishi;

3.Buxoro amirligi hududida bevosita rus manzilgohlarining paydo boʻlishi.

Oʻrta Osiyo hududida temir yul qurilishidan kutilgan eng asosiy maqsad bu birinchidan, aholi gavjum boʻlgan va Chor Rossiyasi uchun harbiy-strategik ahamiyat kasb etgan hududlarni metropoliya bilan bogʻlash, ikkinchidan, rus aholisini Turkistonga koʻchirish, ularni joylashtirish jarayonlari koʻlamini yanada kengaytirish va jadallashtirish hamda Oʻrta Osiyo hududlaridan arzon-garov xom ashyo mahsulotlarini olib ketishni muntazam tashkil etishdan iborat edi.
1912 yil 15 iyunda Buxoro amiri bilan Chor Rossiyasi oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, temir yoʻl Kogondan Qarshi-Kerki-Termiz yoʻnalishlarida qurilishi koʻzda tutildi.

Bu yoʻlning umumiy uzunligi 572 verstni tashkil etib, shundan 150 versti afgʻon chegarasi boʻylab oʻtgan edi. Bu yoʻlning qurilishi Chor hukumatining foydasini koʻzlab rejalashtirilgan boʻlsa-da, Buxoro davlati uchun ham juda katta ahamiyatga ega edi[2].

Buxoro amirligi hududida bevosita rus manzilgohlarining paydo boʻlishiga qadar, uning janubi-sharqiy hududida rus qalʼalari va harbiy garnizonlariga asos solingan.

1894 yil dekabrda Termiz shahridan 8 km. uzoqlikda, Surxondaryoning Amudaryoga quyilish joyida (Pattakesar)da rus harbiylarining 31-Amudaryo chegara qoʻshinlari joylashtiriladi. Birinchi galda Chor Rossiyasi hukumati asosiy eʼtiborni Amudaryo boʻylab joylashgan chegara hududlarini qoʻriqlashga qaratdi. Oqibatda Amudaryo boʻylab Chor Rossiyasi qoʻshinlarining   beshta  Shoʻrob,   Maymuntoʻqay, Orol (Paygʻambar oroli)

Pattakesar, Ayritosh kabi nazorat-qoʻriqlash manzillari paydo boʻldi[3].

1897 yildan boshlab, rus hukumati Termizning juda katta harbiy-strategik ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib bu hududda mustahkam oʻrnasha boshlagan. Pattakesardan shimolda kazarmalar qurishga moʻljallangan 40 desyatina yer sotib olinadi. Shu tariqa “Termiz qalʼasi”ni qurishga asos solinadi. 1898 yilning yanvarida kazarmalar qurib bitkaziladi. Ayni bir vaqtda yana harbiy qalʼa, rus zobitlari yigʻilishi binosi va gospital qurilishiga Termiz hududidan 1200 desyatina yer sotib olinadi.

Harbiy qalʼa sifatida yangidan shakllangan Termiz jadal surʼatlar bilan oʻsa boshlagan. Ammo shahar-qalʼani kengaytirish uchun qoʻshimcha yer va suv manbalari talab qilinar edi. Bu masala 1900 yilda Buxoro amiri va rus hukumati bilan tuzilgan shartnoma orqali oʻz yechimini topdi. Rossiyaga Amudaryo va Surxondaryo oraligʻi, shimolda esa Kattaqumgacha boʻlgan uchburchak shaklidagi hudud (umumiy maydoni 10514 desyatina yer, 1 desyatina 1,09 gektarga teng) bepul berildi. 1901 yilda xazinaxona va meteorologiya stansiyasi, 1902 yilda pochta boʻlimi va telegraf binosi quriladi[4]. 1906 yilda Termizga tashrif buyurgan R.Yu.Rojevis bu shaharga shunday taʼrif beradi: Termiz yaqin oʻn yillikda yuzaga keldi va oʻzining shakllanishi bilan turkman qishlogʻi Pattakesar yonidan asos solingan qalʼaga bogʻlash. Bu mavze bir necha darvozali gʻishtin devor bilan oʻrab olingan. Qalʼadan sharqda joylashgan hududda devor yoʻq va buning evaziga bu taraf chaqishli sim bilan oʻrab olingan. Undagi koʻchalar keng. Uylar gʻishtin, bir qavatli va barchasi davlatga qarashli”[5]. Taʼrifdan koʻrinadiki, vujudga kelgan inshoot dastavval harbiy qalʼa boʻlib, oʻzining harbiy-strategik oʻrniga koʻra, asta-sekin harbiy shaharchaga aylangan. XIX asrning oxiri-XX asr boshlarida Buxoro amirligi hududida Chor Rossiyasi tomonidan temir yoʻllar qurilishi munosabati bilan rus manzilgohlarining shakllanishiga ham alohida eʼtibor karatildi. Amudaryo boʻylab kema qatnovini yoʻlga quyilishi rus fuqarolari va ishbilarmonlarning Buxoro amirligiga kelishini yanada kuchaytirib yubordi.

Buxoro amirligi hududida vujudga kelgan manzilgohlar, jumladan Termiz (Pattakesar) harbiy komendantlar tomonidan idora etilgan. Chor Rossiyasi tomonidan bunyod etilgan aksariyat korxonalar Sherobod bekligi hududida shakllangan rus manzilgohlari hududida joylashgan edi.

1910 yilda Matchenboyev va Shamsutdinovlarga tegishli paxta tozalash zavodi ishga tushiriladi. Termiz atrofida esa Shamsutdinovga tegishli 2 ming desyatinaga teng ekin maydonlari paydo buladi. Oʻz navbatida Termiz orqali paxtani Rossiyaning markaziy shaharlariga olib ketish yil sayin oʻsib borgan. Xususan, 1903 yilda Termiz orqali 17 ming pud, 1908 yilda 22100, 1910 yilda 34000 pud, 1911 yilda 60 ming pud paxta joʻnatilgan.6

1914 yilga kelib Pattakesar (Termiz)da yashagan ruslarning soni 2,5 ming kishidan oshgan.

Chor Rossiyasi hukumatining mustamlakachilik tamoyillari asosidagi siyosati Buxoro amirligi hududlarida tashkil etilgan rus manzilgohlari va shaharlari misolida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Jumladan, Sherobod bekligi hududidagi Termizning rus va mahalliy-tub aholi yashaydigan “tuzem” qismlariga boʻlinishi, rus aholisi yashaydigan shahar qismida obodonlashtirish, boshqaruv ishlarini amalga oshirish uchun
sarf-xarajatlar uchun ketadigan mablagʻlar bevosita mahalliy aholidan undirilishi, mahalliy hunarmandlardan hamda mahalliy aholidan olinadigan turli xil soliq turlari hajmlarining doimiy ravishda oshirib borilishi, mahalliy savdogarlardan olinadigan boj toʻlovlarining bir necha bor oshirilishida yaqqol koʻzga tashlanardi.

Shuningdek, yangi tashkil etilgan rus manzilgohlaridagi korxonalarda ishlayotgan mahalliy aholi vakillari koʻchib kelgan rus aholisi vakillariga nisbatan 2-3 barobar kam ish haqi olishi ham yuqoridagi fikrimizning yorqin isbotidir[6].

Chor Rossiyasi Surxon vohasiga kirib kelgandan soʻng Sherobod bekligi tarkibida yangi boshqaruv tizimi joriy qilingan. Termiz ikki qismdan iborat boʻlib, uning harbiy garnizon joylashgan sharqiy qismi qalʼa bilan oʻrab olingan. Shaharning bu qismida hokimiyat garnizon boshligʻining qoʻlida boʻlib, shu hudud aholisi ham unga boʻysunardi. Termizning janubiy qismi Pattakesar deb atalgan, undagi mahalliy aholi amirlik qonunlariga amal qilib, amir tomonidan tayinlangan beklarga boʻysunar, bu yerda yashagan rus fuqarolari esa shahar kengashi tomonidan idora qilinardi. Shunday qilib, birgina Termizning oʻzida uch xil boshqaruv tizimi mavjud boʻlgan. Bunday murakkab boshqaruv tizimi aholiga ham katta qiyinchiliklar tugʻdirgan[7].

Buxoro amirligida rus manzilgohlarining tashkil etilishi hamda u yerlarda joylashtirilgan rus soldatlari, kazaklari va shuningdek, koʻchirib keltirilgan rus aholisi kuchlariga tayangan holda Chor Rossiyasi Oʻrta Osiyoda oʻz mavqeini mustahkamlash va mahalliy aholini doimiy ravishda nazorat ostida ushlab turish manfaatlari yoʻlida foydalandi.

Adabiyotlar: 
  1. Bahodir Eshov,“Oʻzbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi”,Toshkent-2012
  2. RDDTA. 400-fond, 24-roʻyxat, 879-delo. 261-262-v
  3. Tursunov S.N va b. Surxondaryo tarix koʻzgusida. –T., 2001. –B.120.
  4. Sheyko K.A. Iz istorii prisoyedineniya Termeza k Rossii//Krasvedeniye Surxandari. –T., 1989.– S. 121–122.
  5. Logofet D.N. Na granitsax Sredney Azii (putevыye zametki v 3-x knigax). Kniga 2. SPb, 1909.–S.200–203
  6. Gafforov Shokir. Tarix va taqdir: Rossiya imperiyasidan Turkistonga koʻchirilganlar. –T., 2006.–B. 61.
  7. Ochildiyev F.B. Surxon vohasi bekliklaridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar. –T., 2008.–B.62.
  8. “Termiz” davlat muzey-qoʻriqxona ilmiy arxivi.
Sayyora KARIMOVA,
“Termiz” davlat muzey-qoʻriqxona
Tasviriy sanʼat boʻlimi boshligʻi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …