Home / ALLOMALAR / TARIX SOYASIGA YASHIRINGAN OLIM

TARIX SOYASIGA YASHIRINGAN OLIM

Samarqand azal-azaldan ilm-maʼrifat oʻchogʻi sanalib, “Samarqandiy”  taxallusi ostida ijod etgan minglab olimlar, shoir va adiblarni oʻz bagʻrida tarbiyalagan muqaddas zamin hisoblanadi. Movarounnahr diyoriga islom dini kirib kelgach, bu oʻlkadan yetuk allomalar avlodi yetishib chiqib, ilm-maʼrifatda butun dunyoga peshqadam boʻldi va Ona zamin shaʼnini koʻklarga koʻtardi. Ularni nomma-nom sanab nihoyasiga yetib boʻlmaydi. Shunday olimlardan biri boʻlgan Abu Nasr Haddodiy as-Samarqandiyning ilmiy faoliyati va uni “Al-madxal fiy ilmit tafsir” asari haqida toʻxtalamiz.

Bu alloma haqida maʼlumotlar asosan arab tili manbalarida uchraydi. Imom Jazariy[1]ni “Gʻoyatun nihaya fiy tobaqotil qurro”,  Sofvan Adnon Dovudiy[2]ni tahqiqi ostida chop etilgan Haddodiyni “Al-muvaddih liʼilmil Qurʼan” va “Al-madxal fiy ilmit tafsir”, Valid Ahmad Husayn[3]ni “Al-mavsuatul muyassara fiyo tarojimi aimmatit tafsir” asarlari va yana bir necha manbalarni keltirish mumkin. Tilimizga doir adabiyotlarda esa bu borada juda kam maʼlumotlar uchraydi, faqat Shovosil Ziyodov, Qodirxon Mahmudovlarning “Samarqand allomalari” kitobi va Davron Maqsudovni “Tafsir ilmiga kirish”[4]nomli oʻquv qoʻllanmasini bunga misol qilib keltirish mumkin, lekin bu mualliflar ham alloma haqidagi maʼlumotlarni yuqoridagi manbalarning ayrimlariga tayanib keltirganlar.  

Olimning toʻliq ismi Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad abu Nasr as Samarqandiy boʻlib, Haddodiy tahallusi bilan tanilgan. Uni bu nom bilan atalishi temirchi boʻlganligi, yoki Haddoda qishlogʻida tugʻilganligi eʼtiboridandir[5]. Tarixchi olim Yoqut Hamaviyning keltirishicha, Haddoda –  hozirgi Eronning Ray viloyatidagi Domgʻon va Bastom oraligʻidagi katta bir qishloq nomi boʻlib, oʻsha davrda hojilar shu yerga toʻxtab oʻtganlar[6]. Yana bu nom bilan mashhur boʻlgan olimlardan – Muhammad ibn Ziyod al-Qumsiy al-Haddodiy, Muhammad ibn Xalaf al-Haddodiy al- muqriy boʻlib, undan  Doruqutniy rivoyat keltirgan. Shu oʻrinda alohida yana bir Haddodiy olim haqida toʻxtalib oʻtish lozim. U ham boʻlsa Muhammad ibn Husayn ibn Muhammad ibn Muso ibn Mehron al-Haddodiy al- Marvaziy boʻlib, Buxoro va boshqa shaharlarda qozi boʻlgan. U hanafiy faqihlaridan boʻlib, 388-hijriy sana Muharram oyida vafot etgan. Baʼzi qarashlarga koʻra bir yuz yetti yil umr koʻrgan[7].

U ham biz hayotini oʻrganayotgan haddodiy bilan hamasr boʻlgan va undan bir necha yillar avval vafot etgan . Biz toʻplagan manbalar ichida u ikkisi uchrashganligi haqida maʼlumotlar berilmagan. U Alloma oʻz davrida Samarqandning koʻzga koʻringan qorilaridan biri boʻlgan[8].

Abu Nasr Haddodiy tavallud sanasi borasida manbalarda aniq maʼlumot yoʻq, shunday boʻlsada, imom Jazariy Haddodiyni 360/971yillardan keyin Samarqand qorilari shayxi Abu Saʼid Jaʼfar ibn Muhammad Suxtiyoniyga Qurʼon oʻqib berganini keltirib oʻtgan[9]. Bundan u X asr oʻrtalarida tavallud topganini va birinchi Sharq renessansi olimlari davrida yashab, ijod etganini taxmin qilish mumkin.   

Ustozlari haqida soʻz ketganda shuni taʼkidlash kerakki, u ilmni faqat bir shayxdan olishga chegaralanmay, bir necha shayxlardan oladi. Bu esa koʻzga koʻringan olimlarni yoʻli boʻlib, ular asalari kabi lazzatli sharob va toza asal ijod etish uchun juda koʻp gullarga qoʻnadilar. Shunga koʻra u ham oʻz davrini koʻzga koʻringan olim va mutafakkirlaridan ilm olgan.

Shularda Abu Saʼid as Sirofiy al- Hasan ibn Abdulloh, Abu Hafs Umar ibn Ibrohim Kattoniy Bagʻdodiy (vaf 390/1000), Abu Bakr ibn Mahron Ahmad ibn Husayn Isfahoniy Nishopuriy (vaf 381/991), Abu Bakr Ahmad ibn Nasr ibn Mansur Shazoiy (vaf 373/984), Abu Yahyo Muhammad ibn Sulaymon Xayyot, Abu Saʼid Jaʼfar ibn Muhammad Suxtiyoniy, Abulqosim Zariyr Hibatulloh ibn Saloma Bagʻdodiy (vaf 401/1020) va Muhammad ibn Abbos Xazzoz Bagʻdodiylarin keltirish mumkin[10].

Haddodiy shu qadar buyuk va mashhur boʻlishiga qaramay, uning shogirdlari haqida mavjud manbalarda deyarli hech qanday maʼlumot uchramaydi. Bu uning shogirdi yoʻq ekanini bildirmaydi, balki ular “uning shogirdi” nomi ostida mashhur boʻlmagan boʻlishi mumkin. Shunga qaramay imom Jazariy uning katta oʻgʻli Nasr va kichik oʻgʻli Muhammad Neʼmatulloh unga Qurʼoni karimni oʻtkazishganini, hamda Huzali nomi bilan mashhur boʻlgan katta ustoz Yusuf ibn Aliy ibn Jabbora olimning toʻngʻich oʻgʻli Nasrga shogird boʻlganini zikr qilib oʻtadi[11].

Manbalarda allomaning vafoti haqida aniq maʼlumot keltirilmagan. Ibn Jazariy oʻzining “Gʻoyatunnihoya” asarida allomaning 400/1010 yildan keyin vafot qilganligi haqida maʼlumot keltirgan. Alloma 60 yil atrofida umr koʻrgan deb faraz qilsak boʻladi, chunki yuqorida keltirilganidek, u 360/971 yilda Samarqandda Suxtiyoniydan qiroat ilmidan tahsil olgan. Shunga koʻra, uni oʻsha vaqtda 15 yoshda boʻlgan deb faraz qilsak, 400/1010 yilgacha yashagan boʻlsa 55 ga kirgan boʻladi. Undan keyin ham ozroq umr kechirgan boʻlsa, 405-410/1015-1020 yillar atrofida vafot qilgan[12].

Allomaning asosan uch asari zikr etiladi:

  1. “Al- muvaddih fiy ilmit tafsiri kitabillahi taʼala” (Alloh taoloni kitobini tafsirini ravshanlashtirish);
  2. “Al-gʻunya fil qiroat” (Qiroatdagi behojatlik), afsuski, bu kitob bizgacha yetib kelmagan. Ibn Jazariy bu asarning juda qimmatli asar boʻlganligiga ishora qilgan;
  3. “Al-madxal liilmi tafsiri kitabillahi taala” (Alloh taoloning kitobini tafsir qilishga kirishish) asari boʻlib, biz quyida mana shu asar qoʻlyozmasi va mazmuni borasi toʻxtalib oʻtamiz.

Kitobni nusxasi: Darhaqiqat bu kitobni oʻrganish jarayonida yozilgan xatni eskirib ketishi sababli bir necha qiyinchiliklarga duch keldik. Bunga qoʻshimcha qilib kalima va sheʼrlardagi oʻzgartirishlarni keltirish mumkin va oʻzaro qiyosiy tahlil uchun bu kitobni boshqa nusxasini topa olmadik. Bu kitobni  Yer yuzida yolgʻiz nusxasi bor xolos. Biz umumiy kutubxonalardan va qoʻlyozma fondlaridan qidirib bundan boshqa nusxasini topa olmadik. U ham boʻlsa Irlandiya milliy kutubxonasidagi qoʻlyozma nusxasi boʻlib, undan ikkita foto nusxa amalga oshirilgan. Birinchisi Madinai munavvara islom universiteti kutubxonasi qoʻlyozmalar  va mikrofilm boʻlimida, ikkinchisi esa Makkai mukarrama ummul quro universiteti kutubxonasi qoʻlyozmalar va mikrofilm boʻlimida saqlanmoqda. Bu ikki nusxa ham Irlandiyadagi asliy nusxadan mikrofilm orqali suratga olingan. Nusxa oʻrta hajmda 123 varaqdan iborat boʻlib, har bir sahifada 19 qator bor. Uni yozib olgan kotib nomi bayon etilmagan. Tadqiqotlar qoʻlyozma  sakkizinchi hijriy asrga tegishli ekanini bildiradi[13].

Bu kitob Qurʼon ilmlari va tafsiri borasida taʼlif etilgan qimmatli asar hisoblanadi. Muallif uni Alloh taoloni kitobi boʻlmish “katta qasr”ga kirishni xohlagan kishi uchun kalit oʻlaroq taʼlif etgan, zero kalitsiz eshik ochilmaydi.

Muallifning oʻzi uni yozishga undagan sababni quyidagicha keltiradi:

  1. Kichik oʻgʻli Muhammadga va barcha musulmonlarga sovgʻa va tuhfa boʻlsin uchun;
  2. Mulhidlar (ateistlar) va shularga oʻxshaganlardan boʻlgan Qurʼoni karimga taʼna toshini otadiganlarga raddiya boʻlsin uchun.

Mazkur kitob mavzusi va muallifni bu kitob boʻyicha yoʻnalishiga toʻxtaladigan boʻlsak, asarning mavzusi uni nomidan shunday maʼlumdir, yaʼni tafsir ilmi va arab tili qoidalaridan unga bogʻliq jihatlar haqida ekanligi. Muallif kitobni bir necha boblarga, boblarni esa fasllarga boʻladi. Masalan “Fotiha” surasidan boshlab, unda sakkizta bob bor, deydi:

  1. Mubtado va uni xabari (ega kesim);
  2. Ismni masdarlikka koʻra nasb boʻlishi;
  3. Muxotab siygʻadan gʻoib siygʻaga oʻtilishi;
  4. Gʻoib siygʻadan muxotabga oʻtilish;
  5. Muzofni hazf qilib, oʻrniga muzofun ilayhni oʻrnatilishi;
  6. “La” kalimasini sila boʻlib kelishi;
  7. Badal va undan badal qilinganlar;
  8. “Qovlun” kalimasidan keyin keluvchilar.

Muallif bu boblardan har biri haqida toʻxtalib, shu qoidalarga doxil boʻlgan Qurʼon oyatlariga ham birdan kirishib ketadi, “Fotiha” surasida kelgani bilan chegaralanib qolmay, boshqa suralardagi unga bogʻliq oʻrinlarni ham keltirib, keyin bu mavzuga ikkinchi bor qaytmaydi. Keyin “Baqara” surasiga kirishib, “Fotiha” surasida kelmagan qoidalarni boblarga boʻlib, yuqoridagi kabi bayon qilib ketaveradi va hokazo.

Haddodiyni bu asari xususiyatlari borasida quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. Tushuntirish maqsadida mavzudan chetga chiqish;
  2. Qoidalarga Qurʼoni karimdan koʻplab dalil keltirish;
  3. Muallifning sheʼriyatdan yaxshi voqif ekanligi, ayniqsa johiliya davridagi sheʼrlarni yaxshi oʻzlashtirgani;
  4. Hadisi shariflardan grammatik qoidalar uchun kamroq dalil keltirishi;
  5. Oz oʻrinlarda boʻlsa ham kitob goʻzalligini ziynatlaydigan arab zarbi masallaridan foydalanishi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Haddodiyning hayot yoʻli va ijodi nihoyatda kam oʻrganilgan, hatto baʼzi tadqiqotchilar uning bu asarini unga tegishli emas, degan fikrni olgʻa suradilar. Shunga koʻra bu borada koʻp ilmiy izlanishlar olib borish, xususan u yashagan davr olimlari ijodidan unga taalluqli yangi maʼlumotlar axtarish, bizgacha yetib kelgan bu asarini esa har jihatdan puxta oʻrganish, oʻzbek tiliga izohli tarjima qilish, Qurʼonshunoslik va tafsir fanlariga tayanch manba sifatida foydalanish muhim vazifalardan hisoblanadi. Chunki bu manba Allohni kitobi Qurʼoni karimni birinchi navbatda toʻgʻri tushunish, toʻgʻri tafsir qilish va yetkazishda muhim ahamiyatga ega asarlardan hisoblanadi. Nafaqat mufassirlar, tarjimonlar va ilm ahllari uchun, balki Qurʼoni karimdan biror oyat borasida gapirmoqchi boʻlgan har bir kishi uchun oʻrganish lozim boʻlgan bebaho xazinadir. 

Foydalanilgan adabiyotlar

[1] Uning toʻliq ismi Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Aliy ibn Yusuf Jazariy boʻlib, (751-833/ 1350-1429m) yashab oʻtgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf uni Samarqandning sara ulamolari qatorida zikr qilgan.
[2] Uning toʻliq ismi Savon ibn Adnon ibn Hoshim ibn Muhammad Aliy Dovudiy boʻlib, 1960- yil Damashqda tugʻilgan, hozirda Madinai munavvarada istiqomat qiladi, yigirmadan ortiq kitob va tahqiqotlar muallifi.
[3] Uning toʻliq ismi Valid ibn Ahmad ibn solih ibn Muhammad Husayn abu Abdulloh Tamimiy boʻlib, 1964-yil Iroqning Zubayr shahrida tavallud topgan, yigirmadan ortiq kitob muallifi.  
[4] Davron Maqsudov. Tafsir ilmiga kirish.-Toshkent-2020.-B.154-155.
[5] Valid Ahmad Husayn. Al-mavsuatul muyassara fiy tarojimi aimmatit tafsir. 298-b.
[6] Shihobiddin abu Abdulloh Yoqut ibn Abdulloh Hamaviy. Muʼjamul buldon.-Bayrut: Dar Sodir.-J.2.-B.226.
[7] Muhyiddin abu Muhammad abdul Qodir ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Nasrulloh ibn Solim al-Hanafiy. Al-javahirul mudiyya fiy tabaqotil hanafiyya. Doktor Abdul fattoh Muhammad al-halu tahqiqi.-Riyod: Dar ihya kutub al-arbiyya, 1978-1988.-J.3. B. 144.
[8] Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Haddodiy Samarqandiy. Al-madxol liʼilmit tafsir. Sofvan Adnon Dovudiy tahqiqi.-Damashq: Dorul qalam, 1988.-B.17-18.
[9]Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Aliy ibn Yusuf Jazariy. Gʻoyatun nihoya fiy tobaqotil qurro.-Bayrut: Dar kutub ilmiyya, 2006.-J.1.-B.180.
[10] Shovosil Ziyodov, Qodirxon Mahmudov. Samarqand allomalari.-Samarqand-2017.-B.90-95.
[11] Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahhmad Haddodiy Samarqandiy. Al-madxol liʼilmit tafsir. Sofvan Adnon Dovudiy tahqiqi.-Damashq: Dorul qalam, 1988.-B.22.
[12] Shovosil Ziyodov, Qodirxon Mahmudov. Samarqand allomalari.-Samarqand-2017.-B.95.
[13] Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahhmad Haddodiy Samarqandiy. Al-madxol liʼilmit tafsir. Sofvan Adnon Dovudiy tahqiqi.-Damashq: Dorul qalam, 1988.-B.45.
Azizbek MAQSUDOV,
Tadqiqotchi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …