Home / MAQOLALAR / SHARQ ALLOMALARI ILMIY MЕROSIDA JAMIYAT IDЕOSFЕRASIDAGI OʻZGARISHLAR TOʻGʻRISIDAGI QARASHLAR

SHARQ ALLOMALARI ILMIY MЕROSIDA JAMIYAT IDЕOSFЕRASIDAGI OʻZGARISHLAR TOʻGʻRISIDAGI QARASHLAR

Agar ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixiga nazar tashlasak, jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlarning insoniyat taraqqiyotiga taʼsirini ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy meroslarida koʻrishimiz mumkin. Buyuk allomalar, tarixiy shaxslar, siyosiy arboblar oʻzlarining hayot saboqlari, tarix tajribalari va oʻz oldlariga qoʻygan maqsadlarini eʼtiborga olib jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlar orqali jamiyat, millat taraqqiyotiga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatishga harakat qilganlarining guvohi boʻlamiz.

Markaziy Osiyo xalqlarining ilmiy merosi umumjahon falsafasi tarixida oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan. Ushbu xalqlar falsafasi Hindiston, Xitoy, Misr, Yunoniston falsafasi kabi qadimiyligi bilan emas, balki oʻz taraqqiyoti yoʻlida jahon xalqlari maʼnaviyatiga kuchli taʼsir etgan jamiyat ideosferasidagi gʻoyalar evolyutsiyasidan iboratligi bilan ajralib turadi.

IX-XII asrlar Markaziy Osiyoda, jumladan hozirgi Oʻzbekiston zaminida yashagan xalqlar hayotida ijtimoiy-siyosiy hamda ilmiy madaniy voqealarga boy davrlardan biri hisoblangan [1]. Bu davrda diniy ilmlar sohalarida mintaqa shuhratini olamga tanitgan imom Buxoriy, imom Termiziy, Nizomulmulk kabi allomalar, dunyoviy ilmlar sohasida esa, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino hamda tasavvuf maʼnaviy-maʼrifiy taʼlimoti sohasida Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband va boshqa yirik mutafakkirlarning jamiyat taraqqiyoti rivojida jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlarning beqiyos oʻrni haqidagi qarashlari butun jahon ilmiy va falsafiy tafakkurining ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshdi.

Abu Nasr Forobiy (873-950) jahon ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixida “Sharq Aristoteli” (“Ikkinchi muallim”) degan unvonga sazovor boʻlgan mashhur qomusiy olim sifatida tanildi. Allomaning ijtimoiy-falsafiy qarashlarida jamiyatning yuksalish yoʻllari, axloqning shakllanishi, inson va jamiyatning oʻzaro munosabati, insoniylik, adolatparvarlik, taraqqiyot, buyuk jamiyat, komil inson kabi mavzularni ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etilgan.

Forobiy talqinicha, “…haqiqiy baxtga erishish maqsadida oʻzaro yordam qiluvchi kishilarni birlashtirgan shahar – fazilatli shahardir, baxtga erishish maqsadida birlashgan kishilar jamoasi – fazilatli jamoadir.

Baxtga erishish maqsadida oʻzaro yordam bergan xalq – fazilatli xalqdir. Shu tartibda barcha xalqlar baxtga erishish uchun bir-birlariga yordam bersalar, butun yer yuzi fazilatli boʻladi” [2].

Forobiy ijtimoiy yuksalishga va baxt-saodatga jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlar orqali, yaʼni ilm va maʼrifat asosida yuzaga keladigan aqliy va axloqiy fazilatlar orqali erishish mumkin degan xulosaga keladi.

Uygʻonish davrining buyuk qomusiy mutafakkirlaridan yana biri Abu Rayhon Beruniy (973-1048) hisoblanadi. Beruniy talqin etishicha, insonning eng oliy baxti bilishda, chunki u aqlga ega. Baxt ana shu nuqtai nazardan tushunilsagina jamiyatga tinchlik va farovonlik keltiradi. Uning “Hindiston” asarida shunday bir hikoya keltiriladi: “Bir kishi shogirdlari bilan birga tim qorongʻi kechada bir zarurat uchun yoʻlga chiqqan, yoʻl ustida tik turgan bir qoroltiga koʻzlari tushgan, uning haqiqatini bilishga kecha qorongʻusi toʻsqinlik qilgan, shunda haligi kishi shogirdlariga qarab birin-ketin ulardan u qoroltining nima ekanini soʻraganda, birinchisi, nima ekanini bilolmayman, degan; ikkinchisi, nima ekanini bilolmayman va bilishga qudratim ham yetmaydi, degan. Uchinchisi esa, bilishning foydasi yoʻq, chunki tong yorisa, u narsa maʼlum boʻladi qoʻyadi, agar qoʻrqinchli narsa boʻlsa, tong otishi bilan yoʻq boʻladi, agar qoʻrqinchli narsa boʻlmasa, uning ahvoli bizga ravshan boʻladi qoʻyadi, degan.

Demak, uch shogirdining maʼrifati qisqalik qildi. Birinchisi, ilmsizligi sababli, ikkinchisi, ojizligi va qurol-organiga ofat yetgani sababli, uchinchisi, ishni keyinga qoʻyishi va ilmsizlikka rozi boʻlib turishi sababli maʼrifatda qisqalik koʻrsatdi. Ammo toʻrtinchisi aniq bilmasdan turib javob bermaydi, oʻsha qoroltinni moʻljallab yaqin borganida bir-biriga chirmashib oʻralashib ketgan qovoq palagini koʻrdi. Shunda u shogird tirik va ixtiyori oʻzida boʻlgan insonning oʻsha chirmashgan narsa maʼlum boʻlgunicha turgan joyida qolmasligini tushundi va u qoroltining jonsiz narsa ekanini aniqladi. Bu shogird ustoziga aniq xabar keltirgan edi, ustozi huzurida maʼrifat qozondi” [3].

Yuqoridagi hikoya shundan dalolat beradiki, inson tabiatan yashirin narsalarni, tafsiloti nomaʼlum boʻlgan narsalarni bilishga ehtiros bilan intiladi. Beruniyning jamiyat ideosferasining yangilanib borishida mehnatning, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyatning, inson omilining roli va ahamiyati beqiyos ekanligini taʼkidlaydi. Faylasuf olim jamiyat tadrijiy oʻzgarishlar orqali yuksalishi, unda adolat, insonparvarlik, zulmni bartaraf etish, tinchlik va inoqlik bosh mezon boʻlishi kerakligini uqtiradi.

Ibn Sino (980-1037) jahon xalqlari ijtimoiy-falsafiy fikrining buyuk namoyondasi, Sharqda “Shayx ur-rais” (olimlar boshligʻi) degan nom bilan shuhrat qozongan qomusiy olimi – mutafakkiridir [4]. U insoniyat tarixida nafaqat tabib sifatida tanildi, balki oʻz davrining buyuk faylasufi, oʻzidan keyingi davr ilm-fani, madaniyati rivojiga hissa qoʻshgan buyuk donishmand sifatida ham shuhrat topdi. Ibn Sinoning jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlar haqidagi qarashlarining nodir jihatlardan biri shunda ediki, alloma  qarashlarida oʻz davrining juda koʻplab ilgʻor konsepsiyalarini ifodalay oldi. U oʻz davri va undan oldingi yirik faylasuf olimlar qarashlaridagi jamiyat yuksalishida maʼnaviy oʻzgarishlar muhim omil ekanligini oʻrganib, ushbu qarashlarni ilm-fan anʼanalari orqali rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshdi.  Ibn Sino jamiyat va inson kamolotga erishishining birinchi asosini bilimlarga erishishda deb koʻrsatadi. Zero, ilm-fan borliq va insoniyat oldidagi hayotiy qonuniyatlarni ochib, aniqlik va yuksalishga yoʻnaltiruvchi yoʻl deb biladi. Bilim va maʼrifat yoʻliga chiqqan inson,  ushbu yoʻldagi toʻsiq va qiyinchiliklarni yengib oʻtishi lozimligini taʼkidlaydi.

Ibn Sino oʻz ilmiy merosi bilan insonlarning baxtli va farovon hayot kechirishlari uchun doim ilm-maʼrifatni egallash yoʻlidan borishlarini maslahat beradi: “Ey birodarlar! Odamlarning botiri mushkulotdan qoʻrqmaydi. Kamolot hosil qilishdan bosh tortgan kishi odamlarning eng qoʻrqogʻidir” [5]. Demak, maʼrifatli inson kuchli, oʻlimdan qoʻrqmaydigan, faqat jamiyat va insoniyat kamoloti uchun harakat qiladigan insonni nazarda tutadi.

Shunday qilib, Ibn Sinoning ilmiy-maʼnaviy merosidagi gʻoyalar nafaqat inson bilim va tafakkurining yuksalishiga, shuningdek, jamiyat va davlatning rivojlanishiga xizmat qildi. Bu ilmiy-falsafiy gʻoyalar hozir ham jamiyat ideosferasidagi ijobiy oʻzgarishlarga xizmat qilmoqda.

Nizomulmulk (1018-1092) oqilona va adolatli davlat boshqaruvi tufayli Malikshohning nomi tarixda qoldi. U adl va insofning buyuk meʼmori edi. Unining “Siyosatnoma” (“Siyar ul-muluk”) asarning asosiy gʻoyalari ham shundan iboratki, vazir Nizomulmulk shoh va hokimlarni adlu insofga, sulh va muruvvatga, davlatni oqilona boshqarib, qatʼiy qoida va tartib oʻrnatishga, amaldorlarni vijdonli, pok, halol va imonli boʻlishga, mamlakat obodonligi, uning ahli farovonligi, tinchligi va totuvligini taʼminlash uchun harakat qilishga daʼvat etadi: “…davlatu donish va ezgu rasmu odat yorugʻ shamga oʻxshaydi. Va odamlar shu yorugʻlikda yoʻllarini topib, qorongʻilikdan chiqadilar” [6].

Nizomulmulkning jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi ijtimoiy-siyosiy qarashlarida barkamol avlodni davlat va jamiyat ishlarida halollik va toʻgʻrilik, bunyodkorlik va maʼrifatparvarlik ruhida tarbiyalashda  muhim ahamiyatga ega.

Xullas, yuqorida koʻrib chiqqan jamiyat ideosferasidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi mutafakkirlarning qarashlari nafaqat Oʻrta Osiyo balki jahon xalqlari maʼnaviy yuksalish tarixining ajralmas qismiga aylangan. Ushbu gʻoyalar ijtimoiy muhit, inson munosabatlarini oʻrganish, mavjud olamni bilish va uni oʻzgartishga boʻlgan uzluksiz intilish jarayonida shakllanib, rivojlanib borganini va xalqlarning ilmiy tafakkurining oʻsib borishi, maʼnaviy yuksalib borishi, inson kelajagi haqidagi gʻoyalarni olgʻa surish va amalga oshirish uchun xizmat qilmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati

  1. Yusubov D.A. Saitxodjayev X.B. Mavlyanov A.A. Falsafa. –T., “Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi”, 2012. –B.64.
  2. Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri (Masʼul muharrir: M.Xayrullayev, M.Jakbarov). –T., “Yangi asr avlodi”, 2015. –B.288.
  3. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar II. (Masʼul muharrirlar: Gʻ.Jalolov, A.Irisov)–T., “Fan”, 1965. –B.77-78.
  4. Xayrullayev M. Oʻzbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan. –T., “Oʻzbekiston”, 1995. –B.59.
  5. Ibn Sino. Falsafiy qissalar (Irisov A.). –T., “Badiiy adabiyot nashriyoti”, 1963. –B.15
  6. Nizomulmulk. Siyosatnoma (“Siyar ul-muluk”) (Masʼul muharrir: Sharif Xolmurod). –T., “Yangi asr avlodi”, 2015. –B.21.

 

Bexruz TURDIYEV,
Buxoro davlat universiteti dotsenti
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …