Home / YANGILIKLAR / Muzaffar Komilov: “Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi mushtarak munosabatlar har ikki davlatning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda”

Muzaffar Komilov: “Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi mushtarak munosabatlar har ikki davlatning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda”

Xabaringiz bor, ayni paytda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Haj va umra xizmatlari konferensiya-koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

Mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Safar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning “Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi mushtarak munosabatlar har ikki davlatning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda” nomli maqolasi Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Jumladan, maqolada Oʻzbekiston oʻzining tarixi va sivilizatsiyasi, arab va islom ilmlarini yoʻlga qoʻyishdagi ulkan ilmiy ahamiyati bilan Markaziy Osiyoning eng muhim davlatlaridan biri ekani taʼkidlangan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari haqida soʻz borgan.

“Oʻzbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilda oʻrnatilgan. 2022 yilda ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlandi.

Oʻtgan davrni hisobga oladigan boʻlsak, oʻzaro munosabatlar izchil rivojlanib borayotganiga guvoh boʻlamiz. Buning asosiy sababi har ikki davlatni bogʻlab turgan tarixiy, madaniy, maʼrifiy, ijtimoiy va diniy aloqalardir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan umumiy manfaatlarga erishishga asoslangan doʻstona tashqi siyosat samarasida Podshohlik bilan hamkorlik aloqalari, ayniqsa, keyingi olti yilda rivojlanib, yuksak bosqichga koʻtarildi”, deyiladi maqolada.

Shuningdek, muallif ikki davlat delegatsiyalarining yillar davomidagi aloqalarini alohida eʼtirof etadi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 2022 yil 17-18 avgust kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligiga rasmiy tashrifi ana shu munosabatlarning avj nuqtasi boʻlganini qayd etadi.

Xabaringiz bor, 2022 yilning 29-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzan Al-Rabiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Unda muqaddas qadamjolarga sayohatlar tashkil etish, jumladan, fuqarolarimizning Saudiya Arabistoni Podshohligida boʻlishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshma hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingandi. Maqolada mazkur tashrif haqida soʻz yuritilar ekan, Oʻzbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasi ikki baravarga koʻpaytirilib, 24 ming nafar hojiga, ziyoratchilar ulushini esa 100 ming nafarga yetkazish boʻyicha kelishuv imzolangani oʻzaro aloqalarning mushtarak ekanidan darak berishi qayd etiladi.

Akademiya rektorining mazkur maqolasi Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib, yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻldi.

Ayni paytda delegatsiya aʼzolarining xizmat safari davom etmoqda.

Manba: iiau.uz

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …