Home / YANGILIKLAR / Katta Langar Qurʼoni sahifalari Jidda shahrida namoyish etiladi

Katta Langar Qurʼoni sahifalari Jidda shahrida namoyish etiladi

Shu yilning 23 yanvaridan 23 apreliga qadar Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Islom sanʼati boʻyicha birinchi koʻrgazma boʻlib oʻtadi.

Xalqaro tadbirda Oʻzbekistonning 17 ta eksponati namoyish etiladi. Islom olamining muhim qoʻlyozmalaridan biri boʻlgan VIII asrga oid Katta Langar Qurʼonining bir necha sahifasi, Imom Buxoriy qalamiga mansub “Al-Jomeʼ as-Sahih” hadislar toʻplamining XVII asrga oid qoʻlyozmasi, Samarqand va Afrosiyobning X-XII asrlarga oid sopol koʻza va kosalari, milliy liboslar, poyabzallar va boshqa noyob eksponatlar shular jumlasidandir.

Saudiya Arabistoni Madaniyat vazirligi va Diriy biyennale fondi hamkorligida tashkil etilayotgan koʻrgazmadan koʻzlangan maqsad oʻtmish, hozirgi kun va kelajakni bogʻlashdan iborat.

Koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi boshchiligidagi bir nechta tashkilot vakillari Oʻzbekiston tarixiy merosini ishtirokchilarga tanishtiradi.

Mazkur koʻrgazmaga qoʻyilgan 17 ta ashyo orasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi muzeyida saqlanayotgan eng qadimiy Musʼhaf qoʻlyozmalaridan biri boʻlgan Katta Langar Qurʼonining borligi diqqatga sazovor.

Islom sanʼati biyennalesida mazkur muborak Qurʼonning toʻrt sahifasi taqdim qilinib, ulardan ikkitasi jamoatchilik eʼtiboriga ilk marotaba havola etiladi.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda Luvr mutaxassislari tomonidan restavratsiya qilingan 13 ta sahifadan ikki varogʻi Luvr muzeyidagi koʻrgazmadagi namoyishi ham davom etmoqda.

Taʼkidlash joizki, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qurʼoni restavratsiya qilindi. Musʼhaf sahifalari taʼmiri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda, yaʼni 2019, 2020 va 2021 yillarda amalga oshirildi.

Jidda shahridagi Islom sanʼati koʻrgazmasi ushbu nodir madaniyat bilan bogʻliq loyihalarni namoyish etish imkonini beruvchi muhim xalqaro tadbirdir. Mamlakatimiz tomonidan namoyish etilayotgan eksponatlar jahon hamjamiyatining ularni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirishga qaratilgan.

Manba: muslim.uz

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …